ShEROBOD

ShEROBOD

ShEROBODSurxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi shahar (1973-yildan), tuman markazi. Sheroboddaryoning oʻng sohilida joylashgan. Katta Oʻzbekiston trakti yoqasida. Termizdan 59 km, yaqin t. y. stansiyasi — Navshahar (42 km). Aholisi 24,2 ming kishi (2000). Sherobod ikki ming yildan ziyod tarixga ega. U Shahri Xaybar deb atalib, makedoniyalik Aleksandr davrida ham mavjud boʻlgan. Arxeologik maʼlumotlarga koʻra, Sherobod yonidagi Jondavlattepa mil. av. 6—5-asrlarga, Sherobodning shim. chekkasidagi Kofirqalʼa shahar xarobasi (mayd. 14 ga) mil. 1-asrga oid, uning arkida oʻrta asrlarda ham hayot davom etgan. Sheroboddan 1 km shim. da, Nondahana darasi yonida mustahkam mudofaa devori bilan oʻralgan manzilgoh joylashgan, u muhim savdo yoʻlini qoʻriqlash maqsadida bunyod etilgan. V. V. Bartoldning taxminicha, Sherobod hoz. nomini 18-asr boshlarida olgan boʻlib, Sheroboddaryoning oʻng sohilida qalʼa qurgan oʻzbeklarning qoʻngʻirot qabilasi hukmdori Sher Ali nomi bilan atalgan. Mahalliy rivoyatga koʻra, «Sherobod» atamasi «Shorabot» — bosh rabot, bosh bekat maʼnosini bildiradi. Sherobod yonida Termiz yoʻlidagi soʻnggi bekat — Roziq raboti (10-asr) bino boʻlgan. Sheroboddaryo oqib keladigan togʻ darasi yoqalab oʻrta asrlarda Turkistonni Afgʻoniston va Hindiston bilan bogʻlovchi muhim savdo yoʻli oʻtgan. 19—20-asr boshlarida Sherobod Buxoro amirligiga qarashli beklik markazi boʻlgan.

Ensiklopediya.uz
ShEROBOD