OʻZBEKISTON QISHLOQ XOʻJALIGI ILMIY-ISHLAB CHIQARISH MARKAZI
OʻZBEKISTON QISHLOQ XOʻJALIGI ILMIY-ISHLAB CHIQARISH MARKAZI, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ilmiyishlab chiqarish markazi — Oʻzbekiston Respublikasida q. x., suv hamda oʻrmon xoʻjaligi boʻyicha ilmiy tekshirish ishlari olib boradigan oliy ilmiy muassasa. 1997y. 12-martda Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi Fanlari Akademiyasi (1991) negizida OʻzR Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilgan. 1997 yil 3-noyabrda OʻzR Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tasarrufiga oʻtkazilgan. Boshqaruvi Toshkent shahrida. Tarkibida 17 ilmiy tekshirish muassasasi, jumladan, paxtachilik; gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi; qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash va elektrlashtirish; oʻsimlikshunoslik; sugʻoriladigan yerlarda gʻalla va dukkakli oʻsimliklar; oʻsimliklarni himoya qilish; veterinariya; chorvachilik; qoraqoʻlchilik va choʻl ekologiyasi; sholichilik; bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik; sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik; bozor islohotlari ilmiy tekshirish institutlari, lub tolali ekinlar tajriba st-yasi; Qoraqalpogʻiston dehqonchilik instituti bor; Respublikaning viloyatlarida markazning boʻlimlari tuzilgan. Markazning ilmiy ishlari uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlarda turli toifadagi 45 xoʻjalik birkitilgan boʻlib, ularning umumiy ekin maydoni 104 ming ga dan ortiq, shundan 6 ming ga bogʻ va uzumzor, 41 ming ga sugʻoriladigan yerlarda ilmiy tekshirish ishlari olib boriladi (2005). Markaz Oʻzbekiston va jahon fani hamda amaliyotining ilgʻor yutuqlaridan foydalangan holda respublika agrosanoat majmuining eng muhim muammolari boʻyicha i. t. larni tashkil etadi, ularning natijalarini q. x. ishlab chiqarishiga joriy etadi; davlat boshqaruvi organlari bilan hamkorlikda dehqonchilikda hosildorlik, chorvachilikda mahsuldorlikni oshirish, q. x. ni intensivlash, ekinlarning yangi serhosil navlarini yaratish va r-nlashtirish, zamonaviy texnologiyalarning ilmiy asoslangan tizimi dasturlarini tayyorlaydi; yaratilgan ilmiy va texnik ishlanmalarning dehqonchilik, chorvachilik, irrigatsiya, melioratsiya, oʻrmon xoʻjaligiga joriy etilishi ustidan mualliflik nazoratini amalga oshiradi; q. x. ni tashkil etish va yuritishning jahon tajribasini oʻrganadi; xalqaro va xorijdagi yetakchi ilmiy tekshirish markazlari bilan hamkorlikni rivojlantiradi; oʻz tasarrufidagi ilmiy xodimlarning chet ellarda va ilmiy muassasalarda malaka oshirishini tashkil etadi; yuqori malakali ilmiy kadrlar (fan drlari, fan nomzodlari) tayyorlaydi.
Ensiklopediya.uz
OʻZBEKISTON QISHLOQ XOʻJALIGI ILMIY-ISHLAB CHIQARISH MARKAZI