TINDIRGICH

TINDIRGICH

TINDIRGICH (suv xoʻjaligida) — oqim tezligi pasayganda suyuklikdagi muallaq aralashmalar choʻkadigan rezervuar, hovuz, kameralar. Gidrotexnika va sugʻorish sistemalarida Tindirgich kanallardagi loyqa, nasos va turbina parraklarini shikastlaydigan oqiziqlarni choʻktirishga moʻljallangan. Odatda, Tindirgich suv olgich (chiqargich) inshootlari tarkibiga kiradi yoki alohida qilib quriladi. Konstruksiyasi boʻyicha Tindirgich bir yoki koʻp kamerali; unga choʻkkan oqiziqlarni chiqarib tashlash usuli boʻyicha esa uzluksiz yoki vaqtvaqti bilan yuvib turiladigan, mexanik usulda tozalanadigan (zemlesos snaryadi, kanalkazgich, gidromonitorlar yordamida) va aralash usulda ishlaydigan turlarga boʻlinadi. Davriy yuvib turiladigan koʻp kamerali Tindirgich keng tarqalgan (kameralarni isteʼmolchiga suv berishni toʻxtatmagan holda tozalash mumkin). Tindirgichda suvning oqim tezligi 0,2—0,4 m/s. T. dan suv tozalash styalarida oqindi suvlarni tozalashda ham foydalaniladi.

Ensiklopediya.uz
TINDIRGICH