ERKIN KURASH

ERKIN KURASH

ERKIN KURASHsport turi, ikki kishi (sportchi)ning belgilangan qoidalar asosida gʻoliblik uchun olishuvi. Erkin kurash musobaqalari diametri 9 m (yoki oʻlchami 12×12 m) sport maydonida oʻtkaziladi. Erkaklar 55, 60, 66, 74, 85, 97 va 120 kg, ayollar 48, 52, 57, 63, 70, 78 va 78 kg dan ziyod vazn toifalarida kurashadilar. Musobaqalashish vaqti 2 min. dan 3 davra, davralar orasidagi tanaffus 30 sek. dan. Erkin kurashda siltab tortish, qayirib va aylantirib tashlashga, oyoq qismidan ushlab usullar bajarishga ruxsat etiladi. Bajarilgan usullar 5 (sof gʻalaba), 4 (texnik ustunlik yoki chetlatish), 3, 1 ochko bilan baholanadi. Gʻolib toʻplagan ochkolariga koʻra aniqlanadi. Agar qurashchilardan biri 5 ochkoga mos usul bajarsa, 1, 2-davrada ketmaket gʻolib deb topilsa, raqibidan 6 ochko farq bilan oʻzib ketsa, shuningdek, hakamlar, murabbiylar va shifokorlar qaroriga koʻra ham olishuv muddatidan oldin toʻxtatiladi.

Ensiklopediya.uz
ERKIN KURASH