Husayn Boyqaro (1438-1506)
Husayn Boyqaro (1438-1506)
DO`STLARGA ULASHING:
Sulton Husayn Amir Temurning evarasi boʻlib, 1438 yil iyul (hijriy 842 yil, muharram) oyida Hirotning sharqi shimolidagi Davlatxona saroyida dunyoga kelgan. Uning otasi Gʻiyosiddin Mansur Boyqaro Mirzoning uchinchi oʻgʻli edi. Boyqaro Mirzoning otasi esa Amir Temurning ikkinchi oʻgʻli Umar Shayx (1356–1394), onasi Feruza begim esa ota tomonidan Amir Temurning katta qizi Oʻgi Begi xonimning oʻgʻli Sulton Husayn Mirzoning qizi boʻlib, Feruza begimning onasi Qutlugʻ Sulton begim esa Amir Temurning uchinchi oʻgʻli Mironshoh Mirzoning (1366–1408) qizi edi. Darhaqiqat, Husayn Boyqaro Zahiriddin Muhammad Bobur taʼriflaganidek, “Karim ut-tarafayn”, yaʼni har ikki tomondan ham nasabi Amir Temur Koʻragonga borib tutashadi.
Husaynning otasi Gʻiyosiddin Mansur 1445 yilda vafot etgach, Husayn 14 yoshigacha maktabda taʼlim oladi va shu maktabda yosh Alisher bilan doʻstlashadi.
1452 yilda yosh Husayn Hirot hukmdori Abulqosim Bobur saroyiga xizmatga kiradi. 1457 yili Abulqosim Bobur vafotidan soʻng, Husayn Mirzo saroyni tark etib, Marv hukmdori Sanjar Mirzo Marviy saroyiga xizmatga oʻtgach, hukmdor oʻz qizi 15 yoshli Beka Sultonni unga nikohlab beradi. Biroq, qaynata bilan kuyov oʻrtasiga sovuqchilik tushib, saroydan ketishga majbur boʻladi. Shundan soʻng Husayn Mirzo oʻn yildan koʻproq vaqt davomida Xorazm, Xuroson, Astrobod, Mozandaron va Jurjon oraligʻida sargardonliqda umr kechirdi. Bu davr mobaynida Temuriy shahzodalarning toju-taxt uchun olib borgan oʻzaro urushlarida Husayn Mirzo ham faol qatnashib, Hirot hukmdori Sulton Abusayyid Mirzo (1424–1469) halokatidan soʻng, 1469 yil 24 mart, juma kuni Husayn Mirzo tantana bilan Hirotga kirib keldi va oʻsha kuni Jome masjidida uning nomiga xutba oʻqildi.
Tarixchi Xondamirning yozishicha, Xurosonda qirqqa yaqin yirik inshootlar Sulton Husayn Boyqaro davrida vujudga kelgan va Hirotga atrof tevarakdan olimlar, shoirlar, adiblar, rassomlar, xattotlar, musiqachilar va boshqa har xil hunar ahllari kirib kelaboshlagan. Jumladan, oʻsha davrda tabib Husayn Jarroh ichakni kesib davolashda chumolidan foydalanish usulini ixtiro qilgan. Ustod Sayyid Ahmad gʻijjak, Ustod Shohquli gʻijjak, Ustod Qul Muhammad udiy, Ustod Husayn udiy, Ustod Shayx Foniy noilar Xurosonda nom chiqargan yetuk musiqashunos allomalardan boʻlgan. Naqqoshlik va xattotlik sohasida Xoja Mirak naqqosh, Mavlono Xoja Muhammad naqqosh va buyuk isteʼdod sohibi Ustod Kamoliddin Behzodlar oʻz mahoratlari bilan Xuroson faxri hisoblangan.
Sulton Husayn Boyqaro Xuroson hududini ichki va tashqi dushmandan tozalagach, begʻamlikka, ayshu-ishratga beriladi. Hukmdorning soʻngti yillari mamlakat ichida vujudga kelgan isyonlarni bostirish bilan oʻtadi. Bu isyonlar oʻz oʻgʻillari tarafidan mulk talashib, koʻtarilgan nizo va mojarolardan iborat edi. Ammo shunga karamay, u qoʻlidan kelganicha mamlakatda adolat va osoyishtalikni, ilm-maʼrifat va madaniyatni ravnaq toptirishga harakat qilgan. 1506 yil bahorida Sulton Husayn Boyqaro xastaligiga qaramay Xuroson qoʻshinini yigʻib, Muhammad Shayboniyxonga qarshi Movarounnahr hududiga qarab yoʻl oladi. Shahanshoh Bobo Ilohiy mavzeiga yetganda, ahvoli ogʻirlashib, qoʻshinni toʻxtatishga qaror qiladi. 1506 yil 5 may, dushanba kuni kechqurun saltanat sohibi Abulgʻoziy Sulton Husayn Mirzo Boyqaro saktayi qalb (apopleksiya) kasali bilan 69 yoshida olamdan oʻtadi.
Husayn Boyqaro (1438-1506)