OʻZBEKFILM
«OʻZBEKFILM» — badiiy filmlar ishlab chiqaruvchi kinostudiya. «Oʻzbekkino» milliy agentligi tizimida. Dastlab 1925 yil 4-iyunda Toshkentda «Sharq yulduzi» nomi bilan kinostudiya tashkil boʻlgan. Shayxontohurdagi Eshonqul madrasasi binosiga joylashgan. 20-y. larda «Ikkinchi xotin», «Masjid gumbazlari ostida», «Soyabon arava», «Ravot qashqirlari», «Chodira» kabi filmlar ishlangan. 1925—26 yillar mobaynida 20 dan ortiq toʻla, 30 dan ortiq qisqa metrajli xronikal filmlar yaratilgan. 1932-yil «Sharq yulduzi» «Oʻzbekfilm» nomini oladi. 1930-yil gacha filmlarni, asosan, oʻzbek xalqining milliy anʼanalaridan yiroq rus rej. lari ishlagan. 30-y. lardan Nabi Gʻaniyev mustaqil filmlar yarata boshlagan: «Yuksalish», «Ramazon», «Iigit», Sulaymon Xoʻjayev «Tong oldidan», Yoʻldosh Aʼzamov «Qilich» filmlarini ishladilar. Ular bilan yonmayon O. Frelix («Avliyo qizi»), N. Klado («Bagʻdodda «amerika» paxtasi», «Oʻlim qudugʻi») lar ham faoliyat yuritgan. 1939-yil kinostudiyaga «Toshkent kinostudiyasi» nomi berildi. 2-jahon urushi yillari Toshkentga evakuatsiya qilingan Ukraina, Belorussiya kinostudiyalari, «Mosfilm», «Lenfilm»larning kelishi munosabati bilan «Birlashgan Toshkent kinostudiyasi» (titrda «Toshkent kinostudiyasi» deb yozilgan) nomi bilan yuritilgan. «Biz yengamiz» ( rej. K. Yormatov, N. Gʻaniyev), «Dovyurak doʻstlar» (N. Gʻaniyev), «Filmkonsert» (Y. Aʼzamov), «Frontdagi doʻstlarga» (K. Yormatov), «Besh respublika konserti» (Z. Sobitov), «Aleksandr Parxomenko», «Ikki jangchi» (L. Lukov), «Nasriddin Buxoroda» (Ya. Protazanov), «Uning ismi Suxe Bator» (A. Zarxi, I. Xeyfis) kabi filmlar ishlandi.
Ensiklopediya.uz
OʻZBEKFILM