SHIRINBEKA OGʻO MAQBARASI

SHIRINBEKA OGʻO MAQBARASI

SHIRINBEKA OGʻO MAQBARASI — Samarqanddagi meʼmoriy yodgorlik (14-asr oxiri); Shohizinda tarkibida. Amir Temurning singlisi Shirinbeka ogʻoga atab qurilgan. Maqbara ravogʻi ichidagi arabiy bitikda muhim tarixiy hujjat saqlangan (tarjimasi): «Bu qabr malikai muazzama, mukarrama Shirinbeka ogʻo Taragʻay (bek) qiziniki. Ravzasini Alloh nurli etsin. Sana 787» (mil. 1385/6). Maqbara peshtoqgumbazli, bir xonali (ziyoratxona, 6,2×6,2 m), xona toʻrida daxma bor. Ziyoratxona tagida kichikroq sardobagoʻrxona joylashgan. Maqbaraning bosh tarzi serhasham koshinkori bezatilgan, turli naqsh va yozuvlar qoldigʻi saqlangan (qolgan tarzlari bezaksiz). 4 mehrobiy ravoq ustiga gumbaz bogʻlangan; gumbazning naqshlari sopol koshin va gʻishtchalardan terilgan, ranglar uygʻunlashib, juda nafis va serhasham koʻrinadi. Ichki devorlariga tilla halli islimiy naqshlar, qushchalar, manzaralar tasviri ishlangan. Kesma koshin ishlatilgan dastlabki yetuk inshoot boʻlgan Shirinbeka ogʻo maqbarasi shaklu shamoyili, bezaklari jihatidan 14-asr 90-y. larida erishilgan meʼmoriy yuksalishning mukammal namunasi sifatida qadrlidir.

Ensiklopediya.uz
SHIRINBEKA OGʻO MAQBARASI