FRANS
FRANS (France) Anatol (taxallusi; asl ismsharifi Anatol Fransua Tibo) (1844.16.4, Parij — 1924.12.10, SanSirsyurLuar) — fransuz yozuvchisi. Fransiya akademiyasi aʼzosi (1896). Adabiy faoliyati bibliografik kataloglarga bitiklar, ensiklopediyalarga maqola va taqrizlar yozish bilan boshlangan. 60-y. larda «Parnas» adabiy guruhi b-n yaqinlashgan va bu hol uning ilk kitobi — «A. de Vini» (1868) da, shuningdek, «Oltin dostonlar» (1873) toʻplami va «Korinf toʻyi» (1876) dramatik dostonida oʻz aksini topgan. Shundan keyin Frans sheʼriyatdan uzoklashib, 1879-y. da Ch. Darvin va I. Ten singari tabiiy fan namoyandalari taʼsirida «Iokasta» va «Qiltiriq mushuk» qissalarini yozgan. Osori atiqalar shaydosi — keksa filolog olimning kundaligi tarzida yozilgan «Silvester Bonnarning jinoyati» (1881) romani Fransga shonshuhrat keltirgan. Yozuvchi «Tais» (1890) romanida falsafiy va axloqiy qarashlarini ifodalash uchun ilk xristianlik davriga murojaat etgan. Frans 90-y. larda yaratgan bir necha romanlari («Salamandra» 1892; «Janob Jerom Kuanyarning mulohazalari», 1893 va b.)da donishmand va daydi abbat Kuanyar hamda boshqa qahramonlar obrazi orqali nafaqat 18-a. dagi Fransiya qirolligi, balki 3respublikadagi voqelikka ham oʻz munosabatini ifodalagan. Fransning Kuanyarga bagʻishlangan barcha asarlari falsafiy roman janrida yozilgan boʻlib, ularda syujet va voqea emas, balki falsafiy mushohadalar katta mavkega ega. Fransning «Qizil gul» (1894) romanida hissiyotga asoslangan muhabbatning moʻrt bulishi haqidagi fikr badiiy mujassamlangan. 80—90-y. larda Fransning «Valtasar» (1889), «Sadaf quticha» (1892), «Avliyo Klaraning qudugʻi» (1895), «Klio» (1900) kabi kichik hikoya toʻplamlari nashr etilgan.
Ensiklopediya.uz
FRANS