Nutqning jo’yaliligi

Nutqning jo’yaliligi

Содержание ( Открыть / Закрыть )
  1. Topshiriq
  2. 71-mashq
  3. 72-mashq
  4. 73-mashq
  5. 74-mashq
  6. 75-mashq

Topshiriq

Kaykovusning «Qobusnoma» asaridan olingan parchani o‘qing. Gapni o‘z joyini topib gapirishning foydasi haqida fikrlashing.

11-sinf Ona-tili darsligi MUNDARIJASIGA QAYTISH

Tilingni yaxshi hunar bila o‘rgatg‘il va muloyim so‘zdin boshqa narsani odat qilmag‘il. Nedinkim, tilga har nechuk so‘zni o‘rgatsang, shuni aytur, so‘zni o‘z joyida ishlatg‘il, so‘z agar yaxshi bo‘lsa, ammo noo‘rin ishlatilsa, garchand u har nechuk yaxshi so‘z bo‘lsa ham yomon, nobop eshitilur. Shuning uchun behuda so‘zlamag‘ilki, foydasizdur. Bunday befoyda so‘z ziyon keltirur va har so‘zki undan hunar isi kelmasa, bunday so‘zni gapirmaslik lozim. Hakimlar debdurlar: «So‘z bir nash’adur, undan xumor paydo bo‘lur».

Nutq tuzishdan oldin bu nutqning jo‘yasini – munosib o‘rnini tasavvur qilish kerak. Har qanday nutq ifodalanmoqchi bo‘lgan axborotning mazmuni, tinglovchi yoki o‘quvchining yoshi, ijtimoiy
maqomi, nutqning yozma yoki og‘zaki ekanligi, nutq vaziyatiga to‘la mos kelishi zarur. Jo‘yalilik sifati shu asosda yuzaga keladi. Til vositalarini tanlashda shu jihatlar inobatga olinishi zarur. Masalan, yaqin kishisini yo‘qotgan odamning hissiy-ruhiy holati ma’lum.

Shunday odamdan ko‘ngil so‘rash, unga ta’ziya bildirish uchun tuziladigan nutqda «o‘lmoq» ma’nosini ifodalash uchun aynan o‘lmoq so‘zini tanlash o‘rinli emas, bu so‘z so‘zlovchi va tinglovchi muloqotidagi mantiqiy-axloqiy munosabat ruhiga mos emas. Bu mazmundagi nutqning jo‘yaliligini ta’minlash maqsadida mazkur so‘zning vafot etmoq, bo‘lmay qolmoq, o‘tib qolmoq, olamdan o‘tmoq, olamdan ko‘z yummoq, u dunyoga ketmoq kabi «yumshoqroq» muqobillari qo‘llanadi.

Kichkintoylar nutqida, masalan, Sog‘likda ko‘rishaylik! Omon bo‘lsak, albatta, ko‘rishamiz! kabi iboralar jo‘yalilik sifatidan mahrum bo‘ladi, chunki ular bola nutqi uchun mutlaqo xos emas. Bunday
jumlalar kattalar, keksalar nutqidagina mazkur sifatni ola biladi. Yoki Bolalarni tarbiyachi o‘z oldiga chaqirib, minnatdorchilik bildiradi gapida minnatdorchilik bildirmoq iborasi nojo‘ya qo‘llangan, shuning uchun bu nutqni jo‘yali deb bo‘lmaydi. Bog‘cha bolasi va tarbiyachi o‘rtasidagi yosh va maqom farqi mazkur iborani qo‘llashga monelik qiladi, bunday o‘rinda jo‘yalilik sifati rag‘batlantirmoq so‘zini ishlatishni taqozo etadi

71-mashq

Berilgan matnni o‘qing. Qaysi o‘rinda nutqning jo‘yaliligi buzilganini aniqlang.
– Kechirasiz, o‘zingizni tanishtirmadingiz.
– Asli farg‘onalikman. Ismim Kamola. Hozirda oilam bilan Toshkentda yashayman.
– O‘z tug‘ilgan joyingdan olisda yashashning ham azoblari bor…
– Albatta. O‘zga yurtda shoh bo‘lguncha, o‘z yurtingda gado bo‘l deganlari haq ekan. («Xonadon» gazetasi)

72-mashq

Berilgan gaplarda ajratib ko‘rsatilgan so‘zlar nutqning jo‘yalilik sifatini nima uchun buzayotganligi haqida fikrlaringizni bildiring.

