Nutqning sofligi

Nutqning sofligi

Содержание ( Открыть / Закрыть )
  1. Topshiriq
  2. 52-mashq
  3. 53-mashq
  4. 54-mashq
  5. 55-mashq

Topshiriq

Berilgan gaplarni o‘qing, nutqning sofligi sifatiga putur yetkazgan vositalarni aniqlang.

11-sinf Ona-tili darsligi MUNDARIJASIGA QAYTISH
  1. Sizlarnikidaqa situatsiyada har qanday bola ham bunday natijalarga erisholmaydi. (Jurnaldan)
  2. Viktorinaga qatnashish jarayonida bir g‘oya tug‘ildi. (Gazetadan)

Nutqning sofligi nutqning adabiy til va jamiyatdagi ma’naviy-axloq qoidalariga yot bo‘lgan unsurlardan xoliligi bilan belgilanadi. Kishi nutqining sofligi uning ma’naviy-ma’rifiy, lisoniy-madaniy saviyasini namoyon etadigan ko‘rsatkichlardan biridir. Adabiy nutqning sofligiga putur yetkazuvchi unsurlarning asosiylari quyidagilardan iborat.

  1. shevaga xos so‘z, ibora, grammatik shakllar, urg‘u va talaffuz;
  2. o‘rinsiz qo‘llangan chet so‘z va so‘z birikmalari (varvarizmlar);
  3. dag‘al, haqorat so‘z va iboralar (vulgarizmlar);
  4. «ishlamaydigan» yoki parazit so‘zlar;
  5. Idoraviy so’z va iboralar (kanselyarizmlar)

Nutq tuzuvchi o‘z nutqining sofligi haqida qayg‘urar ekan, albatta, mazkur unsurlarni qo‘llashdan tiyilishi lozim.

52-mashq

Gaplarda nutqning sofligiga ta’sir qilayotgan birliklarni aniqlang va ularga izoh bering.

  1. Hamqishloqlarning bu bolaga ichlari achir, xudo bergan birgina o‘g‘ilni shunchalik qiynab qo‘yganlari uchun orqavarotdan uning ota-onasini tanirdilar. (N. Abdiyeva)
  2. Qonun loyihasiga ko‘ra, energetik ichimliklarni o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarga realizatsiya qilish fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi mumkin. (Gazetadan)
  3. Maktabimizda yuqori sifatga ega «smart-class» tashkil qilindi. (M. Najmiddinova)
  4. Shundan buyon mundial saralashidagi omadsizlik termamizni tark etmayapti. (Gazetadan)
  5. Bu yerda esa overtaymlarsiz ish bitmadi: 2:2 ko‘rinishidagi durangdan so‘ng bolqonliklar hal qiluvchi golni urishdi. (Gazetadan)
  6. Bu nutq matbuotga chiqishiga qadar esa Messi o‘zi uchun odatiy shedevr gol urishga ulguradi. (Gazetadan)
  7. Tez orada hammaning og‘ziga tushgan 15 yoshli vunderkind bilan uchrashdi. (Gazetadan)

53-mashq

Matnni o‘qing. «Ishlamaydigan» yoki parazit so‘zlarning nutq sofligiga zarari haqida fikrlashing.
Tabiiyki, nutqqa olib kiriladigan har bir so‘z va ibora, albatta, «ishlashi», muayyan ma’noni ifodalash uchun xizmat qilishi lozim. Nutq tarkibiga olib kirilgan so‘z yoki ibora nutqning mazmuniy qurilishi uchun bir «g‘ishtcha» bo‘lmasa, u nutq uchun ortiqcha yuk, demakki, nutqning sofligiga xalaqit beradigan keraksiz unsurga aylanadi. Tilshunoslikda parazit so‘zlar deb ataladigan bunday birliklar ko‘proq og‘zaki nutqda kuzatiladi.

