Enaxon Siddiqova (1954)
Enaxon Siddiqova (1954)
DO`STLARGA ULASHING:
Enaxon Siddiqova 1954 yili Fargʻona viloyati, Oltiariq tumanida dehqon oilasida tavallud topdi. Fargʻona davlat institutining filologiya fakultetida (1972–1976) tahsil oldi. Oltiariq va Fargʻona tumanlari maktablarida oʻqituvchi, maktab direktori vazifalarida xizmat qildi (1976–1996). Oʻzbekiston XDP Fargʻona tumani ikkinchi kotibi (1996), “Fargʻona haqiqati”, “Ferganskaya pravda” gazetasi muxbiri (1990–1997), Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari kotibiyati xodimi (1997–2001) lavozimlarida ishladi. Hozir Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Fargʻona viloyati boʻlimi rahbari, “Qalb sadosi” haftalik gazetasining bosh muharriri vazifasida xizmat qiladi. Enaxon Siddiqova 2013 yildan Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, 2015 yildan Oliy Majlis Senati aʼzosidir.
Enaxon Siddiqova Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning “oq yoʻli” (1977) bilan adabiyotga kirib keldi. “Qorakoʻz turnalar”, “Sumanbar nasim”, “Koʻngil ufqlari”, “Ishq ifori” sheʼriy toʻplamlari, “Sirli tun faryodi” hikoyalar majmuasi, “Qizoyimlarga kelinlik saboqlari”, “Tibbiyot fidoyilari”, “Xaloskorlik”, “Eʼzozli ayollar” kabi publitsistik asarlar nashr ettirdi.
Enaxon Siddiqova “Eng ulugʻ, eng aziz” tanlovining respublika bosqichi gʻolibi. Adabiyotiz rivoji yoʻlidagi mehnatlari munosib taqdirlanib, unga 2004 yili “Doʻstlik”, 2009 yili “El-yurt hurmati” ordenlari, 2016 yili esa “Oʻzbekiston xalq shoiri” unvoni berildi.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
Enaxon Siddiqova (1954)