CHUSTIY

CHUSTIY

CHUSTIY (taxallusi; asl ismsharifi Xoʻjayev Nabixon) (1904.20.2 — Chust sh. — 1983.13.8) — shoir, tarjimon. Chust va Qoʻqondagi eski maktab va madrasalarda taʼlim olgan. Alisher Navoiy tavalludining 500-yillik yubileyini oʻtkazishga tayyorgarlik munosabati bilan Toshkentga ishga chaqirilgan. Chustiy Muqimiy teatrida adabiy emakdosh (1939—41) va direktor (1941—42). Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi adabiyot fondida direktor (1942—44), Oʻzbekiston FA Til va adabiyot intida ilmiy xodim (1959—68). Chustiy asosan mumtoz sheʼriyat yoʻlida ijod qilib, gʻazal, muxammas, musaddas, murabbaʼ, ruboiy, tuyuq, masnaviylar yozgan. Shoirning bu ijod namunalari uning «Gul mavsumi» (1969), «Gʻazallar» (1977) toʻplamlari va «Hayotnoma» (1988), «Sadoqat gullari» (1992), «Koʻngil tilagi» (1994), «Koʻrguncha xayr endi» (2004) devonlarida nashr etilgan. Turli yillarda yaratilgan «Tirik jannatga kirgan kampir», «Kiyiknoma», «Bogi Eram» dostonlari ham bor. Ch. ayniqsa 2-jahon urushi yillarida faol ijod qilgan. Vatanparvarlik va qahramonlik mavzularidagi «Shamshir», «Lolazor», «Hayot zavqi», «Qoʻzgʻol», «Jasur oila» sheʼriy toʻplamlari, «Zafarnoma» dostoni, «Davron ota» (K. Yashin va S. Abdulla bilan hamkorlikda),»Oʻzbekiston qilichi», «Qurbon Umarov», «Qoʻchqor Turdiyev» (S. Abdulla bilan hamkorlikda), «Qasos» (A. Umariy va Tuygʻun bilan hamkorlikda) sahna asarlarini yaratgan.

Ensiklopediya.uz
Chustiy