HUQUQ NORMASI

HUQUQ NORMASI

HUQUQ NORMASIdavlat tomonidan belgilanadigan, muayyan shaklda ifodalanadigan, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan umummajburiy yurish-turish qoidasi. Huquq normasi tegishli normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek, huquq manbaining boshqa turlari shaklida namoyon boʻladi. Huquq tarmoqlariga bogʻliq holda maʼmuriyhuquqiy, jinoiy huquq normalari, mehnat, ekologiya, xalqaro, konstitutsiyaviy, xoʻjalik va huquqning boshqa tarmoqlariga oid huquq normalari farqlanadi. Amal qilish vaqtiga koʻra, doimiy (rasmiy bekor qilingunga qadar amal qiladigan) va vaqtinchalik (faqat muayyan vaqt oraligʻida amalda boʻluvchi) Huquq normasi boʻladi. Huquq normasi amal qilish hududiga qarab, umumiy va mahalliy normalarga boʻlinadi, bunda birinchisi butun mamlakat hududida amal qilsa, ikkinchisiga kiradigan normalar maʼlum hududlarda amal qilishi mumkin. Huquq normasi subyektlariga qarab, umumiy va maxsus normalarga ajraladi, bunda birinchisi hamma huquq subyektlari uchun, ikkinchisi esa, aholining muayyan guruhi yoki aniq belgilangan doiradagi subyektlar (pensionerlar, nogironlar, ichki ishlar xodimlari va sh. k.) uchun taalluqli boʻladi. Bulardan tashqari, Huquq normasini boshqa qator mezonlar asosida tasniflashlar ham mavjud.

Ensiklopediya.uz
HUQUQ NORMASI