Qaffol ash-Shoshiy (903-976)

Qaffol ash-Shoshiy (903-976)

Qaffol ash-Shoshiy (903-976)

Mundarija скрыть
Qaffol ash-Shoshiy (903-976)
DO`STLARGA ULASHING:

DO`STLARGA ULASHING:

Toshkent – oʻrta asr arab manbalarida esa Shosh – tarix jarayonida koʻplab shoir va adiblar, allomalar, riyozat va tabobat ahillarini yetishtirgan. Ana shunday allomalardan biri Qaffol ash-Shoshiydir.
Qaffol ash-Shoshiyning toʻla ismi Abu Bakr ibn Ali Ismoil Qaffol ash-Shoshiy boʻlib, arab manbalarida uning hurmatini bajo keltirish uchun nomiga katta, ulugʻ yo muhtaram maʼnosini ifodalaydigan “al-Kabir” soʻzini qoʻshib yozadilar. Bu bilan oʻtmishdoshlarimiz Qaffol ash-Shoshiyga nisbatan buyuk ehtiromni ifoda etganlar.
Qaffol ash-Shoshiy hunarmand oilada dunyoga kelgan koʻrinadi. Shu sababdan “Qaffol” – qulfsoz deb mashhur boʻlgan.
Qaffol ash-Shoshiy asli qulfsoz usta boʻlib, kichik va nozik qulflar yasaydigan, qoʻli gul kishi boʻlgan.
Ash-Shoshiy dastlabki taʼlimni oʻz yurtida, keyinchalik Markaziy Osiyoda mavjud maʼrifat oʻchoqlaridan oladi. Samarqand, Buxoro, Termiz kabi shaharlarni kezadi. Bu yerlarda undan sal oldinroq oʻtgan va anchagina meros qoldirgan Imom Ismoil al-Buxoriy (810–870), Abu Iso Muhammad at-Termiziy (824–892) kabi yirik mutafakkir olimlar merosi bilan tanishadi, ulardan bahramand boʻladi. U birmuncha vaqt Samarqandda yashab, u yerda taʼlim oldi. Qaffol ash-Shoshiy qattiq kirishib fiqhshunoslikni oʻrganadi. Zero bu fan musulmon Sharq oʻlkalarida juda keng tarqalgan va ijtimoiy hayotda muhim ahamiyatga ega boʻlib, bu fanni egallagan kishilar hamma joyda qadrlanar, ularga zarurat ham katta, chunki ijtimoiy hayotda qonunshunoslikka talab katta boʻlib turishi tabiiy edi. Qaffol ash-Shoshiy fiqh ilmini egallash bilan birga fikr doirasi oʻta keng, falsafa, mantiq, adabiyot sohalarini ham puxta egallagan, bu sohalarda eng bilimdonlar bilan munozara qila oladigan qudratga ega boʻlgan bir zot edi.
Qaffol ash-Shoshiy doimo ilm-maʼrifat istagida qoʻnim topmay, bir oʻlkadan ikkinchisiga – ilm chashmalaridan bahramand boʻlish niyatida Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlarini kezadi, Hijoz, Bagʻdod, Damashq kabi shaharlarga boradi, u yerlarda zamonasining koʻzga koʻringan olimlaridan ilm-maʼrifat oʻrganadi.
Qaffol ash-Shoshiyning taʼlim olgan ustozlariga qarab ham uning bilimi, qanday fanlarni oʻrganganligini bilish mumkin. Manbalarning koʻrsatishicha, Qaffol ash-Shoshiyning qonunshunoslik va tarix sohasidagi ustozi mashhur olim at-Tabariy (839–923) edi. Maʼlum boʻlishicha, Abu Jaʼfar Muhammad ibn Jarir at-Tabariy Musulmon Sharq mamlakatlarining eng yirik tarixchisi boʻlib, koʻp jildlik asarlar muallifi edi.
