FOLKNER

FOLKNER

FOLKNER (Faulkner) Uilyam (1897.25.9, NyuOlbani — 1962.6.7, Oksford, Missisipi shtati) — amerikalik yozuvchi. 20-a. jahon adabiyoti klassiklaridan. 1-jahon urushi yillari (1914— 18)da Kanada aviatsiyasida xizmat qilgan, lekin harbiy harakatlarda qatnashmagan. Missisipi un-tida oʻqigan (1919). 1920-y. un-tni tashlab, NyuYorkka ketgan. U yerdagi kitob doʻkonida sotuvchilik qilgan. Bir oz vaqtdan soʻng Oksfordga qaytib, un-tda pochtachi boʻlib ishlagan. 1925-y. NyuOrleanga kelgan. Shundan keyin Folknerning «Askar mukofoti» (1926) va «Chivinlar» (1927) romani chop etilgan, birok, bu asarlar muvaffaqiyat qozonmagan. Folkner umidsizlanmay, «Sartoris» (1929) romanini yozgan. Asar voqealari Amerika jan. da joylashgan xayoliy Yoknapatora shahrida kechadi. Ushbu roman tanqidchilar eʼtiborini tortgan boʻlishiga karamay, Folkner «Shovqin va gʻazab» (1929) romanidan keyingina tan olingan. «Oʻlim toʻshagida» (1930) romani 59 ta ichki monologdan iborat. «Ibodatxona» (1931) asari gangster tomonidan zoʻrlangan ayolning fohishaxonadan boshpana topishi haqida hikoya qiladi. Roman tez orada mashhur boʻlib ketgan. «Avgust yogʻdusi» (1932) romanida irqchilik va puritanlik prinsiplarining salbiy oqibatlari ochib tashlangan. «Avessalom, Avessalom» (1936) romanida jan. da plantatorlarning «yangi dinastiya» sini yaratish uchun boʻlgan harakatlarning oqibatsizligi koʻrsatilgan. Folkner «Qishloqcha» (1940), «Shahar» (1957), «Qoʻrgʻoncha» trilogiyasi, «Bu, oʻn uchlar» (1931), «Kel, Muso» (1942) hikoya va novellalar toʻplamlari muallifi. «Tanlangan asarlar» toʻplami chop etilgach, Folkner asarlariga qiziqish birmuncha oshgan. 1962-y. da soʻnggi romani — «Olibqocharlar»ni yoza boshlagan. Ammo asar tugallanmagan. Nobel mukofoti laureata (1949).

Ensiklopediya.uz
FOLKNER