Bugun, 1 dekabr — Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti hamda BMT bosh Assambleyasining 1988 yilidagi qaroriga asosan, 1 dekabr Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni sifatida nishonlanadi.
OIV infeksiyasi hozirgi kunda barcha mamlakatlar uchun global muammoga aylangan. 2022 yilda dunyoda taxminan 39 million nafar OIV bilan yashovchi odamlar ro`yxatga olingan, ularning uchdan ikki qismi Afrika mintaqasi aholisidir.
Shuningdek, o`tgan yili 630 000 odam OIV bilan bog`liq sabablarga ko`ra vafot etgan va 1,3 millionta yangi OIV yuqish holatlari qayd etilgan.
Bu esa, o`z navbatida inson salomatligi, mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi hamda xavfsizligiga rahna solayotir.
Mamlakatimizda OITSga qarshi kurash tizimi oxirgi yillarda barcha yo`nalishlarda qator yutuqlarga erishib kelmoqda. Bu esa BMTning OIV va OITS bo`yicha qo`shma dasturining dunyo miqyosida tan olingan “95-95-95” strategik maqsadlariga erishishda katta ahamiyat kasb etadi.
So`nggi yillarda butun dunyoda OITSning jinsiy yo`l bilan yuqish darajasi ortib bormoqda. Bu holat, afsuski, mamlakatimizda ham kuzatilyapti. Masalan, o`tgan yili ro`yxatga olingan bemorlarning 79 foiziga kasallik jinsiy aloqa yo`li orqali yuqqanligi gumon qilingan.
JSST tomonidan bemorlarni virusga qarshi davolash kasallikning bosqichidan qat`iy nazar, u aniqlangan kundan boshlanishi zarurligi tavsiya etiladi.
Shu yilning uchinchi choragi yakuniga ko`ra, yurtimizda OIV infeksiyali bemorlarning 83 foizi davolashning dunyoda tan olingan usuli — antiretrovirus muolajalar bilan qamrab olingan. Ular uchun zarur preparatlar xarajatlarining qariyb 80 foizi Davlat byudjeti mablag`lari, qolgan 20 foizi esa xalqaro fondlar hisobidan qoplanmoqda.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
1 dekabr — Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni, Bugun