Olimlar inson ichki a`zolarining qarish tezligini aniqlash usulini topdi
Zararli odatlar, noto`g`ri ovqatlanish, kamharakatlik, ruhiy zo`riqish, yomon ekologik muhit… Bular — turli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi va umrni qisqartiruvchi omillar.
Shu bois tanamizdagi ba`zi organlar o`zimizga nisbatan tezroq qariydi. Bu jarayon har bir ichki a`zoda turlicha kechishi mumkin. Oqibatda ma`lum yoshga etgach, yurak, jigar, buyrak, o`pka, miya singari hayotiy muhim organlar bora-bora o`z funksiyasini bajarolmay qoladi. Bu haqda SSV Matbuot xizmati yozdi.
AQShning Stendford universiteti olimlari inson ichki a`zolarining qarish tezligini aniqlash usulini topdi. Buning uchun 20 yoshdan 90 yoshgacha bo`lgan 1400 nafar ko`ngilli tadqiqot jarayoniga jalb qilindi.
Olimlar klinik sinovlar chog`ida har bir ishtirokchidan qon tahlili namunalarini olib, barcha organlarning biologik yoshini ko`rsatadigan 850 dan ortiq oqsilni aniqladi.
Yakunida 50 va undan katta yoshdagi odamlarning 18,4 foizida kamida bitta organ odatdagidan sezilarli darajada tezroq qarishi ma`lum bo`ldi. Bu, kelgusi 15 yil ichida ushbu ichki a`zoda jiddiy kasalliklar rivojlanish xavfi ortadi, deganidir.
60 yoshdan katta aksariyat ishtirokchilarda esa bir vaqtning o`zida ikki organ tezroq qariyotgani kuzatildi. Bu ularda o`lim xavfi olti yarim baravar yuqoriligini anglatadi.
Tadqiqotchilar, agar miya tez qarisa, 5 yildan keyin xotira 1,8 marta yomonlashadi, yurakning keksayish jarayoni jadallashsa, yurak etishmovchiligi ehtimoli 2,5 baravar oshadi, degan xulosaga kelishdi.
Mutaxassislar fikricha, bu yangi diagnostika usuli ichkiq a`zolarda yuzaga keladigan qator jiddiy kasalliklarning oldini olish imkonini berishi mumkin.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
Olimlar inson ichki a`zolarining qarish tezligini aniqlash usulini topdi