Estetik plastik jarrohlik amaliyotining salomatlikka zarari bormi? Mutaxassis javob berdi
CCV Matbuot xizmatining plastik jarrohlik haqidagi savollariga Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo`lim mudiri Bobur Toirov javob berdi.
— Bugungi kunda ayollar o`rtasida estetik jarrohlik amaliyotiga qiziqish yuqori, — deydi B.Toirov. — Biroq har qanday tibbiy muolajadan oldin bo`lganidek, plastik jarrohlikda ham shifokor har bir bemor bilan individual tarzda suhbat o`tkazishi lozim.
Suhbatda unga operasiya jarayonining kechishi, og`riqsizlantirish uslullari, qilingan amaliyot qanchalik natija berishi va kuzatilishi mumkin bo`lgan asoratlar haqida tushuntiriladi.
Ayrim murakkab operasiyalar bir necha bosqichda o`tkazilishi bois bemor va uning yaqin qarindoshlari bunga ruhiy tayyor bo`lishi zarur. Agar har bir muolaja etuk mutaxassislar tomonidan bajarilsa, operasiyadan so`ng deyarli hech qanday salbiy o`zgarish kuzatilmaydi.
— Plastik jarrohlik amaliyotidan avval bemor qanday tibbiy tekshiruvlardan o`tadi hamda operasiyadan so`ng nimalarga e`tibor berish lozim?
— Har bir plastik operasiyadan oldin bemorlar to`liq klinik va laborator tekshiruvlardan o`tadi. Agar tekshiruv jarayonida qo`shimcha patologiyalar aniqlansa, operasiya tor doiradagi mutaxassislar, ya`ni terapevt, pediatr, anesteziolog, endokrinolog, psixolog ko`rigidan so`ng amalga oshiriladi.
Bemor birinchi navbatda jarrohlik amaliyotidan keyingi asoratlardan ehtiyot bo`lish lozim. Masalan, ayrimlar tanasida operasiyadan so`ng yiringlash kuzatilishi mumkin.
Qolaversa, infeksiyaning organizmga tushishi oqibatida sog`lom to`qimalar yallig`lanadi. Ba`zi hollarda esa yiring o`rni chandig` bo`lib qolishi mumkin. Shu bois, bemor shifokor ko`rsatmalariga to`liq rioya qilishi, har bir muolajani u bilan bamaslahat amalga oshirishi zarur.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
Estetik plastik jarrohlik amaliyotining salomatlikka zarari bormi? Mutaxassis javob berdi