Diareyaga uchramaslik uchun nima qilish kerak?
SSV Matbuot xizmati diareya xastaligiga tashxis qo`yish, uni davolash va oldini olish usullari haqidagi savollar bilan Respublika virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasi bosh shifokori Muhayyo ASILOVAga murojaat qildi.
— Shifokorlar diareyaning turi, sababi va xavflilik darajasini aniqlash uchun qanday tekshiruvlar o`tkazadi?
— Tashxisni aniq qo`yish uchun bemor, avvalo, umumiy qon tahlillarini topshirishi zarur. Bu bilan qondagi bakteriyalar tekshirilib, shifokor diareyaning sababini aytib bera oladi. So`ng bemor axlati tekshiruvdan o`tkaziladi. Agar bu tekshiruvlardan ich ketishining aniq sababini bilish imkoni bo`lmasa, ichakni kolonoskop yordamida tekshirish diareyaning boshqa sabablarini aniqlab beradi.
Uy sharoitida axlat rangiga qarab ham bemor diareyaning qanday turi bilan og`riyotganini aniqlash mumkin. Masalan, uning rangi pushti bo`lsa — dizenteriya, yashil bo`lsa — organizmda stafilokokk yoki salmonellyoz ko`payayotganini anglatadi.
Agar axlat kulrang va ko`pikli bo`lsa, organizmda rotavirus borligi, axlatda yog` va hazm bo`lmagan ovqat qoldiqlari bo`lsa, iste`mol qilgan qaysidir taomi yoqmagani va hazm bo`lmaganini bildiradi.
Aniq tashxis qo`yish uchun esa, albatta, shifokorga murojaat qilish talab etiladi.
— Ushbu xastalikni davolash usullari qanday?
— Ko`p hollarda diareya o`z-o`zidan 1-2 kunda yo`qolib ketadi. Agar siz ovqatlanish tartibingizni o`zgartirsangiz va diareyaga qarshi choralar qo`llashingizga qaramay diareya davom etsa, yuqorida ta`kidlab o`tganimizdek, shifokor huzuriga borishingiz hamda holatingizga ko`ra u sizga to`g`ri muolaja olib borishda yordam beradi.
Bakteriya va ayrim parazitlar sabab kelib chiqqan diareyada antibiotiklar qabul qilish foyda beradi. Agar ich ketishiga viruslar sabab bo`lsa, ulardan bunday preparatlar hech qanday naf bermaydi. Bu holatda boshqa dori vositalari orqali davolash muolajalarini o`tkazish kerak. Davolashning natijadorligini, avvalo, to`g`ri tashxis qo`yish belgilab beradi. Agar diareya ichak kasalliklari bilan bog`liq bo`lsa, mutaxassis (gastroenterolog) sizga yordam beradi.
Diareyadan aziyat chekayotgan kishilarga iliq va toza suv, sho`rva (bulyon), sharbatlar ko`proq ichish tavsiya etiladi. Alkogol va kofeinni iste`mol qilish esa taqiqlanadi. Yarim qattiq mahsulotlar, qotirilgan non, guruch va tovuq go`shti iste`mol qilish zarur.
Resepsiz beriladigan ichak mikroflorasini tiklovchi probiotiklar qabul qilish ham ich ketishidan qutilishingiz uchun foyda berishi mumkin.
— Diareyaga uchramaslik uchun qanday sanitariya-gigiena qoidalariga rioya qilish talab etiladi.
— Qo`llarni tez-tez sovun bilan kamida 20 soniya yuvish tavsiya etiladi. Bu mikroblarning tarqalishiga yo`l qo`ymaydi. Qo`llarni yuvishning iloji bo`lmasa, sanitariya-gigienik vositalardan foydalanish ham mumkin.
Shuningdek, iste`mol qilishdan oldin ozuqa mahsulotlarining eskirmagani, sifatiga ham alohida e`tibor berish zarur.
Bolalarni diareya chaqiruvchi omil bo`lmish rotaviruslarga qarshi emlatish kerak. Buni shifokor maslahati bilan amalga oshirish tavsiya etiladi.
Bir so`z bilan aytganda, sog`lom turmush tarzi talablariga rioya etuvchi insonlarda bu kasallik kamdan kam uchraydi. Bunday kishi kasal bo`lsa ham tezda sog`ayib ketishi shubhasiz.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
Diareyaga uchramaslik uchun nima qilish kerak?