Ko`z kasalliklarining qanday turi aholi orasida ko`p uchraydi?
Ushbu savolga Respublika ko`z kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori Otabek Ikromov quyidagicha javob berdi:
– Hozirgi vaqtda allergik va virusli kon`yunktivitlar hamda kompyuter sindromi kabi ko`z kasalliklari ko`paygan. Aksariyat hollarda ushbu kasalliklarga gigiena qoidalariga rioya qilmaslik, dori vositalarini shifokor maslahatisiz uy sharoitida qabul qilish hamda o`z vaqtida shifokorga murojaat etmaslik oqibatida kelib chiqadi.
Jumladan, dori vositalarining noto`g`ri ishlatilishi allergik asoratlarga olib kelishi va kasallikni og`irlashtirishi mumkin. Masofaviy ish ko`payishi natijasida kompyuterda uzoq vaqt ishlash ham ko`rish o`tkirligiga zarar etkazishi mumkin.
Bunday holatlarning oldini olish uchun ko`z mashqlarini muntazam qilib borish, kompyuterda ishlaganda har 20 daqiqada 20 soniyaga uzoqqa qarab ko`zlarga dam berish lozim bo`ladi.
– Odamlar orasida keng tarqalgan ko`z kasalliklaridan qanday saqlanish mumkin?
– Aholi orasida keng tarqalgan va og`ir asoratlarga olib keladigan ko`z kasalliklarining oldini olish uchun, albatta, yiliga bir marta tibbiy tekshiruvdan o`tib turish kerak.
Naslida ko`z kasalliklari mavjud bo`lgan insonlar esa 35 yoshdan so`ng yiliga 2 marotaba ko`zlarini tekshirtirib turishi talab etiladi. Shundagina kasalliklarni erta aniqlash va samarali davolash mumkin.
Misol uchun, yoshligida glaukoma kasalligi boshlanishi bilan shifoxonamizga murojaat etgan, hozirda o`z farzand va nabiralarini ham tekshiruvga birga olib keladigan, ko`rish o`tkirligi yaxshi saqlangan bemorlarimiz bor. Va aksincha, ko`rish o`tkirligi ancha pasayganda murojaat etgan bemorlar ham bor. Ularda ko`rish nervi qaytarib bo`lmas o`zgarishlarga uchragan. Afsuski, bunday og`ir holatlar kam emas. Shu bois, ko`rish o`tkirligi pasayishini kutmasdan o`z sog`lig`ingizga yoshlikdan e`tiborli bo`lishingizni tavsiya qilamiz.
– Ko`z kasalliklari ko`proq qanday omillarga bog`liq? Ko`z xastaliklariga chalinmaslik uchun nimalarga e`tibor berish lozim?
– Ko`z kasalliklari ichida naslga, yoshga, jinsiga bog`liq bo`lganlari ham, bog`liq bo`lmaganlari ham mavjud. Misol uchun, miopiya yoki glaukomada nasliy faktor muhim ahamiyatga ega. Infeksion ko`z kasalliklarining esa naslga bog`liqlik joyi yo`q.
Ko`z kasalliklaridan saqlanish uchun, avvalo, gigiena qoidalariga qat`iy amal qilish hamda hozirgi axborot texnologiyalari davrida urfga aylangan smartfon, planshet hamda kompyuter vositalaridan foydalanishda me`yorga rioya etish lozim. Shuningdek, o`z vaqtida ko`zlarni tekshirtirib turish hamda dori vositalarini o`z bilganicha emas, faqatgina shifokor tavsiyasi bo`yicha foydalanish tavsiya etiladi.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
Ko`z kasalliklarining qanday turi aholi orasida ko`p uchraydi?