TOQI SARROFON

TOQI SARROFON

TOQI SARROFON (fors. — sarroflar toqi) — Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik (16-a.), pul almashtiradigan bosh savdo markazi. Shahristonning 2 koʻchasi kesishgan joyda, qad. Shohrud arigʻi ustida sarrolarning doʻkonlari qurilgan. Toqi sarrofon eng kichik gumbazdir. Bino 8 qirrali (tarhi 25×24 m), gumbazining ichki diametri 12 m, tashqi gumbaz (bal. 16,55 m) 4 toqi ustiga oʻrnatilgan, shaharning jan. dagi chorraha ustini berkitib turadi. 16-a. 2yarmida zalning 4 kesik burchaklaridan biriga masjid, boshqasiga Sarrofon hammomi, qolgan 2 tasiga sarrofon doʻkonlari kelib tutashgan. Masjidga kiraverishda «Bu qurilish 1534—35 y. lari Ubaydulla Bahodirxon podsholigi davrida yakunlandi» degan yozuv saklangan. Bu atrofdagi binolarga ham tegishli boʻlishi mumkin. Shayboniylar davrida Buxoro xususiy tadbirkorlik, qarz berish va pul almashtirish markaziga aylangan. Buxoroda sarroflar nomi bilan bogʻliq uylar, savdo gumbazi, karvonsaroy, masjid, hammom va b. mavjud boʻlgan.

Ensiklopediya.uz
TOQI SARROFON