Said Ahmad (1920–2007)
Said Ahmad (1920–2007)
DO`STLARGA ULASHING:
Oʻzbek nasrining peshqadam arboblaridan biri Said Ahmad (Husanxoʻjayev) 1920 yili Toshkentning Samarqand darvoza mahallasida dunyoga keldi. 1939 yili oʻrta maktabni, 1941 yili esa oliy oʻquv yurtini tugatdi.
Said Ahmad dastlab “Mushtum” jurnalida, Oʻzbekiston radiokomitetida (1942–1943), hozirgi “Oʻzbekiston ovozi” gazetasida (1942–1947), “Sharq yulduzi” jurnalida (1948–1950) ishlagan. Uning birinchi hikoyalar toʻplami “Tortiq” 1940 yilda nashr etiladi. Urush va urushdan keyingi yillarda Said Ahmad koʻplab felyeton, ocherk va hikoyalar yozgan. Uning “Er yurak” (1942), “Fargʻona hikoyalari” (1948), “Muhabbat” (1949) kabi toʻplamlari nashr etilgan. U “Xazina”, “Hayqiriq”, “Rahmat, azizlarim” kabi hikoyalarida Ikkinchi jahon urushining dahshatli oqibatlarini hayajonli tasvirlaydi, urush qahramonlarini ulugʻlaydi.
Adib hikoyalarida Oybekning psixologik tasvir mahorati, Gʻafur Gʻulom yumori, Abdulla Qahhor bayonidagi ixchamlik mujassamdir. U hikoyalarida tasvirlaydigan har bir voqeadan falsafiy umumlashma chiqarishga, voqealarni lirik taʼsirchanlik bilan ifodalashga, badiiy tasvirlarning xilma-xilligiga erishishga intiladi. “Choʻl burguti”, “Oʻrik domla”, “Lochin”, “Odam va boʻri”, “Boʻston”, “Toʻyboshi” kabi qator asarlari Said Ahmad ijodida ham, oʻzbek nasrida ham yangilik boʻlgan.
Said Ahmad kichik hajviy asarlari bilan oʻzbek radio va televideniyesidagi miniatyuralar teatriga asos soldi.
Adib hikoyalardan asta-sekin yirik polotnolar yaratishga oʻtdi. 1949 yilda chop etilgan “Qadrdon dalalar” va “Hukm” (1958) qissalaridan keyin yaratgan “Ufq” (1964) trilogiyasida urushdan oldingi va keyingi davr muammolari haqida bahs yuritadi. “Jimjitlik” (1988) romanida turgʻunlik davri illatlari fosh etiladi. Soʻnggi yillarda u Oybek, Gʻ. Gʻulom, A. Qahhor, M. Shayxzoda, Shuhrat, Mirtemir va S. Zunnunovalar haqida xotira-yodnomalar yozdi.
Said Ahmad dramaturg sifatida ham tanilgan. U “Kelinlar qoʻzgʻoloni”, “Kuyov” kabi sahna asarlarining muallifidir.
Said Ahmad ham 50-yillarda kechgan qatagʻon toʻlqiniga duchor boʻlgan, qamoq azoblarini tortgan ijodkordir. U “aksilshoʻraviy millatchilar guruhi aʼzosi, zararli gʻoyalar targʻibotchisi” sifatida ayblanib, Qozogʻistonning Qaragʻanda viloyati, Jezqazgʻan lagerida qamoqda boʻladi. Uning “Qorakoʻz majnun” (2002) hikoyalar toʻplami bu haqdagi achchiq haqiqatni roʻy-rost ifodalaydi.
Adibning “Yoʻqotganlarim va topganlarim”, uch jildlik “Saylanma”si, “Qorakoʻz majnun”, “Kiprikdagi tong” toʻplamiga kirgan bir qator qissa va hikoyalari istiqlol yillarida uning zavq-shavq bilan ijod etganidan shahodat beradi. Adibning koʻpgina asarlari qardosh va xorijiy tillarga tarjima qilingan.
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad bir qator davlat mukofotlari sohibidir. Xususan, mustaqillik yillarida u “Doʻstlik” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlandi. “Oʻzbekiston Qahramoni” degan yuksak unvonga ham sazovor boʻldi.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan.
Said Ahmad (1920–2007)