TAVFIQ al-HAKIM
TAVFIQ al-HAKIM (AlHakim Husayn Tavfiq, 1898.9.10, Iskandariya — 1983, Qohira) — arab yozuvchisi va jamoat arbobi (Misr). Arab tili akademiyasi (Qohira) aʼzosi. Qohiradagi Oliy yuridik maktabni tugatgan (1924). Parijda Yevropa xalklari adabiyoti va sanʼatini oʻrgangan. 1927—34 y. larda adliya idoralarida tergovchi. 1943-y. gacha Maorif va Taʼlim vazirliklarida ishlagan. 1959—60 y. da Misrning YUNESKOdagi vakili. Ijodi asosan mustamlakachilikka qarshi kurash, xotinqizlar ozodligi mavzulariga bagʻishlangan. Tavfiq al-hakim alH. arab adabiyotida ijtimoiy turmushni tasvirlovchi birinchi roman («Ruhning qaytishi», 1933) muallifi. «Chaqirilmagan mehmon» (1918), «Yangi ayol» (1924), «Naychi» (1934), «Provinsiya tergovchisining xotiralari» (1937), «Shahrizoda» (1934), «Pigmalion» (1942), «Qamoqxona hayoti» (1964), «Parmachining taqdiri» (1966) kabi nasriy asarlari mashhur. Adabiyot sohasidagi Misr Davlat mukofoti laureati (1961). Uning «Tugʻyon» romani (1974) va ayrim hikoyalari oʻzbek tilida nashr etilgan.
Ensiklopediya.uz
TAVFIQ al-HAKIM