8-Mavzu. 1991 – 2017 yillarda markaziy osiyo davlatlari
Markaziy Osiyo mamlakatlariga, odatda, O‘zbekistondan tashqari Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston kiradi.
Turkiston atamasi qachon paydo bo‘lgan? |
Qozog‘iston Respublikasi
1991-yil 16-dekabrda Qozog‘iston o‘z mustaqilligini e’lon qildi. Shu yili bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida Nursulton Nazarboyev Qozog‘istonning birinchi prezidenti etib saylandi. 1993-yil Qozog‘istonning yangi konstitutsiyasi qabul qilindi. Unda eng katta vakolatlar prezidentga berildi. Hukumat iqtisodiy islohotlarni boshlab yubordi. 1993-yil noyabrda milliy valuta – tenge muomalaga kiritildi. Shu yil dekabrda Qozog‘iston hukumati yirik neft konsernlari bilan Kaspiy dengizining shimoliy qismida qidiruv o‘tkazish to‘g‘risida kelishuv imzoladi. Yirik korxonalarni xususiylashtirish amalga oshirildi.
Shu yili parlament mamlakat poytaxtini Akmola shahriga ko‘chirish to‘g‘risida qaror qildi. U 1998-yildan «Ostona» deb ataladigan bo‘ldi. O‘tgan davrda Qozog‘iston iqtisodiyotining asosiy sohalari neft, gaz va metallurgiya bo‘lib qoldi. Aynan shu sohalarning hisobiga iqtisodiyotning boshqa sohalarida ham jadal o‘sishga erishildi.
2007-yil fevralda N. Nazarboyev prezidentning vakolat muddatini yetti yildan besh yilga o‘zgartirish, parlament deputatlari sonini oshirish tashabbusi bilan chiqdi. Bu MDH davlatlarida keng tarqalgan siyosiy texnologiya bo‘lib, konstitutsiyada bir kishining ikki muddatdan oshiq prezident bo‘lishiga qo‘yilgan taqiqni chetlab o‘tishning yo‘li bo‘lib qoldi. N. Nazarboyev ham konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishdan so‘ng prezidentlik saylovlarida yana o‘z nomzodini qo‘yish imkoniga ega bo‘ldi.
2010-yili Qozog‘istonning birinchi prezidenti – Elboshi to‘g‘risida qonun qabul qilindi. Ammo 2011-yili Mangistau viloyatida mehnat sharoiti va oylik maoshidan norozi bo‘lgan neft konlari ishchilarining mustaqillik davridagi eng yirik norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Janaozen shahridagi tartibsizliklarda 15 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab namoyishchilar qamoqqa olindi. 2015-yili bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida N. Nazarboyev g‘alaba qozondi.
Turkmaniston
1991-yil 26-oktabrda referendum o‘tkazilib, unda qatnashganlarning aksariyati Turkmaniston mustaqilligi uchun ovoz berdi. 1991-yil dekabrda mamlakat MDHga a’zo bo‘ldi. 1999-yildan Xalq Majlisi qaroriga ko‘ra Saparmurod Niyozov davlat boshlig‘i lavozimini umrbod egalladi. S. Niyozov hukumati muxolifatchi partiyalar faoliyatini taqiqladi. U «Turkman boshi» unvonini oldi. S. Niyozovning «Ruhnoma» nomli kitobi ommaviy axborot vositalarida keng targ‘ib qilinib, o‘quv yurtlarida o‘qitildi. S. Niyozov 2006-yili vafot etdi. Turkmaniston prezidenti etib Gurbanguli Berdimuhamedov saylandi.
Mustaqillik yillari avvalida Turkmaniston iqtisodiyoti chuqur inqirozda edi. 1998-yili YIM hajmi 1991-yilga nisbatan ikki marta kamayib ketdi. Mamlakatda oziq-ovqat tanqisligi yuz berdi, aholining yashash darajasi keskin tushib ketdi. Bir qator kundalik iste’mol mollarini fuqarolar o‘rtasida bepul tarqatish va xizmatlarni bepul ko‘rsatish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi ahvolni biroz yaxshiladi. Gaz qazib chiqarishning o‘sishi ham mamlakat iqtisodiga katta madad bo‘ldi.
2000-yillarning boshlaridan Turkmaniston inqirozdan chiqib oldi. Tabiiy boyliklar, birinchi o‘rinda tabiiy gazning juda katta zaxiralari ko‘plab mamlakatlar va transmilliy korporatsiyalarni o‘ziga jalb qilmoqda. Ammo so‘nggi yillarda jahonda uglevodorodlarga talabning pasayishi bilan Turkmaniston iqtisodiyotining o‘sish sur’atlari susaydi. 2015-yili mamlakatda boshlangan moliyaviy inqiroz 2016-yili yanada avjiga chiqdi. 2017-yil sentabr oyida Ashxobod shahrida Yopiq inshootlardagi V Osiyo o‘yinlari o‘tkazildi. Bu o‘yinlar Turkmanistonning sayyohlik salohiyatini oshirishga va chet el investitsiyalarining ko‘payishiga xizmat qilishi mumkin.
Tojikiston
1991-yil 9-sentabr kuni Tojikiston o‘z mustaqilligini e’lon qildi. Mustaqillikdan keyin mamlakatning turli mintaqalaridagi mahalliy elitalar o‘rtasida hokimiyat uchun kurash qizib ketdi. Bu kurash 1992-yildan 1997-yilgacha davom etgan fuqarolar urushiga olib keldi. Urushdan mamlakat juda katta iqtisodiy zarar ko‘rdi. 1994-yil 6-noyabrda Tojikiston konstitutsiyasi qabul qilindi va shu kuni o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida Imomali Rahmonov Tojikiston Prezidenti etib saylandi. Mamlakatda tinchlik o‘rnatilgandan so‘ng, hukumat Rossiya, Xitoy, Eron bilan hamkorlik qilib, mamlakat iqtisodiyotini tiklashga kirishdi. Tojikiston tog‘li o‘lka bo‘lganligi uchun uning gidroenergetika imkoniyatlari katta.