Qaffol ash-Shoshiyning ikkinchi yirik ustozi Abul Hasan Ali ibn Abu Muso al-Ashʼariy (873–941) edi. Bu kishi Sharqda kalomchilar oqimining asoschisi boʻlib, bu sohada anchagina asarlar yozgan edi. Ash-Ashʼoriy aslida islom falsafasida mashhur boʻlgan ashʼariya oqimi asoschisi sanaladi. Tojiddin Abu Nasr Abdulvahhod as-Subkiyning (tugʻilgan yili 1327) xabar berishicha, “Qaffol ash-Shoshiy olim al-Ashʼoriydan kalom ilmini oʻrganar va oʻz navbatida al-Ashʼoriy undan qonunshunoslik sohasini oʻrganar ekan”.
Arab olimi va bibliografi ibn Xallikon (1211–1282) oʻzining “Vafoyot al-aʼyon” (“Ulugʻ kishilar vafoti”) degan asarida Qaffol ash-Shoshiy haqida toʻxtab shularni yozadi: “Qaffol ash-Shoshiy hadis ilmini bilgan, tilshunos, shoir odam edi. Oʻsha vaqtda Movarounnarhrda u kishiga teng keladigan olim yoʻq edi. Bu kishi Xuroson, Iroq, Hijoz, Shom (Suriya) va boshqa oʻlkalarga sayohat qilib, hamma yerda ham nom taratdi… u kishining koʻp asarlari boʻlgan”.
Qaffol ash-Shoshiy qonunshunoslik, mantiq kabi sohalarga oid asar yozgan. Uning “Odob al-qozi” (“Qozining feʼl-atvori”), “Odob al-bahs” (“Bahs odobi”) degan taʼlifi boʻlib, arab tilidagi sheʼrlari maʼlum. Bu xususda yuqorida zikr qilingan arab olimi ibn Xallikon yozadi: “Qonunshunoslardan dastlab otilib chiqib “Husni jadal” (“Dialektika goʻzalligi”) degan asar yozgan kishi ham shu Qaffol ash-Shoshiy edi”.
Qaffol ash-Shoshiy yaxshi shoir ham boʻlib, oʻz sheʼrlarini arab tilida yozgan. Ammo uning sheʼriy ijodi davrimizgacha yetib kelmagan, faqatgina as-Subhiyning “Tabaqat ash-Shofiiyya” (“Shofiiyya mazhabi darajalari”) degan kitobda uning sheʼrlaridan parchalar saqlanib qolgan. Uning oʻsha sheʼrlarida shunday satrlar ham bor:
“Kimki uyimga mehmon boʻlib keladigan boʻlsa, dasturxonim doimo uning uchun yozilgan boʻladi. Kimki mening dasturxonimdan biror narsa yesa, (bilsinki) undagi barcha noz-neʼmat peshona terim bilan topilgan, (yaʼni) halol boʻladi.
Biz bor-budimizni mehmon oldiga qoʻyamiz. Bordiyu (qoʻyishga) narsa topolmasak, u holda sabzavot bilan sirka qoʻyamiz. Shunda begʻaraz, koʻngli ochiq odam boʻlsa, u bunga rozi boʻlib koʻnadi; bordiyu baxil boʻlsa, u holda uni men tuzata olmayman”.
Qaffol ash-Shoshiyning qonunshunoslikka doir asari davr taqozasiga koʻra islom tarqalgan mamlakatlarda keng koʻlamda yoyildi.
Qaffol ash-Shoshiyning qalamiga mansub boʻlgan sheʼrlar as-Subkiy asariga kirib qolgan. Bu parchadan maʼlum boʻlishicha, Vizantiya imperatori bilan arab xalifasi oʻrtasida janjalli yozishmalar boʻladi. Bu yozishmalarda Vizantiya imperatori arab xalifaligiga doʻq va poʻpisa bilan murojaat qilib, bir vaqtlar uning yerlari boʻlgan, hozir esa Bagʻdod xalifasi egallab turgan oʻlkalarni tinchlik bilan, osonlikcha ularga qaytarib berishni talab qiladi. Vizantiya hukmdorlari maktubni balandparvoz chiqishi uchun uni arab tilida sheʼr bilan bitadilar. Sheʼr hoshimiylar xonadonidan boʻlmish hukmron xalifaga deb atalgan. Maktubda shunday satrlar ham bor:
