12-Mavzu. 1991 – 2017-yillarda Buyuk Britaniya
Buyuk Britaniya XX asr oxirida
1990-yili Buyuk Britaniya bosh vaziri etib saylangan Jon Meyjor siyosati M. Tetcher davridagi neokonservatizm kursini davom ettirishga, ayni paytda «tetcherizm»ning avtoritar boshqaruvga og‘ish hollaridan va boshqa qoldiqlaridan asta-sekin voz kechishga qaratilgan edi. Ammo uning ko‘plab saylovoldi va’dalari amalga oshmasdan qolib ketdi. Shunga qaramasdan, 1992-yil bahor oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari J. Meyjorning taktikasi to‘g‘riligini ko‘rsatdi. Konservatorlar partiyasi saylovlarda g‘olib bo‘ldi.
Buyuk Britaniyada M. Tetcher davrida qanday ishlar amalga oshirildi? |
XX asrning 90-yillari birinchi yarmida Buyuk Britaniya iqtisodiyoti uzoq muddatli retsessiya davrini boshdan kechirdi. Inflatsiya juda yuqorilab ketdi. Soliq tizimini isloh qilishga urinish muvaffaqiyat keltirmadi, aksincha, konservatorlar partiyasining obro‘yiga salbiy ta’sir qildi. 1990-yillarning ikkinchi yarmidan iqtisodiy o‘sishning boshlanishi ham konservatorlar partiyasining obro‘yini ko‘tarmadi. J. Meyjor «tetcherizm»dan qat’iy uzoqlashib, o‘zining mustaqil kursini ishlab chiqa olmadi.
Shunday holatda o‘zlariga yangi yetakchi va yangi mafkuraviy dasturni tanlagan Leyboristlar partiyasi 1997-yil may oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida g‘olib chiqdi. Partiya yetakchisi yosh Entoni Bler hukumat boshlig‘i bo‘ldi. Endi ular o‘zlarini «yangi leyboristlar» deb atadilar. E. Bler kabineti faoliyatining asosiy yo‘nalishi konstitutsion islohot bo‘ldi. E. Bler va uning safdoshlari fikricha, islohotlar Shotlandiya va Uelsga avtonomiya, Angliya mintaqalariga ko‘proq mustaqillik berishni, saylov haqidagi qonunni isloh qilishni, yuqori palatani qayta tashkil qilish va uning saylanishini joriy qilishni va boshqa bir qator tadbirlarni ko‘zda tutardi.
Ammo bu islohotlarni amalga oshirish ancha og‘ir kechdi. Faqat 1999-yilga kelib dastlabki yutuqlarga erishildi. Shotlandiya va Uels milliy assambleyalariga saylovlar o‘tkazildi. Tashqi siyosatda leyboristlar siyosati an’anaviyligicha qoldi. E. Bler hukumati tashqi siyosatdagi barcha masalalarda AQSHning eng yaqin hamkori bo‘ldi.
Buyuk Britaniya XXI asr boshlarida
XXI asr boshlarida Buyuk Britaniya G‘arbiy Yevropaning boshqa davlatlari singari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Mamlakatda favqulodda qulay holat vujudga keldi. Iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari yuqori, ishsizlik va inflatsiya esa so‘nggi o‘n yillar ichida eng past bo‘ldi. E. Bler hukumati ijtimoiy ehtiyojlar uchun davlat xarajatlarini oshirish siyosatini yuritdi, bu mablag‘larning katta qismi ish o‘rinlarini yaratishga sarflandi. Hukumat ishsizlikni ancha qisqartirishga erishdi.
Ammo ijtimoiy ta’minot sohasida hukumat bir qator qat’iy qadamlar qo‘yishga majbur bo‘ldi. Sog‘liqni saqlash davlat xizmati, pensiyalar va ommaviy ta’limga davlat xarajatlari qisqartirildi. Tashqi siyosatda Buyuk Britaniyaning 2003-yili Iroqqa qarshi koalitsiyada ishtiroki jamiyatda qizg‘in bahslarni keltirib chiqardi. Buyuk Britaniya ushbu «antiterror» koalitsiyada AQSHning asosiy ittifoqchisiga aylandi.
Ammo ko‘pchilik inglizlar bu urushga qarshi edi. Leyboristlarning so‘l qanoti ham urushga keskin qarshi chiqdi. E. Bler siyosatidan norozilik ramzi sifatida tashqi ishlar vaziri Robin Kuk iste’foga chiqdi. Shunga qaramasdan, 2005-yili bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida kichik farq bilan leyboristlar partiyasi g‘olib chiqdi. Natijada E. Bler uchinchi muddatga bosh vazir etib saylandi.
