Anvar Obidjon (1947)
Anvar Obidjon (1947)
DO`STLARGA ULASHING:
Ijodi oʻta serqirra esa-da, eng avvalo kichkintoylar adibi, bolalar olamining chinakam shaydosi sifatida dovrugʻ qozongan Anvar Obidjon 1947 yil 8 yanvarda (hujjat boʻyicha 25 yanvarda) Fargʻona viloyatining Oltiariq tumanidagi Poloson qishlogʻida tugʻilgan. Aytishlaricha, bu qishloqqa qadimda mashhur boʻlgan Bolosogʻun shahriga havas qilib nom berilgan, bora-bora, kishilar tilida Polosonga aylanib ketgan.
Yosh Anvar oʻz qishlogʻidagi 13-maktabning yettinchi-sakkizinchi sinflarida oʻqib yurganida chekka mahallalar aholisiga tekin xizmat koʻrsatuvchi sayyor kinochiga shogird tushib, kasb oʻrgandi, 9-sinfda Fargʻona shahridagi 11-maktabda kechki sinfda tahsil oldi, soʻng yana Oltiariqqa qaytib, 1-maktabning kechki sinfida oʻqish bilan birga, paxta tayyorlash zavod-punktida traktorchilik qildi. Maktabni bitirgach, togʻ orasiga joylashgan qirgʻizovul “Rudnik-kon”ida kon burgʻilovchisi boʻlib ishladi, Poloson qishloq ijroqoʻmi qoshidagi kutubxonani boshqardi, Samarqand Moliya texnikumini tugalladi, 1966–1969 yillarda harbiy xizmatni oʻtadi.
Armiyadan qaytib, avvaliga oʻz qishlogʻidagi kolxozda paxtachilik brigadasi tabelchi-hisobchisi, keyinchalik qoʻshni qishloqdagi kolxozda Grajdan mudofaasi shtabi boshligʻi, klub mudiri boʻlib ishladi. Tuman gazetasiga muxbirlikka oʻtgach, boshqatdan “Mehnat daftarchasi” ochdirib, hayotining koʻpdan orzulab yurgan yangi davrini top-toza sahifadan boshladi:
1971–1976 yillarda Oltiariq tumanidagi “Paxta uchun” gazetasida adabiy xodim, boʻlim mudiri.
1977–1978 yillarda Toshkent Yogʻ-moy kombinatida bogʻbon.
1979–1981 yillarda Fargʻona viloyati radiosida muharrir, katta muharrir.
1981–1986 yillarda Toshkentdagi “Yosh gvardiya” nashriyotida muharrir, bosh muharrir oʻrinbosari.
1986–1987 yillarda “Yulduzcha” (hozirgi Choʻlpon) nashriyoti bosh muharriri.
1987–1988 yillarda “Yosh kuch” jurnalining shtatsiz xodimi.
1988–1989 yillarda “Mushtum” jurnalida boʻlim mudiri.
1989–1998 yillarda Choʻlpon nashriyotida bosh muharrir, direktor.
1998–2007 yillarda Oʻzteleradiokompaniyada katta muharrir.
Anvar Obidjon 1974–1979 yillar davomida hozirgi Toshkent Milliy universitetining jurnalistika fakultetida sirtdan taʼlim oldi. U 1969 yilda turmush qurib, 1970 yilda Bahrom, 1972 yilda Bahodir, 1975 yilda Bobur, 1978 yilda Botir, 1980 yilda Bunyod ismli farzandlar koʻrdi. Mustaqillikkacha hukumat nishonlari, adabiy mukofotlar bilan taqdirlanmagan, 2014 yilda Koreyada oʻtkazilgan Markaziy Osiyo va koreys xalqlari ertakchiligi mavzusidagi toʻrt kunlik forumda ishtirok etganligini hisobga olmaganda, oʻzi fuqaro boʻlmish mamlakatdan tashqariga sayohatga chiqmagan.
