SEMYONOV-TYANSHANSKIY

SEMYONOV-TYANSHANSKIY

SEMYONOV-TYANSHANSKIY (1906-y. gacha Semyonov) Pyotr Petrovich (1827.2.1, hoz. Lipesk viloyati — 1914.26.2, Peterburg) — rus geografi, jamoat arbobi. Peterburg FAning faxriy aʼzosi (1873). Rossiya Geogr. jamiyati vitseraisi (1873 — 1914). Davlat kengashi aʼzosi (1897). Peterburg un-tining tabiiyot boʻlimini tugatgan (1848). 1849-y. dan Sharqiy Yevropa tekisligida ekspeditsiya ishlari olib borgan. A. Ritgerning «Osiyo yer bilimi» asarini rus tiliga tarjima qilgan. 1856—57 y. larda Tyanshan (Tangritogʻ) togʻlarini oʻrganib, uning dastlabki orografik va vertikal zonallik sxemasini tuzgan, katta balandlikdagi qor chegarasida katta muzlik borligini aniqlagan va buni iqlimning quruqligiga bogʻliq ekanligini toʻgʻri tushuntirgan (Tyanshanni ilmiy urganganidan 50 yil oʻtgach, uning familiyasiga «Tyanshanskiy» deb qoʻshib aytiladigan boʻldi). Markaziy Osiyoni tadqiq qilish boʻyicha yirik ekspeditsiyalarni uyushtirishga Semyonov-Tyanshanskiy bevosita yordam koʻrsatgan. Rossiya geografiyasiga oid koʻp jildli asarlar yaratishga rahbarlik qilgan, 700 mingga yaqin hasharot toʻplab, kolleksiya tuzgan. Urta Osiyo va Markaziy Osiyo, Kavkaz, Alyaska va Shpisbergendagi bir necha geografik obyektlar; 100 ga yaqin yangi topilgan oʻsimlik va hayvonlar S. T. nomiga qoʻyilgan; Geogr. jamiyati tomonidan Semyonov-Tyanshanskiy nomli oltin medal taʼsis etilgan.

Ensiklopediya.uz
SEMYONOV-TYANSHANSKIY