Turob Toʻla (1918–1990)

Turob Toʻla (1918–1990)

Turob Toʻla (1918–1990)

Mundarija скрыть
Turob Toʻla (1918–1990)
DO`STLARGA ULASHING:

DO`STLARGA ULASHING:

Qoʻshiqchi shoir va dramaturg Turob Toʻla 1918 yil Qozogʻiston Respublikasi Chimkent viloyatiga qarashli Turbat qishlogʻida tugʻilib, bolalar uyida tarbiyalandi.
1935–1941 yillarda Toshkent pedagogika institutining kechki boʻlimida tahsil oldi. Soʻngra Oʻzbekiston Davlat nashriyotida muharrir, Oʻzbekiston radiosida boʻlim boshqaruvchisi, “Oʻzbekfilm” kinostudiyasida adabiy boʻlim mudiri, Respublika kinochilar uyushmasida kotib, Sanʼat ishlari boshqarmasida boshliq, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi adabiyot targʻiboti markazida rahbar va boshqa shu kabi masʼul lavozimlarda faollik koʻrsatdi.
Turob Toʻla sheʼr yozishni 1934 yillardan boshlagan. 1939 yilda uning birinchi sheʼrlar toʻplami bosilgan. 1941–1945 yillarda u harbiy mavzudagi sheʼrlari bilan xalqimizning fashizmga boʻlgan nafratini ifodaladi. Shoirning “Shodligim” (1941), “Tabassum” (1944) toʻplamlaridagi sheʼrlari ham qahramon jangchilarga bagʻishlangan. Turob Toʻlaning “Baxt tong otari” (1948), “Sening haqingda”, “Qanot qoqing, qoʻshiqlarim”, “Kamalak”, “Nafosat” toʻplamlari koʻpgina sheʼr va maqolalarni oʻz ichiga olgan. U “Bolalar dostoni” (1950) nomli asarida maktab va doʻstlik haqida hikoya qiladi. 1955 yilda Turob Toʻla “Qanotlan, qoʻshiqlarim” sheʼrlar toʻplamini oʻquvchilarga taqdim etdi. Qoʻshiq uchun yozilgan yoqimli, jarangdor sheʼrlari zamonamiz kishilarining yuragiga hamohangdir. U qoʻshiqchi shoir sifatida, ayniqsa mashhur boʻlgan.
Turob Toʻla bir qancha kinoqissalar, jumladan, “Rais”, “Margʻilonlik qiz”, “Talant”, “Maftuningman”, “Furqat”, “Shashmaqom”, “Toʻqqizinchi asr monologi”, “Qahr” filmlari ssenariysini yaratishda ishtirok etgan, mualliflik qilgan.
Turob Toʻla dramaturg sifatida ham faol edi, uning “Qari qiz”, “Qizbuloq”, “Momo Yer” (Ch. Aytmatov asari asosida), “Nodirabegim”, “Qahr” pyesalari respublika teatrlarida qoʻyildi. Shuningdek, u “Zulmatdan ziyo” (Oybekning “Qutlugʻ qon” romani asosida) operasi hamda “Samarqand afsonasi” baleti librettolarini yozgan.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Turob Toʻla oʻz sheʼrlari, qoʻshiqlari, musiqali dramalari va kinossenariylari bilan oʻzbek kitobxonlari va tomoshabinlari qalbidan chuqur joy olgan.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan.

Turob Toʻla (1918–1990)