Miraziz Aʼzam (1936)

Miraziz Aʼzam (1936)

Miraziz Aʼzam (1936)

Mundarija скрыть
Miraziz Aʼzam (1936)
DO`STLARGA ULASHING:

DO`STLARGA ULASHING:

Miraziz Aʼzam 1936 yilning 29 martida Toshkentda Balandkoʻprik mahallasida ziyoli oilada tugʻildi.
Miraziz Aʼzam oʻquvchilik yillaridan sheʼrlar mashq qila boshladi. Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)da tahsil olarkan, Xenrix Xeyne, Pushkin, Yesenin singari jahon adabiyoti mumtoz vakillari ijodidan tarjimalar qildi, qurbi-salohiyatini charxladi. Sheʼrlari hozirgi “Turkiston” gazetasi va “Gulxan” jurnalida yoritila boshladi. Miraziz Aʼzam Oʻzbekiston teleradiokompaniyasida, “Gulxan” jurnalida, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasida (1996 yilga qadar) xizmat qildi.
Miraziz Aʼzam “Aqlli bolalar” (1969), “Senga nima boʻldi” (1970), “Gʻalati tush” (1972), “Yer aylanadi” (1973), “Yerga dovruq solamiz” (1976), “Bir choʻntak yongʻoq” (1990), “Qirq bolaga qirq savol” (2000), “Eng yorugʻ yulduzlar” (2002), “Saylanma” (2005) kabi majmualar, shuningdek, “Ming bir soʻzni bilaman” nomli bolalar uchun izohli-rasmli lugʻat kitobini (2016) nashr ettirdi. Uchta sheʼriy toʻplami rus tilida, va yana, bolalarga bagʻishlangan sheriy kitoblari ukrain, turkman, moʻgʻil tillarida chop etildi. Bir qator sheriy turkumlari belorus, moldavan, ozarbayjon, latish, turk, qozoq, qirgʻiz va boshqa tillarda eʼlon qilindi.
Kattalar uchun uning “Sevaman” (1977), “Tuygʻular” (1980), “Sabot” (1983), “Haqiqatning koʻzlari” (1988), “Xotiralar”, “Yoʻlyozmalar” (2016) nomli kitoblari nashr etildi. Inson hurligi, haqiqat, erk va mustaqillik uchun kurash ushbu asarlarning asosiy gʻoyalarini tashkil qiladi. Shuningdek, shoir keyingi yillarda aruzdagi mashqlarini davom ettirib, “Kuzgi yaproqlar” (2010) nomli devonini nashr ettirdi. Uning ikki kitobdan iborat “Buyuklar muhabbati” (2012,2016) esselar toʻplami oʻz muxlislarini topdi.
Zahmatkash ijodkor tarjimon sifatida dunyo bolalar adabiyotining bir qancha nodir namunalari jamlangan “Jahon bolalar adabiyoti” oʻn jildligini ona tilimizga oʻgirdi. Sharqning buyuk alloma shoirlari Farididdin Attor, Nizomiy Ganjaviy, Jaloliddin Rumiy, Abdurahmon Jomiy asarlaridan namunalar tarjima qildi.
Miraziz Aʼzam publitsistik asarlari bilan ham adabiy jarayonda faol qatnashib keladi.
Shoirning “Tuygʻular” va “Sabot” toʻplamlari asosida bastakor Nuriddin Gʻiyosov simfoniya hamda oratoriy yaratgan.
Miraziz Aʼzam 1993 yili ilmiy-tahliliy maqolalari uchun Mahmud Qoshgʻariy nomidagi mukofotga, 2007 yili Makedoniya poytaxti Skople shahrida oʻtgan turkiy sheʼriyat festivalida esa Mavlono Jaloliddin Rumiy mukofotiga loyiq koʻrildi.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

Miraziz Aʼzam (1936)