Mantiqiylik va matn kompozitsiyasi
Topshiriq
Insho haqidagi fikrlaringizni bayon qiling. Inshoning tarkibiy tuzilishi, insho matnida fikrning mantiqiy izchillikdagi bayoni borasida bahslashing.
Nutq mantiqiyligining buzilishi matn sintaksisi sathida, ya’ni gaplarning o‘zaro mazmuniy-sintaktik bog‘lanishidagi kamchiliklar natijasida ham yuzaga keladi. Ma’lumki, matn tarkibidagi gaplar bir-biri bilan bog‘langan bo‘ladi, shunga ko‘ra bog‘li nutq tushunchasi mavjud. Matnda bog‘lilikning quyidagi uch jihatini farqlash maqsadga muvofiq:
1. Mazmuniy bog‘lilik. Bunday bog‘lilik abzas va mustaqil gaplarni bog‘lovchi leksik-grammatik vositalar (leksik takrorlar, ko‘rsatish, 3-shaxsdagi kishilik olmoshlari kabi)ning qo‘llanishi orqali namoyon bo‘ladi. 2. Mantiqiy bog‘lilik. Bunday bog‘lilik gaplar, abzaslar o‘rtasidagi mantiqiy munosabatlarning funksional-sintaktik vositalar (demak, shunday ekan, shunday qilib, bundan tashqari, xullas kabi kirish so‘zlar, yuqorida, quyida, endi, bundan keyin kabi so‘z va so‘z shakllari, va, hamda, ammo, lekin, biroq kabi bog‘lovchilar va sh. k.) orqali ifodalanishida namoyon bo‘ladi. 3. Kompozitsion bog‘lilik. Bunday bog‘lilik qayd etmoq lozimki, aniqki, ta’kidlamoq joizki, yuqorida aytib o‘tilgani kabi tarzidagi sintaktik qurilmalar yordamida ifodalanadi. |
Yaxlit matnning mantiqiyligini ta’minlashda matnning kompozitsion tuzilishini to‘g‘ri tashkil etish ham muhimdir. Bayon qilinayotgan fikr, mazmun tarkibida, tabiiyki, muayyan ketma-ketlik, aloqadorlik, bog‘liqlik, umuman, tizim mavjud. Mazmundagi ana shu tizim nutqiy ifodada ham o‘z aksini topmog‘i lozim. Mantig‘i sog‘lom matn «biri tog‘dan, biri bog‘dan» fikrlar «bo‘tqa»sidan iborat bo‘lmaydi. Shuning uchun matnda fikr rivojini aks ettiradigan aniq kompozitsiya bo‘lishi zarur.
Masalan, inshoning kompozitsion tuzilishi uch qismdan iborat bo‘ladi, ya’ni: kirish, asosiy qism va xulosa. Kirishda mavzu, uning ahamiyati, o‘rganilishi kabi masalalar bayon qilinadi, asosiy qismda aytilmoqchi bo‘lgan tegishli mazmun yoritiladi, xulosada esa bayon qilingan fikrlarga yakun yasaladi, «qissadan hissa» qilinadi. Shu tariqa fikr mantiqiy ifodalangan yaxlit matn yuzaga keladi. Badiiy nutqda mantiqiylikka qo‘yiladigan talablar tamoman o‘ziga xosdir. Albatta, bu badiiy adabiyotning obrazli tafakkur mahsuli ekanligi bilan aloqadordir.
Mantiqiylikning buzilishi badiiy nutqda o‘ziga xos tasvir usuli, obrazli ifoda, qisqasi, badiiy vosita vazifasini bajarishi mumkin. Xilma-xil alogizmlar (mantiqsizlik), g‘ayriodatiy birikmalar, jonlantirish va boshqa shu kabi qo‘llanishlar ijodkorning badiiy mahorati bilan matnning zaruriy unsurlariga aylanadi. Masalan, nobadiiy nutqda Ko‘plar og‘izlari bilan ham tinglardilar shaklidagi gap mantiqsiz hisoblanadi. Chunki tinglash uchun «qurol» og‘iz emas, balki quloqdir. Ammo Cho‘lponning «Kecha va kunduz» romanidan olingan ushbu parchada bu gap betakror badiiy obraz tasviriga aylangan:
O‘tirganlar bir seskanib oldilar. – Qanaqa pul, taqsir? – dedi Matxoliq amin. Hammaning ko‘zi uning og‘ziga tikilgan edi, undan keyin hamma birdaniga mingboshi tomonga burilib, uning og‘ziga osildilar. Ko‘plar og‘izlari bilan ham tinglardilar. Yozuvchi noxush va shum xabarni hayronlik va chorasizlik ichida og‘izlar ochilib qotgan ko‘yi eshitmoqning badiiy rasmini shu tarzda chizgan.
