OʻTROQLIK
OʻTROQLIK — maʼlum bir hududda uzoq vaqt turgʻun hayot kechirish tarzi, koʻchmanchilikning aksi. qadimiy tosh davri (paleolit)ga mansub yodgorliklarda oʻtkazilgan arxeologik qazishmalardan aniqlanishicha, Oʻtroqlik ilk tosh davrining soʻnggi bosqichlaridayoq (mil. av. 500 — 150 ming yilliklar) yuzaga kela boshlagan. Bir necha 100 ming yilliklarni qamragan odamzodning uzoq oʻtmishida hayot taqozosi bilan shakllanib, uning odatiy turmush tarziga aylangan Oʻtroqlik, shubhasiz, tabiatning injiq ekologik holati bilan uzviy bogʻliq holda kechgan. Oʻtroqlik shakshubhasiz, dastavval tabiatga mutlaq boqim boʻlgan nochor inson hayotida yemak izlab topish, ularni qoʻlga kiritish va isteʼmol qilishdek tirikchilik yoʻlidagi asosiy muammoni birgalikda koʻpchilik bilan hal qilishda muhim oʻrin tutgan. Shu bilan bir qatorda Oʻtroqlik odamzodning ijtimoiy va maʼnaviy hayotida keskin oʻzgarishlarga olib kelgan. Chunki kishilik tarixining tadrijiy taraqqiyoti davomida Oʻtroqlikning umumiy holati va hayotiy mohiyati oʻzgarib borgan. Shu boisdan Oʻtroqlik shakllanish, muqimlanish va rivojlanish kabi bosqichlarni oʻtagan.
Ensiklopediya.uz
OʻTROQLIK