Yigirma yil kutilgan baxt

Yigirma yil kutilgan baxt

Yigirma yil kutilgan baxt

Mundarija скрыть
Yigirma yil kutilgan baxt
DO`STLARGA ULASHING:

DO`STLARGA ULASHING:

— Turmush qurganimizga yigirma yil bo`ldi, — dedi tahririyatga qo`ng`iroq qilib o`zini Dinora opa deb tanishtirgan muxlisamiz. — Turmush o`rtog`im ikkimiz institutda o`qib, sevishib, ota-onamizning roziligi bilan oila qurganmiz. Bir qarashda hayotimizda hamma narsa to`kis edi: yaxshi ko`rgan ishimiz, uy-joyimiz, muhabbatimiz, ota-onamiz bilan yaxshi munosabatlarimiz bor…
Lekin yillar o`tib borayotgan bo`lsa-da, farzand ko`rish orzumiz amalga oshmasdi. To`yimizdan uch yil o`tib, qaynonam birinchi marta bu haqda og`iz ochdi. Shundoq ham ich-etimni eb, turmush o`rtog`imga ayta olmay yurgandim. Qaynonamning gapi turtki bo`lib, shifokorga uchradik. Ikkalamizda ham shamollash bor ekan, davolandik. Shifokor bir kurs muolaja olsanglar bo`ldi, darrov farzandli bo`lasizlar, dedi. Uning gapini qonun bilib, barcha aytganlarini bajardik. Lekin oradan uch oy o`tsa-da, uning bashorati amalga oshay demasdi. Xavotirlanib yana shifokorga uchradik. Bu gal boshqasiga. Qaytadan tekshiruvdan o`tdik, yana uzoq muddatli muolajalar boshlandi. Natija esa yo`q. Endi erim men bilan poliklinikalarga qatnamay qo`ydi.
— Mendagi shamollash tuzaldi, muolajalarni o`zing davom ettira qol, — dedi u. — Shifokorlar qabulida sarg`ayib yurishlar jonimga tegdi.
Aslida xonama-xona yurishlar, navbat kutishlar, har bir shifokorga farzandimiz yo`qligini tushuntirishlar, ularning og`ziga hukm kutgandek termulishlar o`zimning ham jonimga tekkandi. Lekin boshqa ilojim yo`q edi. Galdan galga shifokor qabulidan umidim pasayib chiqayotgan bo`lsa-da, klinikalarga qatnashni qo`ymasdim… Shunday kunlarning birida bir tanishim: «Poytaxtga borib, zamonaviy uskunalar yordamida to`g`ri tashxis qo`ydirib kelsanglar bo`lmaydimi?» deb qoldi. Bu gap erimga ham ma`qul bo`ldi. Harholda poytxatda bizni hech kim tanimaydi, tekshiruvdan bemalol o`tish mumkin. Tanishim aytganidek poytaxtda bizga to`g`ri tashxis qo`yishdi. Turmush o`rtog`im harbiy xizmatni Chernobilda o`tagani uchun organizmida nurlanish kuchayib ketgan ekan…  Shundan keyin yana ancha vaqtgacha muolajalar oldik, er-xotin birgalikda davolanadigan sanatoriyda ham davolandik. Lekin samarasi sezilmasdi.
Bu orada yillar o`tib, yaqinlarimizning toqati tugab borardi. Shu paytgacha san-manga bormagan qaynonam va qaynopalarim endi ochiqchasiga janjal chiqaradigan bo`lishdi. Xotin-qizlar bayramiga erim menga katta guldasta olib kelganini ko`rgan opasi o`sha kuni qiyomat qildi.
— Etagini to`ldirib bola tug`ib berib qo`yibdimiki, buni boshingga ko`tarasan? Umringni shu quruq yog`och bilan o`tkazib, hayf ketkazayapsan!..
Haqoratlardan boshim aylanib ketdi, yig`lagancha uyga kirib ketdim. O`sha kuni kayfiyati bir pul bo`lgan erim ortimdan kirdi va:
