Ifodalilik va kinoya

Ifodalilik va kinoya

Содержание ( Открыть / Закрыть )
  1. Topshiriq.
  2. 97-mashq
  3. 98-mashq
  4. 99-mashq
  5. 100-mashq
  6. 101-mashq
  7. 102-mashq

Topshiriq.

Berilgan ikki gapda qo‘llangan kichkina so‘zining ma’nolaridagi farqni izohlashga harakat qiling.

  1. Arava yakka qanotli kichkinagina bir eshik oldida to‘xtab, aravakash bola qamchi sopi bilan eshikni qoqqanda va ichkaridan bir kampirning ingichka va jonsiz ovozi «Kim u?» deb so‘raganda, odamlar bir uyquni urgan edilar. (Cho‘lpon)
  2. Ertasiga ellikboshi Qobil boboni boshlab qaynatasi – Egamberdi paxtafurushning oldiga olib bordi. Paxtafurush cholning holiga ko‘p achindi va yerini haydab olgani bitta emas, ikkita ho‘kiz berdi, lekin «kichkinagina» sharti bor. Bu shart kuzda ma’lum bo‘ladi… (Abdulla Qahhor)

Nutqning ifodaliligi, ta’sirchanligini oshirishda kinoya ham alohida o‘rin tutadi. Bunda so‘z yoki ibora o‘z ma’nosiga tamomila qarama-qarshi bo‘lgan ko‘chma ma’noda ishlatiladi. Kinoya so‘zlovchining tasvirlanayotgan narsa yoki tushunchaga kesatiqli, pichingli, istehzoli, umuman, subyektiv-kulgi aralash munosabatini ifodalash vositalaridan bo‘lganligi uchun ham so‘z yoki iboraning to‘g‘ri ma’nosiga zid, ya’ni inkor, emotsional-ekspressiv bo‘yoqli ma’no voqelanadi.

Bunday kinoyaviy ma’noning voqelanishida nutq vaziyati, kontekst va intonatsiya ham alohida rol o‘ynaydi. Masalan, Bugun jug‘rofiya o‘qituvchisi darsga kelmadi. Xomtok qilaman deb so‘ridan yiqilib, oyog‘ini sindiribdi. Ajoyib «xushxabar»dan keyin bir zumda sinf bo‘shadi-qoldi (Said Ahmad) parchasida xushxabar so‘zi «shumxabar» tarzidagi kinoyaviy ma’noda qo‘llangan. Kinoyada so‘z yoki iboraning tildagi ma’nosi bilan nutqda reallashgan ko‘chma ma’nosi o‘rtasidagi zidlik kuchli ta’kid oladi va shunga ko‘ra birdaniga diqqatni jalb etadi.

Kinoyaviy qo‘llangan so‘z yoki ibora og‘zaki nutqda o‘ziga xos, farqli intonatsiya bilan aytilsa, yozuvda ko‘pincha qo‘shtirnoq bilan ajratiladi.

97-mashq

N. Mahmudov va Y. Odilovning «O‘zbek tili enantiosemik so‘zlarining izohli lug‘ati»da tavsiflangan bir so‘zda namoyon bo‘lgan zid ma’nolarga diqqat qiling. O‘z ma’nosiga zid holda ishlatilgan nutqiy ko‘chma ma’no asosida voqelangan kinoyani izohlang.

Dono 1 Aqlli, har narsani biladigan: Donolar dunyoni demish ko‘pkari, Boqing, O‘zbekiston dadil ot soldi! (A. Oripov) 2 Aqlsiz, ko‘p narsani bilmaydigan: Ammo oyog‘ining ostidan narini ko‘rmaydigan, vaholanki, hayotdan faqat nuqson izlaydigan ayrim «dono» vaysaqilar, afsuski, bor. (O‘. Usmonov)

Kamtarin 1 Juda kamtar, xokisor: Kamtarin bo‘l, hatto bir qadam O‘tma g‘urur ostonasidan. Piyolani inson shuning-chun O‘par doim peshonasidan. (E. Vohidov) 2 Juda maqtanchoq: Agar Kesakpolvonni nazarda tutib, shunday desangiz, adashasiz. Chunki u «kamtarin» banda qudrat bobida o‘zidan oldin faqat Asadbekni ko‘radi. (Tohir Malik)