1992-yildan 1997-yilgacha … 1994-yil … 2000-yil … 2017-yil … |
Tojikiston 2000-yil Yevroosiyo iqtisodiy hamkorligini ta’sis qilish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. U Shanxay hamkorlik tashkilotiga, Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risida shartnoma tashkilotiga qo‘shildi. Tojikiston, Rossiya, Xitoy va Eron bilan hamkorlikda bir necha yirik investitsion loyihalarni amalga oshirishni boshladi.
Qirg‘iz Respublikasi
1991-yil 31-avgustda Qirg‘iziston o‘z mustaqilligini e’lon qildi. Shundan so‘ng demokratik jarayonlar yanada chuqurlashib bordi, umumxalq prezidentlik saylovlari o‘tkazilib, unda Asqar Akayev g‘olib chiqdi. U mamlakatda demokratik islohotlarni o‘tkazish, xalqaro tashkilotlar ko‘z o‘ngida Qirg‘iz Respublikasini demokratik mamlakatga aylantirish borasida ko‘p ishlarni amalga oshirdi. Ammo A. Akayev hokimiyatda turgan 15 yil ichida xalqning ahvoli yetarli darajada yaxshilanmadi. Jamiyatda norozilik va ijtimoiy tanglik ortib bordi.
A. Akayevni hokimiyatdan ag‘darib tashlagan 2005-yilgi «Lolalar inqilobi» juda tez va katta yo‘qotishlarsiz amalga oshirildi. Hokimiyatga kelgan Kurmanbek Bakiyev kuch ishlatar tizimlarga tayanib, jamiyatda shaxsiy hukmronligini mustahkamlashga, muxolifatni butunlay tugatishga harakat qildi. Ammo bu harakat uzoqqa bormadi. 2010-yili «Aprel inqilobi» deb atalgan ommaviy harakat natijasida K. Bakiyev hokimiyati ag‘darib tashlandi. U oila a’zolari bilan mamlakatdan qochib ketdi. Mamlakatda tartibni saqlash uchun Roza Otunbayeva boshchiligida muvaqqat hukumat tashkil qilindi.
1991-yil 16-dekabrda Qozog‘iston o‘z mustaqilligini e’lon qildi. 1991-yil 9-sentabr kuni Tojikiston o‘z mustaqilligini e’lon qildi. 1991-yil 31-avgustda Qirg‘iziston o‘z mustaqilligni e’lon qildi. |
Biroq, hokimiyatning kuchsizligidan foydalangan millatchi va ekstremistik kuchlar 2010-yil iyunda Janubiy Qirg‘izistonning O‘sh va Jalolobod shaharlarida bu yerdagi o‘zbek jamoalariga qarshi fitna uyushtirdi. 2011-yil oktabrda bo‘lib o‘tgan saylovlarda Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasi yetakchisi Almazbek Atambayev prezident etib saylandi. Mustaqillik yillarida Qirg‘iz Respublikasi og‘ir iqtisodiy inqirozni boshdan kechirdi. 1996-yili iqtisodiy barqarorlashuv jarayoni boshlandi. Bu davrda bozor iqtisodiga o‘tish uchun islohotlar o‘tkazilib, ular 2000-yillardan iqtisodiy o‘sishga olib keldi.
Asosiy sanoat korxonalari xususiylashtirildi, yerga xususiy mulkchilik joriy qilindi. Oltin va simob qazib olish keskin oshirildi. Qirg‘iziston oltin qazib chiqarishda MDHda Rossiya va O‘zbekistondan keyin uchinchi o‘ringa chiqdi. 2017-yil sentabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga, A. Atambayevning shu yil oktabrda O‘zbekistonga tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning keskin yaxshilanishiga olib keldi.
Qirg‘izistonda iqtisodiyotning o‘sishi jamiyatning ham barqarorlashuviga olib keldi. 2017-yil oktabrda o‘tkazilgan prezidentlik saylovlari natijasiga ko‘ra, hukmron sotsial-demokratik partiya vakili Sooronbay Jeenbekov g‘alaba qozondi. U 2017-yil dekabrda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelib, bir qator shartnomalarni imzoladi.
Siyosiy texnologiya – bu siyosiy faoliyatning ma’lum usullari bo‘lib, ulardan jamiyatning ongiga ta’sir o‘tkazish orqali ma’lum bir siyosiy maqsadga erishish uchun foydalaniladi. Transmilliy korporatsiya – bu bir nechta mamlakatlarda ishlab chiqarish bo‘limlariga ega bo‘lgan va faoliyatining asosini xalqaro biznes tashkil qiladigan kompaniya. |
Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar
- Mustaqillik yillarida Qozog‘iston iqtisodiyoti asosan qaysi sohalar hisobiga rivojlandi?
- G. Berdimuhamedov prezident etib saylangandan so‘ng Turkmanistonning ichki siyosatida qanday o‘zgarishlar yuz berdi?
- Tojikistonda fuqarolar urushi qanday oqibatlarga olib keldi?
- Nima uchun Qirg‘izistonda A. Akayev prezidentligi davri norozilik va inqilobga olib keldi?
Mustaqil ish
Internet vositasida «Turkiston – umumiy uyimiz» mavzusida esse yozing va sinfda kichik guruhlarda taqdimot o‘tkazing. |
Maktab darsliklari, Ta‘lim
8-Mavzu. 1991 – 2017 yillarda markaziy osiyo davlatlari