4-Mavzu. 1991 – 2017-yillarda Rossiya federatsiyasi
Iqtisodiy islohotlar
1991-yilgi avgust inqirozidan so‘ng Rossiyada asosiy lavozimlarga demokratik kuchlar vakillari emas, kommunistik partiya faollari keldi. Qayta qurish yillarida bu faollarning ko‘pchiligi kommunistik partiya bilan aloqalarini uzgan bo‘lsa-da, ularning islohotchilik imkoniyatlari cheklangan edi. B. Yelsin tomonidan Bosh vazir lavozimiga taklif qilingan Y. Gaydar Rossiyadagi islohotlarning «arxitektori» bo‘ldi.
«Qayta qurish» qanday sabablarga ko‘ra o‘zini oqlamadi? |
Islohotlar juda og‘ir kechdi. Milliy daromad va sanoat ishlab chiqarishi pasayib ketdi. 1992-yil 1-yanvardan erkin qo‘yib yuborilgan narxlar keskin ko‘tarildi. Ko‘pchilik oilalarda oziq-ovqat xarajatlari oila daromadining asosiy qismini tashkil qildi. Oqibatda urushdan keyingi davrda birinchi marta Rossiya aholisi kamaya boshladi.
Inflatsiya va siyosiy beqarorlik investitsiyalarning kirib kelishiga to‘sqinlik qildi. 1999-yilga kelib Rossiyaning tashqi qarzi 130 mlrd dollardan oshib ketdi. Xalqaro moliya tashkilotlari qarz bermay qo‘ydi. Mamlakatning iqtisodiy ahvoli ijtimoiy holatga ham ta’sir ko‘rsatdi. Ishsizlar, qochoqlar, qashshoqlar va boshpanasizlar soni keskin ko‘paydi.
1991-yilgi avgust … 1992-yil 1-yanvardan … Y. Gaydar … 1999-yilga kelib … |
Ichki siyosiy hayot
Siyosiy jabhada ham muhim o‘zgarishlar yuz berdi. 1991-yilgi avgust voqealari, SSSRning tarqalishi va «shok terapiyasi» jamiyatda ijtimoiy tanglikni oshirdi. Ish tashlashlar va siyosiy namoyishlar keng quloch yoydi. 1993-yili prezident B. Yelsin Xalq deputatlari syezdi va Oliy Sovetni tarqatib yubordi, davlat hokimiyatining yangi organlari – Federatsiya Kengashi va Davlat Dumasiga saylovlar hamda mamlakatning yangi konstitutsiyasi haqida referendum o‘tkazish to‘g‘risida farmonni imzoladi. Oliy Sovet rahbariyati va Konstitutsion sudning ko‘pchilik a’zolari prezident farmonini konstitutsiyaga xilof deb hisoblab, unga qarshi chiqdi.
Bunga javoban Oliy Sovet binosi qo‘shinlar tomonidan o‘rab olindi va artilleriyadan o‘qqa tutildi. 1993-yil dekabrda Federatsiya Kengashi va Davlat Dumasiga saylovlar bo‘lib o‘tdi. U birinchi marta partiyaviy ro‘yxat bo‘yicha o‘tkazildi. Saylov natijalariga ko‘ra, Davlat Dumasida «Rossiya yo‘li», LDPR (Rossiya liberal-demokratik partiyasi), KPRF (Rossiya Federatsiyasi kommunistik partiyasi) partiyalari eng ko‘p o‘rinlarni egalladi.
Ovoz berishda qatnashganlarning ko‘pchiligi prezident tomonidan taklif qilingan Rossiya Konstitutsiyasining loyihasini ma’qulladi. Yangi Asosiy qonun qabul qilinishi bilan hokimiyatning sovet tizimi barham topdi. Shunday qilib, Rossiyada XX asrning 90-yillarida amalga oshirilgan eng muhim siyosiy islohotlar sovetlardan qolgan hokimiyat tizimini buzish, uning o‘rnida zamonaviy va demokratik hokimiyat tizimini yaratish uchun harakatning boshlanishi bo‘ldi.
Millatlararo munosabatlar
Rossiya ko‘p millatli mamlakat. Shu sababli millatlararo munosabatlar Rossiya uchun doimo dolzarb bo‘lib kelgan. Ayniqsa, katta o‘zgarishlar davrida bu muammo birinchi o‘ringa chiqadi. SSSR tarqalgandan so‘ng og‘ir holat vujudga keldi. 1991-yil oxiri – 1992-yil boshlarida Tatariston, Boshqirdiston va Yoqutistondagi milliy harakatlar o‘zlarining syezdlarini o‘tkazib, ularda RSFSR tarkibidan chiqish masalasi qo‘yildi.
Chechen-Ingush Avtonom respublikasida Chechen xalqining umum milliy kongressi avtonomiyani Checheniston va Ingushetiyaga bo‘lishni, Chechenistonning RSFSR tarkibidan chiqishini bildirdi. 1992-yili Tatariston ham o‘z davlat mustaqilligini e’lon qildi.
Bularning hammasi markaziy hokimiyatni Federativ Shartnoma imzolanishini tezlashtirishga majbur qildi. Federativ Shartnoma 1992-yil mart oyida Tatariston va Chechenistondan tashqari barcha subyektlar tomonidan imzolandi. Markaz va mintaqalarning vakolatlari Rossiya Konstitutsiyasida ham o‘z aksini topdi.
