OʻZBEKISTON QOʻGʻIRCHOQ TEATRI

OʻZBEKISTON QOʻGʻIRCHOQ TEATRI

OʻZBEKISTON QOʻGʻIRCHOQ TEATRI, Respublika qoʻgʻirchoq teatri — respublika maqomidagi yetakchi davlat qoʻgʻirchoq teatri. Rasman oʻz faoliyatini 1939 yil noyabr oyidan boshlagan. Ungacha Xalq qoʻgʻirchoqbozi Poʻlatjon Doniyorov rahbarligida kichik truppa tashkil topgan. 1937-yil Poʻlatjon Doniyorov, Tillaxon Matyoqubov, Gʻafurjon Mirzarahimov va Mirzakarim Gʻafurov kabi qoʻqonlik qoʻgʻirchoqbozlar bilan hamkorlikda S. Abdullaning «Saltanat» pyesasini sahnalashtirib, Moskvada oʻtgan oʻzbek sanʼati dekadasida koʻrsatgan. Davlat qoʻgʻirchoq teatriga asos solgan P. Doniyorov, S. A. Urazova, Ye. G. Podgurskayalar oʻzbek xalq qoʻgʻirchoq teatri anʼanalari va rus qoʻgʻirchoq teatri tajribalariga suyanganlar. Jamoa oʻz ishini bolalar teatri sifatida boshlagan boʻlsada, 2-jahon urushi davrida katta yoshdagi tomoshabinlarga ham xizmat qilgan. Vatanparvarlik mavzuidagi konsert va parodiyalar qatorida «Davron» (A. Bobojonov), «Nasriddinning sarguzashtlari» (Yu. Arbat), «Ali kichkina» (Gʻayratiy), «Sirli oʻrmon» (Ye. Shvars), «Ur, toʻqmoq» (S. Preobrajenskiy) kabi xalq ommasining kuchqudrati, hayotbaxshlikni targʻib etuvchi spektakllar yaratildi. Teatr asta-sekin oʻzbek mualliflari bilan ishlashga ham eʼtibor kuchaytira bordi. 50-y. larda yaratilgan «Oʻrmonda» (Gʻayratiy), «Sehrli quticha» (R. Botirov, A. Lelyavskiy), «Ziyod botir» (N. Habibullayev), «Toʻti va Qumri» (M. Muhamedov), «Oʻrmondagi hodisa» (S. Abduqahhor) kabi spektakllar shu hamkorlik samarasidir.

Ensiklopediya.uz
OʻZBEKISTON QOʻGʻIRCHOQ TEATRI