FORS TILI
FORS TILI, forsiy — xindevropa tillari oilasidagi eroniy tillar guruhining jan. gʻarbiy tarmogʻiga mansub til; asosan, Eronda (Eron Islom Respublikasining rasmiy tili hamda millatlararo aloqa tili), shuningdek, Afgʻoniston, Pokiston, Hindiston, Iroq, Birlashgan Arab Amirliklari, AQSHda, Kavkazorti va Oʻrta Osiyo respublikalarida («eroniy» deb ataladi) tarqalgan. Soʻzlashuvchilarning umumiy soni, oʻtgan asr oxirlaridagi maʼlumotlarga koʻra, 26 mln. kishidan ortiq. Fors tili tarixida 3 davr farqlanadi: qad., oʻrta va yangi. Xoz. Fors tili tojik hamda Afgʻonistondagi dari (forsi kobuliy) tillari bilan birgalikda qad. fors (axomaniylar sulolasi shohlarining mil. av. 6—4-a. larga mansub mixxat yodgorliklaridan maʼlum), oʻrta fors (mil. 3—7-a. lar yodgorliklari) va mumtoz yangi fors (9 — 14-a. lar yodgorliklari) davrlarining genetik vorisi hisoblanadi. Fors tili oʻrta asrlarda Ozarbayjon va Hindistonda ham adabiy til sifatida qoʻllangan.
Ensiklopediya.uz
FORS TILI