2005-yili bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida kichik farq bilan leyboristlar partiyasi g‘alaba qozondi. Buyuk Britaniya 2003-yili Iroqqa qarshi koalitsiyada ishtirok etdi. |
2005-yil Londonda to‘rtta terrorchilik akti amalga oshirildi, natijada o‘nlab kishilar halok bo‘ldi. Javobgarlikni «Al-Qoida» xalqaro terrorchilik tashkiloti o‘z zimmasiga oldi. 2006-yilgi Isroil-Livan urushi yakunlangandan so‘ng, AQSH ortidan Isroilning yonini olgan Britaniya bosh vaziri E. Blerning iste’fosi talab qilindi. E. Blerning muddatidan oldin iste’foga chiqishini ko‘pchilik britaniyaliklar ham qo‘llab-quvvatladi, ular bosh vazirning amerikaparast siyosatidan norozi edi.
2007-yil iyunda E. Bler iste’foga chiqdi. Leyboristlar partiyasining ichki saylovlarida partiyaning yangi yetakchisi va bosh vazir lavozimlarini Gordon Braun egalladi. G. Braun jahon iqtisodiyotining globallashuvi tarafdorlaridan edi. Tashqi savdoda proteksionizm siyosatiga qarshi chiqdi. Faoliyatining dastlabki davrida G. Braun bir qator tashabbuslar bilan chiqdi va ular jamoatchilik tomonidan ijobiy qabul qilindi.
2008-yili boshlangan jahon moliyaviy inqirozi sharoitida G. Braunning bank tizimini xonavayron bo‘lishdan saqlab qolishga, biznesni qo‘llab quvvatlashga qaratilgan qat’iy harakatlari uning obro‘yini oshirdi. Shunga qaramasdan, 2010-yili bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida konservatorlar partiyasi g‘alaba qozondi. Konservatorlar yetakchisi Devid Kemeron Buyuk Britaniya bosh vaziri lavozimini egalladi.
Jon Meyjor siyosati … Gordon Braun faoliyati … «Yangi leyboristlar» siyosatining ustuvor yo‘nalishi … |
D. Kemeron hukumatining davlat xarajatlarini tejash uchun qilgan bir qator harakatlari natijasida YIMga nisbatan budjet tanqisligi qisqardi. Shunga qaramasdan, bu muammo hamon dolzarbligicha qolmoqda. Bu davrdagi iqtisodiy qiyinchiliklar davlatning butunligiga ham raxna sola boshladi. 2014-yil sentabrda Shotlandiyada Buyuk Britaniyadan ajralib chiqish masalasida umumxalq referendumi o‘tkazilib, unda 45% aholi mustaqillik uchun ovoz berdi.
2015-yili bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida konservatorlar partiyasi yana g‘alaba qozondi. Saylovoldi kampaniyasi davrida bosh vazir D. Kemeron agar konservatorlar g‘alaba qozonsa, Buyuk Britaniyaning Yevroittifoqdan chiqishi masalasini ko‘tarishga va ushbu masala bo‘yicha referendum o‘tkazishga va’da berdi. 2016-yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan referendumda ishtirok etgan Buyuk Britaniya aholisining 50 % dan ortig‘i mamlakatning Yevropa Ittifoqidan chiqishi uchun ovoz berdi. Shundan so‘ng bosh vazir D. Kemeron iste’foga chiqdi. Buyuk Britaniya bosh vaziri lavozimini Tereza Mey egalladi.
XX asrning ikkinchi yarmida Buyuk Britaniya mustamlaka imperiyasi to‘liq tugatildi. Ammo Buyuk Britaniya uncha osonlik bilan bo‘lmasa-da, jahonda o‘zining siyosiy va iqtisodiy mavqeyini saqlab kelmoqda. 2016-yil Yevropa Ittifoqidan chiqish uchun ovoz bergan ko‘pchilik inglizlar ham buni mamlakat mustaqilligini qadrlashlari bilan izohladi. Nima bo‘lganda ham, Buyuk Britaniya XXI asrda jahon hamjamiyatining eng muhim a’zolaridan biri bo‘lib qolmoqda
Proteksionizm – ichki bozorni ma’lum cheklovlar (import va eksport boj to‘lovlari, subsidiyalar va boshqa tadbirlar) orqali chet el raqobatidan himoya qilishga qaratilgan siyosat. Taktika – bu ko‘zlangan maqsadga erishish uchun qo‘llaniladigan usul va vositalar yig‘indisi. |
Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar
- 1990-yillar oxirida konservatorlar partiyasining mag‘lubiyati sabablari nimada?
- E. Bler kabineti faoliyatining asosiy yo‘nalishi nimalardan iborat bo‘ldi?
- D. Kemeron kabinetining iste’foga chiqishining sabablari nimada edi?
- Buyuk Britaniyaning YI dan chiqishida nimalar asosiy omil bo‘ldi?
Mustaqil ish
Xaritadan foydalanib, bosh vazir E. Bler va uning safdoshlari mustaqillik berishni e’tirof etgan hududlarni toping va daftaringizga yozing. |
Maktab darsliklari, Ta‘lim
12-Mavzu. 1991 – 2017-yillarda Buyuk Britaniya