Aytilmoqchi bo‘lgan fikrni yetarli darajada aniq tasavvur qilmaslik, fikrlar o‘rtasidagi tizimli munosabat idrokining yetishmasligi, fikrning quyilib kelmasligi natijasida nutq oqimida yuzaga keladigan uzilishni, qanday bo‘lmasin, «yopish», tegishli uyg‘un ifodani o‘ylab topish uchun ketadigan vaqtda nutqning yaxlitligini ta’minlash ehtiyoji bilan bog‘liq holatda e-e-e, hm-m-m, he-ye-ye kabi tovush «oqim»lari qo’llaniladi. Xo‘-o‘-o‘sh, haligi, anaqa, masalan, demak, shu, innaykeyin, ya’ni, aytaylik, bildingizmi, tushundingizmi, men sizga aytsam, gap shundaki, qarang kabi lug‘atlarda aniq ma’nosi mavjud so‘z va iboralar ayni ma’nosidan begona qilingan tarzda qo‘llanadi.

Bunday qo‘llashlar bora-bora nutq tuzuvchida o‘ziga xos odatga aylanib qolishi ham mumkin, masalan, kimdir haligi, kimdir demak, yana boshqa birov bildingizmi so‘zini og‘zaki nutqida parazit so‘z sifatida doimiy ishlatadi. Aytish mumkinki, bunday so‘zlar u yoki bu notiqning so‘zlashuv uslubining o‘ziga xos ko‘rsatkichi bo‘lib qoladi (hatto bu «ko‘rsatkich» shaxsning laqabiga aylanib ketishi ham mumkin, masalan, «shu-shu» domla, «xo‘sh-xo‘sh» usta kabi).

Bu, albatta, nutqning sofligini izdan chiqaradi, nutqda ifodalangan informatsiyani qabul qiladigan tinglovchining diqqatini chalg‘itadi, nutqning o‘z maqsadiga erishishini qiyinlashtiradi. Shuning uchun ham, ayniqsa, o‘qituvchi va asosiy quroli so‘z bo‘lgan boshqa mutaxassislar parazit so‘zlarning o‘z nutqlariga kirib qolishidan saqlanishlari lozim. (N. Mahmudov)

54-mashq

Matnni o‘qing va qahramon nutqidagi shu so‘zining qanday ma’no tashiyotgani yoki tashimayotganini izohlang.
Xo‘jayin, shu, shu, desangiz. Shu… bizdi mashina dovonning naryog‘ida, shu, radiatori teshilib, shu, qolib ketibdi.
– Qanaqa mashina? – dedi hayron bo‘lib Mirvali.
– Hozir Toshkent tomondan, shu… kelayotgan, shu, bir «Jiguli» garajga kelib shundoq dedi.
– Qanaqa mashina, deb so‘rayapman.
– Shu… asalchining yukini Toshkentga, shu, olib ketgan mashina, shu…
– Nega menga aytasan, garaj mudiriga ayt.
– Shu, xotini to‘lg‘oq tutib, shu, kasalxonaga olib ketgandi.
– Bo‘pti, bosh mexanikka ayt.
Qorovul shu deb yana nimadir demoqchi edi, Mirvali qo‘l siltab, «ketaver» ishorasini qildi. (Said Ahmad)

Sh. Rahmatullayevning «O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati»dan olingan quyidagi iboralarning izohlarini esda tuting. Ular ishtirokida gaplar tuzing.
Soyasiga ko‘rpacha solmoq Izzat-hurmat qilishni me’yoridan o‘tkazib yubormoq. Varianti: soyasiga ko‘rpacha yozmoq; soyasiga ko‘rpacha to‘shamoq. O‘xshashi: boshiga ko‘tarmoq.
Tinkasi qurimoq Toliqmoq, darmonsizlanmoq. Varianti: tinka-madori qurimoq. Ma’nodoshi: holdan toymoq; holdan ketmoq.

  1. Nutqning sofligi nima va u qanday mezonlar bilan belgilanadi?
  2. Nutqning sofligiga putur yetkazadigan unsurlarni aytib bering.
  3. Nutqning sofligini buzuvchi «ishlamaydigan» so‘zlarga misollar keltiring.
  4. Idoraviy so‘z va iboralarni tavsiflang.

55-mashq

O‘zingiz yashayotgan hudud shevasiga mansub beshta so‘z toping, ularni adabiy tildagi muqobillari bilan birga yozing. Ular ishtirokida gaplar tuzing. Namuna: buvak (Farg‘ona shevasida) – chaqaloq.

Maktab darsliklari, Ta‘lim
Nutqning sofligi