Xilma-xil janrlarda ijod qiluvchi adib sifatida tanilgan Anvar Obidjon bolalar uchun ham, kattalar uchun ham qator qissalar, sheʼrlar, dostonlar, hikoyalar, pyesalar bitgan. Hozirga qadar (2016) quyidagi kitoblari nashr etildi:
“Ona Yer”. (Bolalarga sheʼrlar. Toshkent, “Yosh gvardiya” nashryoti, 1974 yil, 3 bosma taboq, 48 bet, qirq besh ming nusxa).
“Bahromning hikoyalari”. (Bolalarga sheʼrlar. Rangli. Tosh. “Yosh gvardiya” nashr. 1980 yil, 2 b/t, 32 bet, oʻn ming nusxa).
“Ey, Yorugʻ dunyo…” (Bolalarga qissa. Tosh. Gʻafur Gʻulom nashriyoti, 1983 yil, 5,5 b/t, 64 bet, oltmish ming nusxa).
“Olovjon va uning doʻstlari”. (Bolalarga qissa va hikoyalar. Tosh. “Yosh gvardiya” nashr. 1983 yil, 5 b/t, 112 bet, qirq ming nusxa).
“Alamazon i yego pexota”. (Bolalarga rus tilida qissa va hikoyalar. T. “Yosh gvardiya” nashr. 1984 yil, 5,5 b/t, 128 bet, oltmish ming nusxa).
“Bezgakshamol”. (Kattalarga hajviy gʻazallar. Tosh. Oʻz KP MK (hozirgi “Sharq”) nashriyoti, 1985 yil, 2 b/t, 40 bet, qirq toʻrt ming nusxa).
“Ketmagil”. (Kattalarga lirik sheʼrlar. Tosh. Gʻafur Gʻulom nashriyoti, 1985 yil, 3 b/t, 112 bet, besh ming nusxa).
“Masxaraboz bola”. (Bolalarga sheʼr va dostonlar. Tosh. “Yosh gvardiya” nashr. 1986 yil, 4 b/t, 128 bet, oʻn besh ming nusxa).
“Akang qaragʻay Gulmat”. (Kattalarga qissa, hangoma, hajviy gʻazallar. T. “Yosh gvardiya” nashr. 1987 yil, 10 b/t, 192 bet, qirq besh ming nusxa).
“Juda qiziq voqea”. (Bolalarga sheʼrlar, dostonlar. Tosh. “Yulduzcha” nashr. 1987 yil, 10 b/t, 224 bet, yigirma ming nusxa).
“Oltin yurakli Avtobola”. (Bolalarga qissa va hikoyalar. Tosh. “Yosh gvardiya” nashr. 1988 yil, 6 b/t, 144 bet, oltmish ming nusxa).
“Dahshatli Meshpolvon”. (Bolalarga qissa va pyesalar. Rangli. Tosh. “Yulduzcha” nashr. 1989 yil, 13 b/t, 224 bet, yetmish besh ming nusxa).
“Yerliklar”. (Kattalarga hajviyalar. Tosh. “Yosh gvardiya” nashr. 1990 yil, 10 b/t, 208 bet, oʻttiz ming nusxa).
“Grozniʼy Meshpalvan”. (Bolalarga rus tilida qissalar, hikoyalar. Tosh. Choʻlpon nashr. 1991 yil, 21 b/t, 336 bet, yetmish besh ming nusxa).
“Alamazon va Gulmat hangomasi”. (Kattalarga qissa, pyesa, hajviy gʻazallar. Tosh. Choʻlpon nashriyoti, 1992 yil, 18 b/t, 352 bet, oʻn ming nusxa).
“Ajoyibxona”. (Bolalarga taqvim. Rangli. Tosh. Choʻlpon nashriyoti, 1993 yil, 4 b/t, 32 bet, oʻn besh ming nusxa).
