Jigar saratonini xavfsiz davolash texnologiyasi ishlab chiqildi
Tibbiyotda ultratovush imkoniyatlaridan inson ichki a`zolarini tekshirishda keng foydalaniladi. Bu haqda SSV yozmoqda.
AQShning Michigan universiteti olimlari esa bu to`lqinlar yordamida jigar saratonini davolash texnologiyasini yaratdi. Muhimi, mazkur usul radioterapiya va kimyoterapiya muolajalari singari nojo`ya ta`sirlarga ega emas.
Dastlabki tajriba jonivorlarda o`tkazildi. Ultratovush yordamida ulardagi jigar o`simtalari 50 foizdan 75 foizgacha bartaraf etildi. Qolgan qismini esa immun tizimi yo`q qilishga muvaffaq bo`ldi.
Olimlar fikricha, klinik sharoitda ba`zan xavfli o`simtani butunlay olib tashlash mumkin emas. Bu uning tana bo`ylab ko`payishi yoki o`lchami yanada kattalashishiga sabab bo`lishi mumkin.
Tadqiqotchilar ushbu muammoni hal qilish uchun gistotripsiya, ya`ni yuqori intensivlikdagi ultratovush to`lqinidan foydalanish samaradorligini oshirdilar.
“Bizning qurilmamiz orqali yuqori amplitudali ultratovush to`lqinlari o`simtani yo`q qilish uchun yo`naltiriladi, — deydi tadqiqot mualliflaridan biri Chjen Syuy. — Ana shu impulslar o`simta to`qimalarida mikro pufakchalar hosil qiladi. Keyinchalik ular kengayadi va yoriladi. Natijada saraton hujayralari o`limi sodir bo`ladi.”
Mutaxassislar kelgusida yangi texnologiya amaliyotda keng qo`llanila boshlagach, jigar saratonini davolash borasida olamshumul natijalarga erishilishiga umid qilishmoqda.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
Jigar saratonini xavfsiz davolash texnologiyasi ishlab chiqildi