SULTONALI MASHHADIY

SULTONALI MASHHADIY

SULTONALI MASHHADIY (1437 Mashhad — 1520) — xattot, shoir, xat nazariyotchisi; nastaʼliq xati rivojiga va keng tarqalishiga ulkan hissa qoʻshgan. «Sulton ulxattotin» («Xattotlar sultoni») va «Qiblat ulkuttob» («Kotiblar qiblasi») nomli yuksak unvonlar sohibi. Xattotlikka bolaligidan ishtiyoqi baland boʻlgan. Sultonali Mashhadiyning ustozlari — xattot Zahiriddin Azhar va Xoja Hofiz Muhammad. S. M. madrasada taʼlim olgan, soʻng madrasada dars bergan. 1451-y. dan Hirotda yashab, Sulton Abu Said (1451—69) va Sulton Husayn (Husayn Boyqaro, 1469—1506) lar xizmatida boʻlgan. Hirotdagi badiiy muhit — sanʼatkorlar davrasi, ayniqsa, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiylar bilan ijodiy hamkorlik qilish natijasida Sultonali Mashhadiy ustod sanʼatkor darajasiga koʻtarildi (Navoiyning shaxsiy kutubxonasida kitobat ishlari bilan mashgʻul boʻlgan). Ayniqsa, Sultonali Mashhadiyning Navoiy ijodiga munosabati oʻzgacha boʻlib, shoirning aksar asarlarini bir necha nusxalarda koʻchirgan; jumladan, Navoiyning «Ilk devon»ini oʻzi tartib etgan (1465; dastxat nusxasi Rossiya milliy kutubxonasida). Oʻz navbatida ulugʻ shoir ham xattotga chuqur xurmat bilan qaragan, «Majolis unnafois» asarida unga yuqori baho bergan. Sultonali Mashhadiy Hirot xattotlariga rahbarlik qilgan; yosh musavvir Kamoliddin Behzodga. oʻz farzandidek munosabatda boʻlgan; ularning oʻzaro hamkorligi tufayli yuksak darajadagi sanʼat asarlari—qoʻlyozmalar yuzaga kelgan. Sulton Muhammad Hyp, Sulton Muhammad Xandon, Mir Ali Hiraviy, Muxammad Qosim va b. koʻplab xattotlarni tarbiyalagan.

Ensiklopediya.uz
SULTONALI MASHHADIY