47-mashq.
«Otalar so‘zi» kitobidan olingan maqolani o‘qing. Undagi fikrning mantiqiy izchilligi va muntazam bayoni, bunda til vositalarining o‘zaro munosabatidagi tugallikka e’tibor qiling. O‘zingiz matn tuzganda, buni yodda tuting.
Ertagi borning ertasi bor
Xalqimiz shoir va donishdir, bebaho hikmatlar ijodkoridir. Ushbu durdonalar xazinasi jahon sivilizatsiyasiga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladir. Ha, o‘zbek xalqi butun dunyo ma’naviyat xazinasiga qo‘shgan hissasi bilan haqli ravishda faxrlanadi. Bizning ko‘pgina ertak va afsonalarimiz yer yuzining talaygina mamlakatlariga yetib borib, ularning ijod xazinasini boyitgan. Bu inkor etib bo‘lmas haqiqatni jahon tadqiqotchi olimlari allaqachon tan olganlar. Xo‘sh, xalqimizning chin qalbidan chiqib, teran tuyg‘ulari bilan sug‘orilgan bu durdonalarni nechog‘li bilamiz? Biz barkamol bo‘lishini xohlayotgan hozirgi yosh avlod ulardan yaxshi xabardormi?
Qadim zamonlarda uzun qish tunlari sandal – tancha tegrasida o‘tirib, bolalar ota-onalari, bobo va momolaridan ajoyib-u g‘aroyib ertaklar, afsona-yu rivoyat va naqllar tinglaganlar. Hikmat durdonalarini dillariga jo qilib, keng tafakkurli donishlar bo‘lib yetishganlar. Ota-bobolarimiz teran tafakkurining qaymog‘i – hikmatlardan kimiki xabarsiz ekan, ul kimsa ma’naviy jihatdan qashshoqlashib qolishi mumkin. Misollar keltiraylik: ertaklarning boshlanishi oldidan hamisha takrorlanadigan debocha nechun aytiladi? U qanday maqsad va g‘oyalarni olg‘a suradi? Shular xususida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
Ushbu kitobda ertaklarning ana shunday boshlamalari Nurmo tilidan g‘oyat qiziqarli talqin qilinadi. Chin insoniy fazilatlar – poklik, sofdillik, halollik, mehnatsevarlik, tadbirkorlik birla tejamkorlik, noz-ne’matlarning qadriga yetish, ahillik va inoqlik, mardlik va vatanparvarlik turli naqllar vositasida tarannum etiladi. Risoladagi hikmatlar donishmand ajdodlardan bo‘lg‘usi avlodlarga yetib kelgan bebaho armug‘ondir. Ilohim, ota-bobolar hikmati qalbingizga nur sochib, charog‘on qilgay, tafakkuringizni yanada teranlashtirgay, boyitgay, xonadoningizga baxt-u baraka olib kirgay
Ota-bobolar hikmati yosh bo‘g‘inga, kelgusi avlodga benihoya zarurdir. Kimki ushbu hikmatlarni o‘qib va uqib, anglab olsa, har tomonlama barkamol bo‘lgay! Ertaklar dunyosi sehrlarga to‘la, ajoyib va g‘aroyibdir. Ilohim, ertangiz ana shu ertaklar kabi ajoyib-u g‘aroyib, baxt-u baraka ila to‘liq bo‘lgay. Axir, ota-bobolarimiz bekorga aytmaganlar: «Ertagi borning ertasi bor!» (Y. Muqimov)
48-mashq
Berilgan matnni o‘qing. Matnning abzaslarga ajratilishiga e’tibor bering.
Mentalitet
Kunlarning birida Amerikada chiqadigan yirik gazetaning rahbari bilan hamsuhbat bo‘lib qoldik. U o‘zbeklar nima uchun mahallani bunchalik hurmat qilishini, nega mahalla to‘g‘risida maxsus Qonun qabul qilinganini so‘radi. Mahalla degani qanday tuzilma ekanini tushuntirib berishimni iltimos qildi.
– Men sizga mahallani tushuntirishga ojizman, janob, – dedim rostini aytib. – Uzr-ku, siz uni baribir tushunmaysiz. Buning uchun siz ham, men ham aybdor emasmiz. Hamma gap hayot tarzining qanday shakllanganida.