1992-yili Tatariston o‘z davlat mustaqilligini e’lon qildi. 1999-yilga kelib, Rossiyaning tashqi qarzi 130 mlrd dollardan oshib ketdi. |
Tatariston prezidenti etib saylangan M. Shaymiyev voqealar rivojini o‘z qo‘liga olishga erishdi. Tatariston 1994-yilda federal hokimiyat bilan vakolatlarni taqsimlash to‘g‘risida shartnomani imzoladi. Checheniston markaz bilan har qanday shartnomalar tuzishni rad etish yo‘lidan bordi. U bilan munosabatlar fojiali xarakter kasb etdi. 1996-yili Checheniston bilan federal markaz o‘rtasida boshlangan urush 2000-yilgacha davom etdi. Bu urush Ikkinchi jahon urushidan so‘ng SSSR hududida yuz bergan eng katta harbiy to‘qnashuv bo‘ldi. Urush Rossiyaga bir necha mlrd dollar zarar yetkazdi, ikki tomondan 120 mingdan ortiq kishi qurbon bo‘ldi.
1990-yillardagi tashqi siyosat
SSSRning tarqalib ketishi Rossiya uchun jiddiy geosiyosiy o‘zgarishlarga olib keldi. Mamlakat Sharqiy va Markaziy Yevropadagi an’anaviy ittifoqchilaridan ayrildi, ular NATO bilan hamkorlik qila boshladilar. Boltiqbo‘yi va boshqa MDH mamlakatlarida milliy yetakchilarning hokimiyatga kelishi ularning ko‘pchiligi bilan Rossiya munosabatlarini murakkablashtirdi.
Qanday qilib bo‘lsa ham, G‘arb bilan munosabatlarni yaxshilash uchun qilingan harakatlar shunga olib keldiki, Rossiya asta-sekin xalqaro maydonda o‘zining mustaqil rolini yo‘qotib bordi. Yildan yilga oshib borayotgan Rossiyaning G‘arb davlatlariga iqtisodiy qaramligi ham mamlakat xavfsizligiga putur yetkazdi.
Rossiya XXI asrda
B. Yelsin 1999-yil dekabr oyida iste’foga chiqdi. Vaqtincha prezident lavozimini egallagan Vladimir Putin 2000-yil mart oyida bo‘lib o‘tgan saylovlarda Rossiya prezidenti etib saylandi.
1993-yil dekabrda … 1992-yil martda … 1996-yili … 2000-yil martda … |
V. Putin o‘zining kuchli davlat hokimiyati tarafdori ekanligini ko‘rsatdi. Yangi prezidentning dastlabki harakatlari jamiyat hayotida davlat hokimiyatining roli va obro‘yini mustahkamlashga qaratildi. Xalqaro maydonda ham Rossiyaning roli tiklanib bordi. 2008-yil avgust oyida Gruziya o‘zining tarkibiy qismi hisoblangan Janubiy Osetiya va Abxaziyada konstitutsion tartibni tiklash maqsadida bu hududlarni artilleriyadan bombardimon qilishni boshladi. Shundan so‘ng mojaroga Rossiya qo‘shinlari aralashib, Gruziya hududigacha bostirib kirdi.
Harbiy mojaro tezda yakunlandi. Ammo Rossiya – Gruziya munosabatlari keskin yomonlashdi. 2014-yil fevral oyida Ukrainada hokimiyat almashdi. Qrimda hokimiyatga kelgan rossiyaparastlar Kiyevdagi yangi hukumatni tan olmadi. 2014-yil 16-martda ular referendum o‘tkazib, uning natijasiga binoan Qrimning mustaqilligini e’lon qildi va Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kirish to‘g‘risida shartnoma imzoladi. Rossiyaning Ukrainaga nisbatan siyosatidagi yana bir muammoli jihat Ukrainaning sharqida, xususan, Donetsk va Lugansk viloyatlarida bo‘layotgan voqealar bilan bog‘liq.
Bu yerda ham Ukrainadagi hokimiyat almashinuvini tan olmagan bir guruh rusiyzabon yetakchilar tomonidan Donetsk va Lugansk Xalq respublikalari e’lon qilinib, o‘z armiyalarini shakllantirdi. Tashqi siyosatda Rossiya hal qilishi lozim bo‘lgan masalalardan biri Suriya muammosi bo‘ldi. Rossiyaning harbiy-kosmik kuchlari 2015-yil sentyabrdan boshlab Suriyadagi janglarda ishtirok etmoqda. Suriyada ISHID (Iroq va Shom islom davlati) va boshqa xalqaro terrorchi tashkilotlarga qarshi kurashda Rossiya bir qator yutuqlarga erishdi. Bu unga o‘zining geosiyosiy mavqeyini mustahkamlash imkonini berdi.
Shok terapiyasi – bu iqtisodiy nazariya, shuningdek, shu nazariyaga asoslangan keskin iqtisodiy islohotlar. |
Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar
- Rossiyada Y. Gaydar hukumati tomonidan amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar qanday natijalarga olib keldi?
- 1990-yillari Rossiyada amalga oshirilgan eng muhim siyosiy islohotning mohiyati nimadan iborat edi?
- Rossiyada 1990-yillari vujudga kelgan millatlararo tanglik qanday usullar bilan hal etildi?
- XXI asrda Rossiya tashqi siyosatda qanday muammolarni hal qilishga urinmoqda?
Mustaqil ish
Xaritaga asoslanib, SSSR parchalanganidan so‘nggi Rossiya Federatsiyasi hududini tahlil eting. |
Maktab darsliklari, Ta‘lim
4-Mavzu. 1991 – 2017-yillarda Rossiya federatsiyasi