UMURTQASIZLAR
UMURTQASIZLAR (Invertebrata) umurtqa pogʻonasi boʻlmaydigan hayvonlar guruhi. Hayvonot dunyosini umurtqasizlar va umurtqalilarga ajratishni 19-a. boshida fransuz olimi J. B. Lamark taklif etgan boʻlib, sistematik ahamiyatga ega emas. Chunki umurtqasizlarga hayvonot dunyosining xordalilardan tashqari barcha tiplari kiradi. Lekin xordalilarning hamma vakillarida umurtqa boʻlmaydi. Hozir «Umurtqasizlar» termini faqat hayvonlarni umumiy tavsiflash uchun ilmiy asar va oʻquv qoʻllanmalarida ishlatiladi. Umurtqasizlarning taksonomik guruxlari uzilkesil hal etilmagan. Ularga bir qujayralilarning 5—7 tipi, plastinkalilar, gʻovaktanlilar, taroqlilar, barcha chuvalchanglar, mollyuskalar, boʻgʻimoyoqlilar, ignaterililar (hammasi boʻlib 16—23 tipga mansub hayvonlar) tipi kiradi. Lekin bir qancha taksonomik guruhlar tarkibi (mas, bir qujayralilar, chuvalchanglar) aniq belgilanmagan. Umurtqasizlarning 1,5 mln. dan 2,0 mln. ga yaqin turi maʼlum. Umurtqalilarning esa 45 ming turi bor.
Ensiklopediya.uz
UMURTQASIZLAR