TOʻN

TOʻN

TOʻN, chopon — ustki milliy kiyim; avraastarli, uzun, yengli, tik yoqali, oldi ochiq. Bichigʻi toʻgʻri bichimli boʻladi. Ichiga paxta solib qaviladigan paxtali Toʻn va paxtasiz (avraastardan iborat yalang qavat) Toʻn xili bor. T. toʻgʻri, tik va qiya qaviladi, baʼzan qavilmasdan sirma qilib tikiladi (bunda Toʻnning qavilgan astari har joy, har joyidan avrasiga chatib qoʻyiladi). Toʻn avrasi baxmal, bekasam, kimxob va b. matolardan tayyorlanadi, astariga chit va satin matolar ishlatiladi. Toʻnning tik yoqasi juda mayda qaviq choklar bn ishlangani uchun qattiq boʻladi, yoqa, yeng uchlari, etak atroflariga jiyak tikib qoshiyalanadi hamda ulardan popukchalar chiqariladi; etagining ikki yon tomonida oʻtiribturganda qulaylik yaratish uchun «yirtmoch» lari boʻladi. Toʻnning ichki tomoni (astari)ga gir aylantirib shoyi yoki qora satindan toʻrt enlik adip tutiladi. Yalang qavat (avraastarli) Toʻnlar avrasiga zar iplar bn kashta tikib zardoʻzi T. tayyorlanadi. Toʻn oʻgʻil bolaga xatna toʻyida, keyinchalik nikoh toʻyida kiydIrilgan; hozirda ham Toʻn tikish keng yoʻlga qoʻyilgan. Toʻn kundalik (yoshlar orasida uylik) kiyim sifatida kiyiladi, bundan tashqari toʻy bolaga, kuyovga, qudalarga, ulugʻ kishilarga, aziz meqmonlarga Toʻn kiydirish, azada motam kiyimlari sifatida ham kiyish udumi saqlangan.

Ensiklopediya.uz
Toʻn