SARIQOʻRGʻON

SARIQOʻRGʻON

SARIQOʻRGʻONFargʻona vodiysidagi Soʻx daryosining oʻng qirgʻogʻida, Qoʻqon sh. dan 25 km jan. da joylashgan muhim arxeologik yodgorlik. Rejasi deyarta kvadrat shaklga ega (60×60 m). Dastlab, milod boshlarida uncha katta boʻlmagan qalʼa, soʻngra 7—8-a. larda u kengaytirilib, hoz. saqlangan holatidagi qalʼaqoʻrgʻon qurilgan. Qurilishda paxsa va xom gʻishtlardan foydalanilgan. Yodgorlikning 4 burchagida va 2 yon devorida oraliq burjlar (jami 6 ta) yaqqol koʻrinib turadi. Demak, shahar mudofaasida asosiy eʼtibor 4 tomondagi devorlar va ulardagi burjlar mustahkamligi va mukammalligiga qaratilgan; devor va burjlarda ikki qator shinaklar yasalgan. S. Soʻx vohasining asosiy suv manbai boshlanishida qurilgan qalʼa boʻlib, uning vazifasi suv zaxiralarini nazorat qilish va qoʻriklash edi. Bunday inshootlarni vodiyning Qoradaryo, Quvasoy, Isfarasoy boʻylarida ham tiklaganlar. Sariqoʻrgʻon nafaqat Fargʻona vodiysi, balki Oʻrta Osiyo qalʼaqoʻrgʻonlar meʼmorligini oʻrganishda muhim muhandislik obidasidir.

Ensiklopediya.uz
SARIQOʻRGʻON