HUSAYNIY
HUSAYNIY, Atoulloh (toʻliq ismi Amir Burhoniddin Atoulloh Mahmud Husayniy Nishopuriy) (taxm. 15-a. ning 40-y. lari, Nishopur — 1513, Mashhad) — fors adabiyotshunosi, shoir. Husayniy Sharq sheʼriyati masa-lalari bilan shugʻullanib, «adabiyot bilim-doni» sifatida tanilgan, muammo sanʼatida oʻz davrining yagonasiga aylangan. Hirotning mashhur Ixlosiya, Sultoniya va b. madrasalarida dars bergan. Ilmi badeʼ boʻyicha keng va chuqur bilimga egaligi tufayli Alisher Navoiy eʼtirofiga sazovor boʻlgan. Navoiy unga davlat hisobidan maosh ajratgan; oʻz huzuriga chorlab, adabiyotshunoslik masalalari boʻyicha suhbatlar qurgan, badiiy sanʼatlarga doir asar yozishga daʼvat qilgan. «Badoyiʼ ussanoyiʼ» («Badiiy sanʼaglar») asari ana shu daʼvatlar natijasida vujudga kelgan (1493) va Alisher Navoiyga bagʻishlangan. Shuningdek, uning «Risolai qofiya» («Qofiya haqida risola») asari ham mavjud. Bu asarlarda oʻzigacha oʻtgan adabiyotshunoslarning fikrlarini umumlashtirgan va rivojlantirgan. «Ato», «Atoiy», «Atoulloh» taxalluslari bilan sheʼrlar yozgan.
Ensiklopediya.uz
HUSAYNIY