ROMANS

ROMANS

ROMANS (ispancha romanice — romancha, roman tiliga oid) — kamer musiqa janri, cholgʻu joʻrligida yakkaxon xonanda ijrosiga muljallangan musiqiysheʼriy asar. Oʻrta asrlar va Uygʻonish davrida paydo boʻlgan Romans 18-a. oxirida keng tarqalgan va aslzodalarning nafis majlislarida ijro etilib kelgan madrigal (ishqiy mavzudagi qofiyasiz sheʼr) ruhidagi qoʻshiqlarni siqib chiqargan. Romans, asosan, kichik hajmdagi, band tizimiga asoslangan, qisqa satrlardan iborat lirik sheʼrlarga kuylangan. Yevropa xalqlari sheʼriyatida Sh. Milvua, E. Parni, rus sheʼriyatida esa V. A. Jukovskiy, A. S. Pushkin sheʼriyatiga yozilgan Romanslar, ayniqsa, mashhur boʻlgan. Romans oʻzbek shoirlari va kompozitorlari ijodiga oʻtgan asrning 40—50-y. larida rus Romans lari taʼsirida kirib keldi. S. Yudakov va b. kompozitorlar A. S. Pushkinning oʻzbek tiliga tarjima qilingan (Mas, «Kuylama, sohibjamol, mening oldimda») sheʼrlariga Romanslar yoza boshladilar. Shunday Romans lardan soʻng oʻzbek musiqasiga rus va Yevropa musiqiy janr hamda shakllarini olib kirish jarayoni boshlangan. 50-y. larda Alisher Navoiy, Hofiz, Fuzuliy, Mukimiy gʻazallariga ham yozilgan. M. Burhonov, S. Yudakov, M. Leviyev, I. Akbarov, S. Boboyev va b. kompozitorlarning Oybek, Hamid Olimjon, Uygʻun, Zulfiya, Turob Tula sheʼrlariga yozgan musiqalari Romansning eng yaxshi namunalaridan. Soʻnggi yillarda R. Abdullayev, M. Bafoyev, F. Alimov, D. Omonullayeva, H. Rahimov va b. kompozitorlar tomonidan Bobur, Nodira, Fitrat va Choʻlpon sheʼrlariga yozilgan Romanslar oʻzbek romansiadasi taraqqiyotida yangi davr boshlanganidan shahodat beradi.

Ensiklopediya.uz
ROMANS