2-Mavzu. Sharqiy yevropa mamlakatlarida demokratik inqiloblar va sotsialistik lagerning parchalanishi
Sotsialistik tuzumning parchalanishi.
Sharqiy Yevropa mamlakatlarida sotsialistik tuzumning ag‘darilishi turlicha ko‘rinishda amalga oshirildi. Qayta qurish davrida faol islohotlar olib borgan, mafkuraviy plyuralizmni o‘rnata olgan va rahbarlari o‘zgarishlarning muqarrarligini his qilgan mamlakatlarda sotsializmning qulashi ancha silliq kechdi.
Ikkinchi jahon urushi Sharqiy Yevropa mamlakatlari uchun qanday natijalar bilan yakunlandi? |
Polshada aholining mamlakatdagi sotsialistik tuzumdan norozilik namoyishlari 1988-yildan boshlab kuchayib bordi va ular siyosiy islohotlarni, Lex Valensa boshchiligidagi «Birdamlik» kasaba uyushmasining erkin faoliyat yuritish huquqini talab qildi. 1989-yili bo‘lib o‘tgan saylovlar hukmron Polsha birlashgan ishchi partiyasining (PBIP) obro‘yi tushib ketganligi, ayni paytda, muxolifatdagi «Birdamlik» kasaba uyushmasining ommalashib borayotganini ko‘rsatdi. Yangi tarkibdagi parlament konstitutsiyaga o‘zgarish kiritib, Polshani demokratik huquqiy davlat deb e’lon qildi. PBIP o‘z faoliyatini to‘xtatdi. 1990-yili navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida Lex Valensa g‘alaba qozondi.
Ruminiyada kommunistik rejimning qulashi jiddiy harbiy to‘qnashuv oqibatida yuz berdi. 1989-yil dekabrda Timishoara shahrida aholining N. Chaushesku rejimiga qarshi tinch namoyishi Ruminiya maxfiy xizmati xodimlari tomonidan o‘qqa tutilishi mamlakat bo‘ylab qo‘zg‘olonning boshlanishiga olib keldi. Armiya qo‘zg‘olonchilar tomoniga o‘tdi. Bir necha ming kishilik olomon tank qismlari yordamida Davlat kengashini qamal qildi. Qo‘zg‘olon N. Chaushesku va uning rafiqasini sud qilish, sudning hukmiga ko‘ra otib tashlash jarayoni bilan tugadi. Qo‘zg‘olonda mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi. Hokimiyat qo‘zg‘olon kunlari tashkil qilingan Milliy qutqarish fronti qo‘liga o‘tdi. Qo‘mita raisi bo‘lgan Ion Iliyesku 1990-yilgi saylovlarda mamlakat prezidenti etib saylandi
1988-yildan Polshada … 1990-yilda …. 1989-yilda Polshada … PBIP – bu … |
Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng muhim voqealardan biri Germaniyaning birlashishi bo‘ldi. 1980-yillar oxirida Germaniya Demokratik Respublikasida ijtimoy-iqtisodiy va siyosiy inqiroz avj olib, 1989-yil noyabrda ikki nemis davlatini ajratib turgan Berlin devorining qulashiga olib keldi. Bu amalda ikki Germaniya o‘rtasidagi chegaraning ochilishi edi. 1990-yil sentyabr oyida Moskvada ikki nemis davlatini bitta – Germaniya Federativ Respublikasiga birlashtirish to‘g‘risida shartnoma imzolandi.
Sharqiy Yevropa mamlakatlari XX asr oxiri – XXI asr boshlarida.
Asosan tinch yo‘l bilan amalga oshirilgan demokratik inqiloblar natijasida Sharqiy Yevropa davlatlari rivojlanishning iqtisodiy va siyosiy yo‘nalishi qilib Yevropa Ittifoqini tanladi. Sharqiy Yevropaning ko‘pchilik davlatlari NATOga a’zo bo‘ldi. Bozor iqtisodiga jadal o‘tish bir qator jiddiy muammolarni keltirib chiqardi.
Inflyatsiya darajasi va ishsizlikning oshishi, turmush darajasining pasayishi, jamiyatning boylar va ko‘p sonli o‘ta kambag‘allarga ajralishi kuzatildi. Natijada, islohotlar uchun javobgar bo‘lgan hukumatlarni aholi qo‘llamay qo‘ydi. Polshada ijtimoiy muhitning o‘zgarishi natijasida 1990-yillarning eng mashhur siyosatchilaridan biri Lex Valensa prezidentlik saylovlarida mag‘lubiyatga uchradi. Kuchli mafkuraviy bosimga qaramasdan, so‘llar Litvada, keyinchalik Albaniyada hokimiyatga keldi.
O‘zgarishlar boshqa Yevropa mamlakatlaridagiga nisbatan Yugoslaviyada biroz murakkab kechdi. Oltita respublikadan tashkil topgan Yugoslaviya Federativ Respublikasida sotsialistik tuzumning qulashi millatchi va ayirmachi kuchlarning faollashuvi uchun imkoniyat yaratdi. Oqibatda 1991 – 1992-yillari Yugoslaviya davlati tarqalib ketdi. Faqat Serbiya va Chernogoriya federatsiyada qoldi. Sloveniya, Xorvatiya, Bosniya va Gersegovina hamda Makedoniya mustaqil davlatlarga aylandi. Biroq, mustaqil davlatlarga ajralish etnik ziddiyatlarni keskinlashtirib yubordi.