Xushbo‘ylik 1 Bir kun burun shovullab yog‘gan yomg‘ir va tong tarovati bois olam bag‘oyat chiroyli hamda tiniq, havo esa musaffo va xushbo‘y edi. Bu xushbo‘ylikni rasadxona ortidagi tog‘dan yelayotgan mayin shaboda olib kelardi. (Nabi Jaloliddin) 2 Qo‘lansa hidlilik, badbo‘ylik: Bulardan bir qadoq sovun olmoq uchun yo dimog‘ni ro‘mol bilan bog‘lash kerak, yoki burunni yeng ichiga olib turish kerak. Dunyodagi hidlar ichida sovun bozorining hididay «xushbo‘ylik» jahonda bo‘lmasa
kerak. (G‘afur G‘ulom)

Sharofat 1 Xosiyat, yaxshilik: Xolisan aytganda, shularning sharofati bilan qishda loyi, yozda tuprog‘i ko‘pchib yotadigan qo‘rg‘on ko‘chasi bir tekis qilib asfaltlandi, gaz quvuri keldi, kechalari chiroq o‘chib qolmaydigan bo‘ldi. (Erkin A’zam) 2 Kasofat, yomonlik, kasr: Sharif Vallomatning «sharofati» bilan ishdan ketib, tish kavagiga bekitganini ham yeb-yitirib, hattoki bir-ikkita gilamlarini ham sotib, shipshiydam uyda xotini-yu uchta bolasi bilan g‘arib bo‘lib o‘tirganini bilardi. (Murod Muhammad Do‘st)

Husnixat 1 Chiroyli yozuv: U kishi Ufa shahrida ta’lim olgan muallimani yollab onamni o‘qitgan ekanlar. Men oyimning pinjiga suqilib o‘tirib, husnixat mashq qilardim. (Said Ahmad) 2 Xunuk yozuv, badxat: Professor Mannopov vrachlarga xos «husnixat» bilan bloknotiga lotin alifbosida yozib qo‘ydi. (Said Ahmad)

98-mashq

Berilgan gaplarda kinoyaviy ma’noda qo‘llangan so‘zlarni aniqlang, ularning nutq ifodaliligini ta’minlashdagi ishtirokini izohlang.

  1. Sen!.. – Toshbolta unga ham ikki og‘iz «shirin» gaplaridan aytmoqchi edi, qizining ko‘zlariga ko‘zi tushib, shashtidan qaytdi. (Tohir Malik)
  2. Maxdum o‘zining chekkan tashvishida haqli bo‘lib chiqdi. Anvarning tevaragida «xolis» maslahatgo‘ylar ham ko‘rinishib qoldilar. (Abdulla Qodiriy)
  3. «O‘ttiz ikki tangadan soliq yig‘, emish… Bizning xalqni yer yutsin. Azizbekning tulkiligiga uchdi-da, uning kechagi zulmlarini unutdi, yetmish kunlab bir zamon jon berib, jon olib, nihoyat, xizmat haqqi
    uchun o‘ttiz ikki tanga «mukofot», eng keyingi burda noningni ham ber!» (Abdulla Qodiriy)
  4. Xullas, podsho hazratlarining farmoniga muvofiq o‘n yetti yoshdan qirq yetti yoshgacha bo‘lgan yigitlar mardikorlikka olinishi kerak emish… Bunday «iltifot»ga viloyat boylari, mirshablar, mingboshilar panja orasidan qarasalar-da, bu aksar mehnat ahlining qonini qaynatib yubordi (J. Abdullaxonov)
  5. Ovutish lozim bo‘lib qolsa, bittasini emas, hammasini ikkita «shirin» so‘z bilan «ovutib» tashlayman. (A. Muqimov)

99-mashq

Matnni o‘qing. O‘z ma’nosiga zid holda qo‘llangan iboralar ma’nolarini izohlab, kinoya haqidagi fikrlaringizni yozma bayon qiling.

