SURGI VOSITALARI

SURGI VOSITALARI

SURGI VOSITALARIichak peristaltikasini kuchaytirib, ich yurishini tezlashtiradigan modsalar. Sv. ichak shilliq pardasi retseptorlar (nerv uchlari) iga qitiqlovchi taʼsir koʻrsatadi. Surgi vositalari qabziyatda, odam zaharli moddalardan zaharlanganda ichakni tozalashda, shuningdek, meʼdaichak yoʻllarini tekshirish, operatsiyaga tayyorlash va b. xrllarda qoʻllanadi. Asosan, yoʻgʻon ichakka taʼsir koʻrsatadigan va butun ichak boʻylab taʼsir etadigan Surgi vositalari mavjud. Surunkali qabziyatda, asosan, yoʻgʻon ichakka taʼsir etadigan Surgi vositalari buyuriladi. Ular oʻsimlik (ravoch, itjumrut, sano) preparatlari boʻlib, tarkibida antraglikozidlar tutadi. Kimyoviy tuzilishi va taʼsiri jixatidan antraglikozidlarga oʻxshab ketadigan moddalar — fenolftalein va izofeninlar sintez yoʻli bilan olinadi. Bu guruh vositalari ingichka ichakdagi qazm jarayonini buzmasligi uchun uzoq muddat (yillar mobaynida) qoʻllanilishi mumkin. Ular har kuni yoki kunora, odatda, kechasi uykudan oldin buyuriladi va 8—12 soatdan keyin taʼsir koʻrsatadi. Tarkibida antraglikozidlar tutuvchi preparatlarga odam oʻrganib qolishi mumkin, shuning uchun ularni birini ikkinchisi bilan almashtirib ishlatishga toʻgʻri keladi.

Ensiklopediya.uz
SURGI VOSITALARI