“Meshpolvonning janglari”. (Bolalarga qissa va doston. Tosh. Choʻlpon nashriyoti, 1994 yil, 10 b/t, 192 bet, oʻttiz ming nusxa).
“Alisher ila Husayn yoki uch dono va oʻgʻri”. (Bolalarga sheʼr va doston. T. Gʻ Gʻulom nashriyoti, 1996 yil, 3,5 b/t, 32 bet, besh ming nusxa).
“Bulbulning choʻpchaklari”. (Bolalarga hikoyalar, gʻazallar. Rangli. Lotin harfida. Tosh. “Sharq” nashriyoti, 2001 yil, 5,5 b/t, 48 bet, besh ming nusxa).
“Odobli boʻlish osonmi?” (Bolalarga hikoya. Rangli. Lotinda. Tosh. “UZINKOMSENTR” nashriyoti, 2001 yil, 0,5 b/t, 8 bet, ikki ming nusxa).
“Bezgakshamol – 2”. (Kattalarga hajviy gʻazallar. Tosh. “Sharq” nashryoti, 2003 yil, 3,5 b/t, 64 bet, besh ming nusxa).
“Oʻq oʻtmas bolakay”. (Bolalarga qissalar, hikoyalar. Lotinda. Tosh. “Sharq” nashriyoti, 2005 yil, 15 b/t, 256 bet, besh ming nusxa).
“Oʻgʻirlangan pahlavon”. (Bolalarga sheʼrlar, dostonlar. Lotinda. Tosh. Choʻlpon nashriyoti, 2006 yil, 10 b/t, 136 bet, uch ming nusxa).
“Tanlangan sheʼrlar”. (Kattalarga sheʼrlar. Lotin va kirill harflarida. Qalin muqova. Tosh. “Sharq” nashr. 2006 yil, 17 b/t, 360 bet, uch ming nusxa).
“Bahromning hikoyasi”. (Bolalarga sheʼr. Lotinda. “Oʻzing boʻya” turkumida suratli. Tosh. “Yangi asr avlodi” nashr. 2006 yil, 1 b /t, 8 bet, besh ming nusxa).
“Soliq nima?” (Bolalarga huquqiy-iqtisodiy mavzuda badiiy – publitsistik qoʻllanma. Rangli. Lotinda. Tosh. “Art Press” nashriyoti, 2008 yil, 4 b/t, 56 bet, uch ming nusxa).
“Meshpolvon”. (Bolalarga qissa. Lotinda. Tosh. Gʻafur Gʻulom nashriyoti, 2009 yil, 9 b/t, 152 bet, uch ming nusxa).
“Baloga qolgan futbolchi”. (Kattalarga hajviyalar. Qalin muqova. Tosh. “Sharq”nashriyoti, 2010 yil, 14 b/t, 288 bet, uch ming nusxa).
“Oʻq oʻtmas bolakay yoxud oltin yurak”. (Bolalarga qissalar va hikoyalar. Toʻldirilgan nashr. Lotinda. Qalin muqova. Tosh. “Sharq” nashriyoti, 2011 yil, 21 b/t, 400 bet, besh ming nusxa).
“Mushuk bibi miyovladi yoki jonivorlar bilan soʻzlashuv”. (Uy hayvonlari va parrandalari bilan tillashuv haqida kichkintoylar uchun yoʻriq. Lotinda. Rangli. Tosh. Gʻafur Gʻulom nashriyoti, 2012 yil, 2 b/t, 16 bet, uch ming nusxa).
“Mitti Baroq berar saboq”. (Bogʻcha bolalari uchun yoʻl harakati qoidalari haqida sheʼriy yoʻriqlar. Lotinda. Rangli. Toshkent, “Adib” nashriyoti, 2012 yil, 1,5 b/t, 24 bet, besh ming nusxa).
“Onamning mamlakati”. (Esse va sheʼrlar. Lotinda. Toshkent, Choʻlpon nashriyoti, 2013 yil, 1,0 b/t, 20 bet, besh yuz nusxa).