  1. Ichkari tomondan uzun malla to‘n, oq salla, sag‘ri kavush kiygan, qo‘llarida ming donalik tasbeh, ko‘zlariga surma tortgan, …mosh yegan xo‘rozday qizil yuzlaridan «nur yog‘ilib» turgan (o‘z da’volaricha) xast eshon tamannolik bilan yerni «minnatdor bo‘lsang, bosaman», deb chiqib keldilar. (G‘afur G‘ulom)
  2. Hasancha bizning sinfdoshimiz edi. Kattalar uning otasini qancha «yaxshi ko‘rsa», biz ham Hasanchaga shunday edik… Birga o‘qib, yonma-yon birga yurgan odamingiz to‘satdan oldinga o‘tib nom qozonsa, kimga yoqibdi, ayting! (Erkin A’zam)

100-mashq

Berilgan gaplarni o‘qing. Ajratib ko‘rsatilgan so‘zlarning ma’nolariga diqqat qiling. Qaysi gaplarda so‘zlar kinoya bilan qo‘llanganligini tushuntiring.

  1. Ombor hovlisi birpasda qiy-chuv bo‘lib ketdi. Qayoqdandir Mirvosiq paydo bo‘lib qoldi. – yashang, ota! – dedi u. – Anchadan beri qo‘lga tushirolmay yuruvdik. (O‘. Umarbekov)
  2. Yashang-e! Kalkulyator olib hisoblab ko‘rsangiz ham bo‘lardi, hisobchi xonim! Nima gap so‘rasa, bahonangiz tap-tayyor-a! (Erkin A’zam)
  3. Kampir juda dono xotin edi. Bolalarim haftada bir marta xabar olishsa, yetti kun uyim to‘ladi deb, qadrdon uyidan jilmasdi. (Said Ahmad)
  4. Voy dono-ye! O‘zing-ku bir institutni o‘n yilda zo‘rg‘a bitirding, endi odam qatoriga kirib, boshqalarga aql o‘rgatadigan bo‘lib qoldingmi?! (Ahmad A’zam)
  5. Shakuriy muallim bolaning burroligi, zakovatidan behad quvondi. (Nusrat Rahmat)
  6. Mulla Ostonaquldagi zehn burroligi yetti yilda ham «Haftiyak»dan nari o‘tishga yo‘l qo‘ymadi. (G‘afur G‘ulom)

101-mashq

Sifat turkumiga mansub bir necha so‘zni quyida berilganidek qarama-qarshi ma’nolarda qo‘llab gaplar tuzing.
Namuna: Sen yaxshisan, Men yomondirman, Sen borsanki, Men omondirman. (E. Vohidov) – Ja yaxshisan o‘zing ham, Yomonni yomonlama. Menga qara, ey odam, Zamonni yomonlama. (Iqbol Mirzo)

Sh. Rahmatullayevning «O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati»dan olingan quyidagi iboralarning izohlarini esda tuting. Ular ishtirokida gaplar tuzing.
Qo‘li kalta Imkoniyati cheklangan. Varianti: qo‘li qisqa. Zidi: qo‘li uzun, qo‘lini sovuq suvga urmaslik Qiyinroq jismoniy mehnatni mutlaqo qilmaslik. Varianti: qo‘lini sovuq suvga urdirmaslik.

  1. Kinoyaning yuzaga kelishi haqida gapiring.
  2. So‘zning o‘z va ko‘chma ma’nolari haqida so‘zlang.
  3. Iborani kinoyaviy qo‘llashga misollar keltiring.
  4. Kinoyaviy qo‘llangan so‘z yozma nutqda qanday ajratilishi mumkin?
  5. Og‘zaki nutqda kinoyaviy qo‘llangan so‘zning talaffuzini tushuntiring.

102-mashq

Biron badiiy asardan kinoyaviy qo‘llangan so‘z va iboralarga misollar toping. Ularni gap ichida daftaringizga ko‘chirib yozing.

Maktab darsliklari, Ta‘lim
Ifodalilik va kinoya