Bahovuddin Naqshband (1318-1389)
Bahovuddin Naqshband (1318-1389)
DO`STLARGA ULASHING:
Markaziy Osiyoda XIV asrda paydo boʻlgan yana bir yirik tasavvufiy tariqat – “Naqshbandiya” tariqatidir. Bu tariqat Xoja Muhammad Bahovuddin Naqshband nomi bilan bogʻliqdir. Naqshband 1318 yilda Buxoro yonidagi Qasri Hinduyon qishlogʻida tugʻiladi (soʻngra Hazrati Naqshband sharofati bilan bu qishloq “Qasri Orifon” deb atala boshlagan). 1354 yilda vafot etgan mutasavvuf olim Xoja Muhammad Boboi Samosi Bahovuddin Naqshbandning Buxoro yonidagi Qasri Hinduyon qishlogʻida paydo boʻlishini oldindan bashorat qilgan ekan. Mazkur mutasavvuf donishmand yosh Bahovuddinni oʻziga oʻgʻil qilib oladi va har tomonlama uni tarbiya qiladi. Vafotidan oldin uni oʻz shogirdi Sayyid Mir Kulolga topshiradi. Shu zaylda yosh Bahovuddin oʻsha davrdagi atoqli mutasavvuf Sayyid Mir Kulol qaramogʻida taʼlim olgan.
Tasavvufning mashhur bilimdoni, atoqli sharqshunos Ye. E. Bertelsning yozishicha, Naqshband taʼlimotining asosida ixtiyoriy ravishdagi faqirlik yotadi… Shunga binoan, Bahovudsin Naqshband umri boʻyi dehqonchilik bilan kun kechirgan, oʻz qishlogʻida unchalik katta boʻlmagan yeriga bugʻdoy va mosh ekar ekan. U uyida hech qanday mol-dunyo va boylik saqlamagan. Qishda qamishlar ustida, yozda esa boʻyra ustida yotib kun kechirgan. Uning uyida hech qachon xizmatkor ham boʻlmagan. Hazrati Naqshband butun umrini oʻz xohishi bilan faqirlik va yoʻqsilliqda oʻtkazgan. Zero, bu tariqatning asl aqidasi – “Dil – ba yor-u, dast – ba kor” – yaʼni “doimo koʻngling Allohda boʻlsin, qoʻling esa ishda” degan gʻoyani ilgari suradi. U oʻz qoʻl kuchi bilan kun koʻrishni yoqtirgan, topgan-tutganlarini – yetim-yesirlarga, beva-bechoralarga inʼom etgan, hukmdorlardan doimo oʻzini yiroq tutgan, ular oldida hech qachon taʼmagirlik qilib yashamagan.
XV asrning koʻp olim-fozillari, davlat arboblari, sanʼatkorlari Naqshbandiya taʼlimotidan keng foydalandilar, unga oʻta ijobiy munosabatda boʻdsilar. Zahiriddin Muhammad Bobur (1483–1530) davrida, undan keyingi XVI – XVII asrlarda bu jarayon ancha tezlashadi. Naqshbandiya tariqati XVI asrda Xoja Muhammad al-Boqiy Kobuliy (vafoti 1605) Hindistonga borgandan soʻng Hind tuprogʻida ham bu avj oladi. Bu mashhur mutasavvuf olim Afgʻon va Hind yurtlarida Xoja Boqibillo nomi bilan mashhurdir. Uning shogirdi Xoja Ahmad Foruq Sirhindiy (1563–1624) esa Naqshbandiya taʼlimotining XVII asrda Hindistonda yoyilishida katta rol oʻynagan.
Xoja Bahovuddin Naqshbandni Markaziy Osiyo xalqlari juda yuksak qadrlaydilar. Xalqimiz ul Hazratga baland eʼtiqod qoʻyib, “Bahovuddin – balogardon!” deya uni behad eʼzozlaydi. Hozirgi mustaqil jumhuriyatimiz sharoitida “Yassaviya”, “Kubraviya”, “Naqshbandiya” kabi oʻlkamizda (Turkistonda) vujudga kelgan tariqatlar endi bizda ham har tomonlama chuqur oʻrganila boshlandi. Xoja Ahmad Yassaviy, Shayx Najmiddin Kubro va Xoja Bahovuddin Naqshband singari mutasavvuf donishmandlarning poklik, toʻgʻrilik, mehr-shafqat, adlu insof, imondorlik, mehnatsevarlik, vatanparvarlik kabi ilgʻor umumbashariy fikrlari davrimizga hamohang boʻlib, kelajak uchun xizmat qiladi. 1993 yilda Oʻzbekistonda Bahovuddin Naqshbandning 675 yilligi zoʻr tantanalar bilan oʻtkazildi, unga bagʻishlab qator asarlar nashr etildi, xalqaro ilmiy konferensiyalar boʻlib oʻtdi. Buxorodagi Naqshband nomi bilan bogʻliq boʻlgan yodgorliklar qaytadan tiklandi.
Bahovuddin Naqshband (1318-1389)