— Bo`ldi, sabrim tugadi! Hammaga ayb senda emas, o`zimdaligini aytaman. Nima bo`lsa bo`lar. Haqorat eshitishingga ortiq chiday olmayman! — dedi boshini erdan ko`tara olmay.
Yig`lab bo`yniga osildim:
— Iltimos, unday qilmang, yana biroz sabr qilaylik, balki… mendan xavotir olmang, bu gaplarni birinchi marta eshitishim emas-ku, chidayman, — dedim.
— Seni majburlab olib o`tirish niyatim yo`q, agar hammasini ochiqcha aytsam, keyin… istasang sen ham ketishing mumkin.
Aynan shu gapni eshitishdan qo`rqqandim. Erimning erkak boshi egilib, ko`zi yoshga to`lib turganiga chidayolmadim.
— Bu gapni ikkinchi eshitmay! Ketaman deganim yo`q-ku, nega meni haydayapsiz? Sizsiz qanday yashayman?!
Shundan keyin erim ham yig`lab yubordi… Axir besh yil davomida ayb kimdaligini bilmagan paytimizda biror marta «farzand ko`rmading» deb yuzimga solmagan, yaxshi-yomon kunlarimda, odamlardan ta`na eshitganimda yonimda turgan sevimli odamimni qanday tashlab ketaman? Mayli, farzand ko`rmasam ham baribir erim bilan ajrashmayman! Ta`na-dashnomlarga chidayman. O`sha kuni shunday qarorga keldim.
Lekin bu qarorni amalga oshirish men o`ylaganchalik oson emasdi. Hamma kelishib olgandek bizni ajratishga kirishgandi. Bu tomondan o`z ota-onam ham «farzandsiz oila oilami? Ajrashasan. Ikkalang ham baxtingni sinab ko`ringlar», deb  turib olishdi. Qiyin ahvolda qoldik, na qaynonam, na o`z onam bizni tushunadi. Shundan keyin erim bir kun «men bir reja tuzib yuribman, agar amalga oshsa, hammasi yaxshi bo`ladi», dedi. Ko`p o`tmay ish bilan Toshkentga ketdi, ikki kundan keyin qaytib kelib, «ko`chingni yig`ishtir, Toshkentga ko`chib ketamiz», dedi. Anqayib qoldim. Lekin erim hazillashmayotgandi. U aytganidek ertasi kuni faqat kerakli narsalarni olib, Toshkentga ko`chib keldik. Birinchi gal kelganida erim bir do`stining uyini ijaraga olib ketgan ekan. Shundan keyin Toshkentda yashay boshladik. Lekin hali farzand ko`rishdan umidimizni uzmagandik. Tanish shifokorimiz hozirda tibbiyot rivojlanib, bepushtlikning turli davo usullari topilganini aytdi va ekstrakorporal urug`lantrishni tavsiya etdi.
Lekin bu muolaja uchun ham uzoq muddatli muolajalardan o`tish lozim ekan. Er-xotin bir yil davomida davolandik, keyin so`nggi umidimiz bo`lgan muolajani amalga oshirdik… Homilali bo`lganimni bilgan kunim mendan baxtli odam yo`qdek edi. Xushxabarni eshitib, er-xotin bir-birimizni quchoqlab yig`lab yubordik.
Shifokor esa bizni ajrata olmay «Hoy, baraka topkurlar, nega yig`laysizlar? Bo`ldi qilinglar, sizga hayajonlanish mumkin emas», degancha atrofimizda girdikapalak bo`ladi. Homila yaxshi rivojlanishi uchun bir oy shifoxonada qimirlamay yotdim, erim kuniga ikki mahal yonimga qatnaydi. «Qachon qimirlashni boshlaydi? Qachon o`g`il-qizligi aniqlanadi?» deb do`xtirlarni ham hol-joniga qo`ymaydi… Homilam besh oylik bo`lganida Termizdan noxush xabar keldi, qaynotam og`irlashib qolgani sabab zudlik bilan bizni chaqirtirishdi. Avvaliga erim meni