TABIIY HUQUQ
TABIIY HUQUQ — davlat va huquq nazariyasida insonning tabiatidan kelib chiqadigan va shu tufayli muayyan davlatda ularning qonuniy tan olinishi yoki olinmasligiga bogʻliq boʻlmaydigan prinsiplar, qoidalar, huquq va qadriyatlar yigʻindisini anglatuvchi tushuncha. T. h. gʻoyasi Yunoniston va qad. Rimda paydo boʻlib, Sokrat, Aristotel, Sitseron, Ulpian va b. Rim yuristlarining nomlari bilan bogʻliqdir. Oʻrta asrlarda ilohiyshunos Foma Akvinskiy uni rivojlantirdi. Biroq, bu gʻoyalar mustaqil ilmiy maktab va tabiiyhuquqiy taʼlimot sifatida 17— 18-a. burjua inkiloblari arafasida shakllandi. Uning koʻzga koʻringan namoyandalari: G. Grotsiy, T. Gobbs, J. Lokk, Volter, Sh. L. Monteskye, J. J. Russo, A. N. Radishchevlardir. Oʻzbek xalqining Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Forobiy, Amir Temur, Alisher Navoiy kabi ajdodlari ham huquqni tabiat yoxud Alloh tomonidan insonlarga berilgan imkoniyatlar majmui deb tushunganlar.
Ensiklopediya.uz
TABIIY HUQUQ