“Biz sherdek otilib chiqib, oʻz yerlarimizni egalladik. Damashq oʻlkasi esa ota-bobolarimiz maskani edi, biz bu diyor mol-mulkiga ega boʻlamiz, Misrni ham qilichimiz tigʻi bilan egallaymiz. Hijoz, Bagʻdod, Sheroz, Ray, Xuroson, Quddus, Sharqu Gʻarb hammasini egallaymiz” deb xalifa va uning sarkardalariga dagʻdagʻa soladi, ularni ayyorlik bilan qoʻrqitmoqchi va nihoyat ularni osonlikcha qoʻlga kiritmoqchi boʻladi. Xuddi mana shu voqealar boʻlgan kezda Qaffol ash-Shoshiy Bagʻdod shahrida boʻladi. U xalifalikda iqtidori zoʻr olim, saroy aʼyonlari oʻrtasida yaxshigina qonunshunos, zabardast shoir sifatida tanilgan edi. Shu sababdan Vizantiya hukmdorining lashkarboshisi Tagʻfur (arab manbalarida Takfur) xatiga javob yozishni xalifalik nomidan Qaffol ash-Shoshiyga topshiriladi. Bu ham alloma ash-Shoshiyga nisbatan katta ehtirom edi.
Qaffol ash-Shoshiy maktubni oʻqib koʻrib, oʻsha maktub yozilgan sheʼr vaznida va oʻsha tarzdagi qofiyada Tagʻfur nomiga arab tilida javob sheʼrini yozadi. Vizantiyaliklarga mana shu ash-Shoshiy yozgan javob xatining yetmish toʻrt bayti (148 yoʻli) yuqorida zikr qilingan Tojiddin as-Subkiyning “Tabaqat ash-Shofiiyya” asari ichida saqlanib qolgan. As-Subkiyning yozishicha, vizantiyaliklar, xususan, uning lashkarboshisi Tagʻfur ash-Shoshiyning bu javob sheʼrini oʻqib, dahshatga tushadi. Soʻng lashkarboshilar bundan taajjubga tushib, bir-birlaridan soʻrashibdi:
– Bu javobni yozgan kishi kim boʻldi ekan, u qaysi yurtdan ekan, xalifalikda biz bunday isteʼdodli zot borligini bilmas edik-ku?
Xullas Vizantiya lashkarboshilarini Qaffol ash-Shoshiyning diplomatiya tarzida yozilgan javob maktubi esankiratib qoʻyadi. Voqeaning nima bilan tugashining bugungi kunda ahamiyati yoʻq, lekin bu birgina misol orqali Qaffol ash-Shoshiyning zabardast davlat arbobi, hozirjavob shoir ekanligi maʼlum boʻladi.
Qaffol ash-Shoshiy shunday ulugʻvor va dovyurak shoir, ajoyib bir shaxs boʻlgan. Afsuski, uning adiblik, shoirlik, tilshunoslik, mantiqshunoslik faoliyati bilan deyarli hech kim shugʻullanmadi, uning jadal dialektikaga oid asari ham oʻrganilgan emas.
Manbalarning koʻrsatishicha, bagʻdodlik Xoʻja Muhammad Nomiy degan olim Qaffol ash-Shoshiy qoʻlida oʻqigan, natijada u bilan qalin doʻst boʻlib qolgan ekan. Shu kishi oʻz oilasi bilan birga ash-Shoshiyga ergashib Toshkentga kelgan, umrining oxirigacha shu yerda qolib ketgan. Qaffol ash-Shoshiy 976 yili Toshkentda vafot etgan va shu yerda dafn etilgan. Hozir Toshkentning xalq orasida “Hastimom” deb ataladigan joy shu moʻtabar zotga nisbatan aytiladigan nom “Hazrati imom”ning qisqargani boʻladi. Aslida bu joyning nomi Hazrati Imom Qaffol ash-Shoshiydir. U kishining qabrlari tegrasida Toshkentda mashhur boʻlgan moʻtabar zotlar dafn etilgan.
Qaffol ash-Shoshiy maqbarasi Toshkentning eng eski, qoʻzga koʻringan tabarruk bir qadamjosi sanaladi.

Qaffol ash-Shoshiy (903-976)