ham olib ketishga qarshi bo`ldi. «O`zim boraman, sen uzoq yo`lda charchab qolasan», deb menga ruxsat bermadi. Lekin qaynotam «Kelin o`sha arazlab ketgani bo`yicha kelgani yo`q, olib kel, oxirgi marta uni ham ko`rib qolay», deganlari uchun ilojsiz olib ketishga rozi bo`ldi. Uzoq yo`lmi, qaynotamning dafn marosimidagi asabiylashishlarmi yoki boshqa sababmi, bilmadim, borganimizning ertasi kuni ahvolim yomonlashdi. Shoshilinch shifoxonaga olib borishgan bo`lsa-da, hech narsa qila olmadik. Besh oy kiprigim ustida tutgan bolamdan ayrilib qoldim. O`g`il ekan…
Boshimga tushgan ko`rguliklarga ko`nib, yana hayotga qaytishim uchun bir yil vaqt ketdi. Erimning iltijolari, mehri tufayli biroz o`zimga keldim. Shundan so`ng onam bosh bo`lib singlimning olti yoshli o`g`ilchasini biznikiga olib keldi va «ota-onasi rozi, istasang, o`g`il qilib olishing mumkin», dedi. Lekin mehmonga keldim deb o`ylagan bola uzog`i bilan ikki oy sabr qildi, keyin esa ketaman deb yig`lay boshladi. Bolaning onasini sog`inib yig`lashlari yuragimni ezib yubordi, u yoqda singlim ham zo`rg`a chidab yurganini sezardim.
Jiyanimni onasining yoniga qaytarib yubordim. O`zimning muammolarimga go`dakni aralashtirib nima qilaman, meni deb ona-bola ayriliqda yashashi kerakmi?..
Shu tarzda umrimizning yigirma yili o`tibdi. Bu orada qishloqdan kim o`qishga kelsa, biznikida turdi, barcha qarindosh-urug`larimizning talaba bolalariga ota-onalik qildik. Ularga xuddi o`z farzandimdek mehribonlik ko`rsatishga, ota-onasi uzoqdaligini bildirmaslikka harakat qildim… Lekin erimning bola etaklab ketayotgan ayollarning ortidan qarab qolishini ko`rganimda ich-ichimdan ezilib ketaman. Yoshimiz ham o`tib borayapti, tabiat ato etgan onalik mehrimni sarflash uchun birovlarning bolalariga bosh-qosh bo`layapmanu, lekin… Noshukrlik qilmoqchimasman, qarindoshlarimning bolalari yaxshiliklarimizni unutishmagan, tez-tez xabar olib turishadi, bayramlarda qo`ng`iroq qilishni ham kanda qilishmaydi. Lekin o`zimning jigarbandim bo`lishini juda xohlayman. Bu dardimni erimga ayta olmayman, ko`nglini battar o`ksitgim kelmaydi.
Yaqinda erim senga bir maslahatli gap bor deb qoldi. Nima gap ekan, deb rosa ichim qizidi. Bugun ertalab ishga ketishdan avval «Yangi yilda senga sovg`a qilmoqchiman. «Bolalar uyi»dan bola asrab olsak… shunga nima deysan?» deb qoldi. Quvonganimdan yig`lab yubordim. Chunki shu gapni o`zim ayta olmay yurgandim. Nuqul «rahmat» deyman nima deyishni bilmay. Erim esa «senga rahmat» dedi va ko`z yoshlarini ko`rsatmaslik uchun shoshib ishiga yo`l oldi. Men esa avval to`yib-to`yib yig`lab oldim, keyin esa quvonchimni kim bilandir bo`lishgim keldi. Shu sabab sizlarga — sevimli gazetamga qo`ng`iroq qilishga qaror qildim. Ertaga erim ikkalamiz «Mehribonlik uyi»ga boramiz. Yangi yilda orzularim amalga oshishini, baxtim to`kis bo`lishini o`ylasam, quvonchim ichimga sig`may ketayapti…

Yigirma yil kutilgan baxt