Usmon Nosir (1912–1944)

Usmon Nosir (1912–1944)

Usmon Nosir (1912–1944)

DO`STLARGA ULASHING:

30-yillarda koʻzga koʻringan va el ogʻziga tushgan isteʼdodli shoir Usmon Nosir 1912 yil 13 noyabrda Namangan shahrida dunyoga keldi. Yoshligi Qoʻqondagi bolalar uyida oʻtgan Usmon oʻrta maktabni bitirgach, 1931 yildan boshlab Alisher Navoiy nomidagi Samarqand Pedagogika akademiyasining til va adabiyot fakultetida Amin Umariy, Adham Hamdamlar bilan birgalikda tahsil oldi.

Usmon Nosirning ilk sheʼrlari maktabda oʻqib yurgan vaqtlaridayoq matbuotda koʻrina boshlagan edi. Shoirning “Quyosh bilan suhbat”, “Safarbar satrlar” (1932), “Traktorobod” (1934), “Yurak” (1935), “Mehrim” (1936) kabi sheʼriy toʻplamlari, “Norboʻta” va “Naxshon” dostonlari birin-ketish nashr qilindi. Uning “Norboʻta” (1932) asarida Oʻzbekistondagi fuqarolar urushi mavzui, “Naxshon”da qardosh arman xalqi farzandlarining ozodlik uchun intilishlari kuylangan boʻlsa, antiq dunyodagi qullar kurashi “Nil va Rim” kabi poetik asarlarida oʻz aksini topdi.

Usmon Nosir sheʼriyati, avvalo, hayotiyligi, jozibadorligi va isyonkorligi, ayni chogʻda, sodda va ravonligi bilan kitobxon qalbidan chuqur oʻrin olgan. Shundan boʻlsa kerak, shoir sheʼrlari hamon davralarda tez-tez yod aytiladi:

 

Yurak, sensan mening sozim,

Tilimni nayga joʻr etding,

Koʻzimga oyni berkitding,

Yurak, sensan ishqibozim.

Senga tor keldi bu koʻkrak,

Sevinchim toshdi qirgʻoqdan,

Tilim charchar, ajab gohi

Seni tarjima qilmoqdan.

 

Usmon Nosirning tarjima sohasidagi xizmati ham bebahodir. Uning tarjimasida A. Pushkinning “Boqchasaroy fontani”, M. Lermontovning “Demon” (“Iblis”) dostonlari oʻzbek kitobxonlari qalbiga yetib borgan.

Joʻshqin isteʼdod egasi Usmon Nosirning asarlari hamisha kishini hayajonga soladi. Usmon Nosir qatagʻon davrining qurbonlaridan biri sifatida yosh umrini shoʻro lagerlarida azob-uqubatda oʻtkazib, 1944 yili vafot etdi.

Usmon Nosir 1937 yilning 18 iyulida hibsga olinganda hali 25 yoshga toʻlmagan edi. Fojiani qarangki, buyuk isteʼdodning ayni ijodiy kamolotga koʻtarilgan bir davrida uni mustabid tuzumning qatagʻon siyosati ayamadi. Shoir bir sheʼrida:

 

Ming yillardan keyin ham

Unutmas meni bogʻim.

Sheʼrlarim yangrab qolur…

Bir umrga oʻlmayman, –

 

degan edi.

Chindan ham, uning nomi oʻlmas va oʻchmasdir. Uning nomidagi mahalla, koʻcha, maktab, madaniy-maʼrifiy oʻchoqlar shundan dalolatdir.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan.

Usmon Nosir (1912–1944)