ERKAQORI

ERKAQORI

ERKAQORI, Karimov Erkaqori (1877.17.12, Dangʻara tumani Tumor qishlogʻi — 1954.12.3, Qoʻqon) — ashulachi, askiyachi, Oʻzbekiston xalq hofizi (1944). Katta ashula sanʼatining yirik vakillaridan; shirali, jarangdor ovoz sohibi. Bolaligida kasallik oqibatida koʻzi ojiz boʻlib qolgan. Qoʻqon madrasasida tahsil koʻrgan. Yoshligidan Muqimiy, Furqat, Zavqiy kabi shoirlar bilan ijodiy aloqada boʻlib, oʻzi ham sheʼrlar yozgan. Navoiy, Amiriy, Muqimiy, Kamiy, Haziniy, Charxiy va boshqalarning gʻazallariga moslab katta ashulalar ijro etgan. Shuningdek, Erkaqori repertuaridan mumtoz va zamonaviy ashulalar, maqom yoʻllari, mas, «Davo qilasiz» (Kamiy gʻazali), «Chapandozi Gulyor» (Haziniy), «Yangi bogʻ», «Unutmanglar», «Zamondandir» (Charxiy), «Qoʻqon Ushshogʻi», «Chortoq» va boshqalar oʻrin olgan. Chustiy, Xastadil, Firoqiy singari shoirlar Erkaqori ijodidan ilhomlanib ashulabop sheʼrlar yaratishgan.

Ensiklopediya.uz
ERKAQORI