Tasavvur qiling. Sizlarda o‘n olti yashar bola otasi bilan ellik dollar talashib, sudga murojaat etsa-yu, g‘olib chiqib, otasini ming dollar jarima to‘lashga majbur qilsa, bu demokratiya tantanasi sanaladi. Bizlarda shunday hodisa yuz bersa, bunaqa bolani «oqpadar» deydilar va bir umr la’natlaydilar. Sizlarda bir qo‘shni ikkinchisidan «Kecha uyingizga qanday mehmon keldi?» deb so‘rasa, narigi qo‘shni ranjishi mumkin. Birovning uyiga kelgan mehmon bilan birovning nima ishi bor? Bizda birovnikiga mehmon kelsa, yon qo‘shnisi, albatta, xabar oladi. Iloji bo‘lsa, mehmonni o‘zinikiga taklif qilib, oldiga dasturxon yozadi. Bilib turibman, janob, mahalla degani nimaligini, baribir, tushuntirib berolmadim. Ammo bor gap – shu. (O‘. Hoshimov)
49-mashq
Demak, shunday ekan, shunday qilib, bundan tashqari, xullas kabilar kirish so‘zlar. Yuqorida, quyida, endi, bundan keyin kabi so‘z va so‘z shakllari, va, hamda, ammo, lekin, biroq kabilar bog‘lovchilar. Qayd etmoq lozimki, aniqki, ta’kidlamoq joizki, yuqorida aytib o‘tilgani kabi tarzidagi sintaktik qurilmalarni ishtirok ettirib matn tuzing, bu vositalarning matn kompozitsiyasidagi o‘rniga diqqat qiling.
50-mashq
«Qalam» matnini o‘qing. Undagi mantiqiylik sifati va kompozitsiya yaxlitligini tushuntirishga harakat qiling.
Ajdodlarimiz siyoh bilan yoziladigan qamish yoki savag‘ich qalamdan keng foydalanishgan. Bu mumtoz adabiyotimizda «xoma» deb tilga olinadi. Qalamning o‘q qalam, temir qalam, tosh qalam degan turlari bor. Mo‘yqalam tasviriy san’atda ishlatilsa, tosh qalam va temir qalamlardan qattiq jismlarni o‘yish, kesish, biror narsani tasvirlash, yog‘ochlarga gul solishda foydalanilgan. Qalamning takomil yo‘li insoniyatning ravnaq eta borishi bilan chambarchas bog‘liqdir. Bugungi madaniyatning ibtidosi qalamga borib taqaladi. Ilk qalam – tosh qalam. Hozir esa eng keng tarqalgan turi sterjenli ruchkadir.
Yo‘l-yo‘lakay bo‘lsa-da, tilimizning boyligini ko‘rsatish maqsadida «qalam» so‘zining ko‘chma ma’nolariga to‘xtalib, bir necha misol keltiramiz. Masalan, «qalam ahli» – yozuvchi va shoirlar, jurnalist va olimlar. «Qalami ojiz» – fikrini yaxshi ifodalay olmaydigan. «Qalami o‘tkir» – fikrini ta’sirchan qilib yoza oladigan. «Qalamqosh» yoki «qoshi qalamlar» – uncha egilmagan qop-qora, chiroyli qoshli suluv. (A. Ibrohimov)
Sh. Rahmatullayevning «O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati»dan olingan quyidagi iboralarning izohlarini esda tuting. Ular ishtirokida gaplar tuzing.
Podadan oldin chang chiqarmoq Ro‘yobga chiqishi aniq bo‘lmagan narsa haqida hovliqmalik bilan vaqtidan ilgari gapirib yurmoq. Varianti: podadan avval chang chiqarmoq. Ma’nodoshi: to‘ydan ilgari nog‘ora qoqmoq. Sirkasi suv ko‘tarmaydigan. Tanqidga mutlaqo chidamaydigan.
- Bog‘li nutq nima?
- Matn tarkibiy qismlarining mazmuniy bog‘liqligi deganda nima nazarda tutiladi?
- Demak, shunday ekan, yuqorida, quyida, va, hamda, ammo kabi funksional-sintaktik vositalar orqali matnning qaysi jihatlari namoyon bo‘ladi?
- Matnning kompozitsion bog‘liqligi qaysi sintaktik qurilmalar yordamida ta’minlanadi?
- Nutqning mantiqiylik sifati qaysi uslubda juda muhim ahamiyat kasb etadi?
- Matning abzaslarga noto‘g‘ri ajratilishi yoki alohida abzaslarning qo‘shib yuborilishi nutq mantiqiyligiga qanday ta’sir etadi?
51-mashq
«Men nechun sevaman O‘zbekistonni?» mavzusida insho yozing. Unda mazmuniy, mantiqiy va kompozitsion bog‘lilikni ko‘rsatadigan vositalarning ishtirokiga alohida diqqat qiling.
Maktab darsliklari, Ta‘lim
Mantiqiylik va matn kompozitsiyasi