1989-yil noyabrda … 1990-yili Moskvada … 1991 – 1992-yillari … |
Yana bir og‘ir vaziyat Bosniya va Gersegovinada vujudga keldi. Bu yerda serblar, xorvatlar va musulmonlar tarixan qo‘shni yashashgan. Shu sababli etnik farqqa diniy ziddiyat ham qo‘shildi. Bosniya va Gersegovinada milliy ziddiyatlar alohida keskin tus oldi. Aholining yarmini tashkil qilgan serblar Yugoslaviya tarkibidan chiqishni istamadi va o‘zlarining Bosniya serb respublikasini e’lon qildi. 1992 – 1994-yillari serblar, musulmonlar va xorvatlar o‘rtasida harbiy mojaro boshlanib ketdi va bu tinch aholi orasida ham ko‘plab qurbonlarga olib keldi.
Bosniyadagi etnik mojarolarni bartaraf qilish uchun bu yerga BMT tinchliksevar kuchlari kiritildi va urush harakatlari to‘xtatildi. 2006-yili o‘tkazilgan referendum natijasiga ko‘ra, Chernogoriya Serbiyadan ajralib chiqdi. Yugoslaviya Respublikasi barham topdi.
Chexoslovakiya milliy muammolarni hal qilishning tinch yo‘lini tanladi. 1992-yili o‘tkazilgan referendum natijasiga ko‘ra, mamlakat aholisi bo‘linishga qaror qildi. Bo‘linish jarayoni jiddiy muhokama qilinib, puxta tayyorlandi. 1993-yil 1-yanvardan jahon xaritasida ikkita mustaqil davlat – Chexiya Respublikasi va Slovakiya Respublikasi paydo bo‘ldi.
Chexoslovakiyada milliy muammolarni hal qilish maqsadida 1992-yili referendum o‘tkazildi. 1999-yili NATO qo‘shinlari Yugoslaviyani bombardimon qildi. |
Sharqiy Yevropa mamlakatlarida yuz bergan voqealar sezilarli xalqaro siyosiy o‘zgarishlarga olib keldi. Bu mamlakatlarni endi G‘arbiy Yevropa davlatlarining iqtisodiy va harbiy-siyosiy tashkilotlari – avvalo YI va NATO o‘ziga jalb qildi. Vengriya, Latviya, Litva, Estoniya, Polsha, Sloveniya, Slovakiya va Chexiya, Ruminiya va Bolgariya YIga a’zo bo‘ldi. Bu mamlakatlarda demokratik an’analar mavjud bo‘lganligi va G‘arbiy Yevropa bilan umumiy sivilizatsiyaga mansubligi ularning rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlarida aholi yashash darajasining o‘sganligi jamiyatda demokratik islohotlarga ishonchni kuchaytirdi. Ammo bu mamlakatlarning ko‘pchiligida ishsizlik ancha yuqori, bir qism aholi G‘arbiy Yevropaning rivojlangan davlatlariga chiqib, ish izlashga majbur bo‘lmoqda. Shunga qaramasdan, Markaziy va Sharqiy Yevropa G‘arbiy Yevropa bilan iqtisodiy va madaniy tenglik sari dadil qadam tashlamoqda. Bu davlatlarning eng katta muammolaridan biri jamiyatda korrupsiya darajasining yuqoriligi bo‘lib qolmoqda.
Ko‘ppartiyaviylik prinsipi – bu zamonaviy demokratik mamlakatlarda siyosiy hayotni tashkil qilishning asosiy konstitutsiyaviy tamoyillaridan biri bo‘lib, mafkuraviy plyuralizm (ko‘pxillik)ning yorqin ifodalangan ko‘rinishidir. Etnik mojaro – odatda, bir-biri bilan qo‘shni yashaydigan turli etnik guruhga mansub jamoalar o‘rtasidagi to‘qnashuv. |
Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar
- Sharqiy Yevropa mamlakatlarida sotsialistik tuzumning parchalanishi qanday ko‘rinishlarda amalga oshirildi?
- Sharqiy Yevropa mamlakatlari NATOga a’zo bo‘lishda o‘z xavfsizligining kafolatidan tashqari yana qanday afzalliklarni ko‘rdilar?
- Sharqiy Yevropa mamlakatlarida sotsializm parchalangandan so‘ng qanday muammolar paydo bo‘ldi?
- Matndan foydalanib sotsializm parchalangandan so‘ng Sharqiy Yevropada vujudga kelgan yangi davlatlarning ro‘yxatini tuzing.
Mustaqil ish
Xaritadan foydalanib, Markaziy va Sharqiy Yevropa davlatlariga tegishli hududlarni maqomiga ko‘ra tasniflang va izoh bering. |
Matndan foydalanib, Sharqiy Yevropa mamlakatlarida demokratik o‘zgarishlar xronologiyasini tuzing. |
Maktab darsliklari, Ta‘lim
2-Mavzu. Sharqiy yevropa mamlakatlarida demokratik inqiloblar va sotsialistik lagerning parchalanishi