TEZ TIBBIY YORDAM
TEZ TIBBIY YORDAM — inson hayoti hamda sogʻligʻi uchun xavfli holatlar roʻy berganda kechasiyu kunduzi koʻrsatiladigan tibbiy yordam turi va tizimi. Ilk bor T. t. yo. 1918-y. Toshkent sh. da punkt sifatida tashkil etilib, 1926-y. mustaqil Tez tibbiy yordam stansiyasiga, 1974-y. T. t. yo. klinik kasalxonasi bilan birlashtirilib, boʻlimga aylantirildi. 1983-y. kasalxonadan ajratilib, mustaqil shahar tez va shoshilinch tibbiy yordam stansiyasi deb ataldi. Tez tibbiy yordamning vazifasi hodisa yuz bergan joyda, uyda, bemorni kasalxonaga olib keta turib shoshilinch, shu jumladan mutaxassis vrach tomonidan yordam koʻrsatish, lozim boʻlsa, bemorlarni kasalxonaga yetkazishni taʼminlashdan iborat. Bundan tashqari, Tez tibbiy yordam xizmati koʻzi yoriydigan ayollarni yoki uyida koʻzi yoriganlarni vrach talabiga koʻra davolash muassasalariga olib boradi. Tez tibbiy yordam xodimlarini chaqirish uchun yagona telefon indeksi (03) joriy etilgan. Tez tibbiy yordam stansiyalari xodimlari mehnatga qobiliyatsizlik varaqalari, sudtibbiy eksperti xulosalari, shuningdek, bemorlarga yo ularning qarindoshlariga yozma maʼlumotnoma berish huquqiga ega emas. Qishloq joylarida kunning istagan paytida Tez tibbiy yordam koʻrsatish vrachlar va oʻrta tibbiyot xodimlari zimmasiga yuklangan. Olis va borish qiyin boʻlgan joylarga sanitariya aviatsiyasi vositalari bilan shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatiladi. Tez tibbiy yordam mashinalari radiolashtirilgan boʻlib, ikki tomonlama telefon aloqasi bilan taʼminlangan, nafas va narkoz berish apparatlari, kislorod ingalyatorlar, elektrokardiograf va b. zaruriy asboblar bilan jihozlangan. Yirik shaharlar, jumladan Toshkentda ham ixtisoslashtirilgan maxsus reanimatsion, kardiologik, nevrologik, toksikologik, pediatriya, intensiv terapiya brigadalari va b. tashkil etilgan. Bu uyda va yoʻlda keta turib ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatishga imkon beradi.
Ensiklopediya.uz
TEZ TIBBIY YORDAM