“Jajji-jajji kulchalar”. (Bolalarga sheʼrlar. Lotinda. Toshkent, “Oʻqituvchi” nashriyoti, 2013 yil, 6,5 b/t, 104 bet, besh ming nusxa).
“Meshpolvon jangga otlandi”. “KAMOLOT” KUTUBXONASI” turkumidan. (Bolalarga qissa va hikoya. Lotinda. Toshkent, “Yangi asr avlodi” nashriyoti, 2014 yil, 11,5 b/t, 216 bet, besh ming nusxa).
“0099 raqamli yolgʻonchi”. “FARZANDLARIMIZGA QIZIQ KITOBLAR” turkumidan. (Bolalarga qissa va hikoyalar. Lotinda. Toshkent, “Yangi asr avlodi” nashriyoti, 2014 yil, 7,1 b/t, 136 bet, besh ming nusxa).
“Kulgili tushlar”. “FARZANDLARIMIZGA QIZIQ KITOBLAR” turkumidan. (Bolalarga qissa va hikoyalar. Lotinda. Toshkent, “Yangi asr avlodi” nashriyoti, 2014 yil, 10,5 b/t, 200 bet, besh ming nusxa).
“Atrofimizdagi qiziqchilar”. FARZANDLARIMIZGA QIZIQ KITOBLAR” turkumidan. (Bolalarga qissa va hikoyalar. Lotinda. Toshkent, “Yangi asr avlodi” nashriyoti, 2014 yil, 9,45 b/t, 180 bet, besh ming nusxa).
“Alamazon va uning piyodalari”. “FARZANDLARIMIZGA QIZIQ KITOBLAR” turkumidan. (Bolalarga qissa va hikoya. Lotinda. Toshkent, “Yangi asr avlodi” nashriyoti, 2014 yil, 8,4 b/t, 160 bet, besh ming nusxa).
“Tanlangan sheʼrlar – 2”. (Kattalarga sheʼrlar. Lotin va kirill harflarida. Qalin muqova. Toshkent, “Sharq” nashriyoti, 2014 yil, 18,5 b/t, 352 bet, ikki ming nusxa).
“Mulla baqaloq”. (Bolalarga sheʼrlar. Lotinda. Rangli. Qalin muqova. Toshkent, “Akademnashr” nashriyoti, 2014 yil, 4,0 b/t, 64 bet, uch ming nusxa).
“Ajinasi bor yoʻllar”. (Turmush kechinmalari. Qalin muqova. Tosh. “Oʻzbekiston” nashriyoti, 2015 yil, 20,0 b/t, 432 bet, uch ming nusxa).
“Chudaki vokrug nas”. (Bolalarga qissa va hikoyalar. Rus tilida. T. “NISO POLIGRAF” nashriyoti, 2016 yil, 7 b/t, 136 bet, uch ming nusxa).
“Qizgʻanchiq futbolchilar”. (Bolalarga sheʼriy doston va ertaklar. Lotinda. Toshkent, “Oʻqituvchi” nashriyoti, 2016 yil, 7 b/t, 96 bet, besh ming nusxa).
“Kezargon Boychechak”. (Bolalarga qissa va hikoyalar. Lotin va kirill harflarida. T. Choʻlpon nashriyoti, 2016 yil, 9 b/t, 160 bet, uch yuz nusxa).
“Quyonning tugʻilgan kunida”. (Bolalarga sheʼrlar, rangli, lotinda, T. “Hilol-nashr” nashriyoti, 2016 yil, 1,5 b/t, 24 bet, besh ming nusxa).
Anvar Obidjonga 1998 yilda “Oʻzbekiston xalq shoiri” unvoni berilgan. “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni (2011), “Shuhrat” medali (1997) bilan taqdirlangan.
“Bolalar olamining shaydosi” (2017) kitobidan
Anvar Obidjon (1947)