  1. Nimalar qilyapsiz, ona?! – o‘g‘li yolvoruvchan ovoz bilan yaltoqlanib Tazkiraning oldida tiz cho‘kkan. (M. Nasibullin)
  2. Onamning jahllari battar qo‘zg‘ab, shang‘illagancha quloq-chakkamga shapaloq tushirdilar.
    (S. Ravshanov)
  3. Ertalab men maktabga, bobom esa harbiy komissariatga jo‘nab ketdik. O‘qishdan kelsam, oyim hali daladan qaytmabdilar. Bobom nimagadir xafa. – Keldingmi, do‘ndig‘im? – deb xomush jilmaydilar.
    (S. Ravshanov)
  4. «Tikuvchilik fabrikasida biroz ushlanib qoldim, shekilli, u shu orada, bu yerga qanday qilib kelib qoldi ekan!» deya uning chaqqonligiga rashkim keldi shu topda. (M. Nasibullin)

73-mashq

Parchani o‘qing. Bola, to‘rtinchi sinf o‘quvchisi tilidan qilingan hikoyada nutqning jo‘yalilik sifatiga salbiy ta’sir etgan so‘zlar ajratib ko‘rsatilgan, ularni tavsiflashga harakat qiling.
Negadir men Sirojni yoqtirardim. Beozor, dilkash, odamoxunligi uchunmi, bilmayman, haytovur, yaxshi ko‘rardim… Keyin bilsam, oyim borib, qo‘shni qishloqdan mulla Hamdamni chaqirib kelibdilar. Yuzlari qotmaroq, qo‘llari burushiq, yelkalari biroz chiqqan, soqollari oppoq mulla sipo kiyingan edi. Boshlarida salla. Oyim mullani «keling, keling» deb, uyga boshlab kirdilar. Mulla Hamdam yulg‘un hassasini devorga suyab qo‘ydi… Maktabdan kelib, endi tamaddi qilayotgan edim, darvoza taqilladi. Yugurib borib, ochdim. Uzun oq yaktak kiygan mulla Hamdam. (S. Ravshanov)

74-mashq

Parchani o‘qing. Unda qo‘llangan xush kelibsiz iborasining nutq sharoitiga muvofiq emasligi natijasida yuzaga kelgan jo‘yasizlikni tushuntiring.
– Ijrokom qalay? – deb so‘radi Yaxshiboyev. – Yangiroq latifalardan bormi?
– Bor-u, lekin kulgilimas, – dedi To‘pori. – Hozir u kishi shiorga ruju qo‘yganlar. Rayonda alvon ilinmagan go‘sha qolmadi hisob.
– Yaxshilari ham bordir?..
Kecha aytishdi, qabristonning tepasiga «Xush kelibsiz» deb yozilgan emish.
– Ahmoqmi u, uka? – dedi Yaxshiboyev kulgisini yig‘ishtirib. – Miyasi chayqalgani yo‘qmi, ishqilib? (Said Ahmad)

Sh. Rahmatullayevning «O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati»dan olingan quyidagi iboralarning izohlarini esda tuting. Ular ishtirokida gaplar tuzing.
yuragini yormoq I Qattiq cho‘chitib qo‘rqitmoq. Ma’nodoshi: o‘takasini yormoq. O‘xshashi: kayfini uchirmoq.
yuragini yormoq II Ichidagi istak yoki dardini aytmoq. Varianti: ko‘nglini yormoq.

  1. Nutqning jo‘yaliligi sifatini ta’minlashda nimalarni hisobga olish lozim?
  2. Jo‘yalilikni ta’minlashda sinonimlardan qanday foydalaniladi?
  3. Kattalar bilan gaplashganda, buyruq ohangi o‘rinli bo‘lishi mumkinmi?
  4. Jo‘yalilik va so‘z ma’nosining bo‘yog‘i haqida gapiring.
  5. Yoshi ulug‘larga murojaat shakllari haqida so‘zlang

75-mashq

Berilgan maqollarda ifodalangan g‘oyaning to‘g‘riligini misollar asosida tushuntirib, matn tuzing. Maqollarni yod oling.
Jo‘yali so‘z jo‘yasin topar,
Jo‘yasiz so‘z iyasin (egasin) topar.
Jo‘yaga tuya ham cho‘kadi.
O‘rinli so‘zga tuya cho‘kadi,
O‘rinsiz so‘zga hamma so‘kadi.
Suvni sep singar yerga,
So‘zni qil sig‘ar yerga.

Maktab darsliklari, Ta‘lim
Nutqning jo’yaliligi